Agar siz biznes bilan shug’ullanishga qaror qilgan bo’lsangiz, boshlang’ich ish sifatida tez tayyor bo’ladigan yemaklar bilan savdo qiluvchi kichik do’koncha, boshqacha qilib aytganda fast-fud nuqtasi ochish haqida o’ylab ko’rsangiz bo’ladi. Ushbu biznes turi haligacha boshlovchi tadbirkorlar uchun qiziqarli bo’lib, buning uchun katta mablag’ talab qilinmaydi. Shuningdek, foydani ham ko’p kutishga to’g’ri kelmaydi.

Hammasi g’oyadan boshlanadi!

Ma’lumki bugungi tezkor hayot ritmi tez tayyor bo’ladigan yemak turlari - barchaga ma’lum xot-dogdan tortib, amerikancha gamburger va xitoycha lag’monga tayyorlaydigan uncha katta bo’lmagan savdo nuqtalariga talab tug’dirdi.

Agar siz o’zingiz istiqomat qiladigan dahadagi gavjum chorraha atrofida bo’sh yotgan biror xonani ko’rib qolgan bo’lsangiz, bu joyda dadillik bilan xot-doglar,  gamburgerlar va koka-kola bilan savdo qiluvchi ovqatlanish shaxobchasini ochishingiz mumkin. Biz bilan suhbatlashgan bunday shaxobchalarining egalarining aytishicha, bu biznesda tajriba qilishdan qochmaslik kerak – ozmi-ko’pmi vaqt o’tgach aynan ushbu joyga to’g’ri keladigan optimal variant topiladi va ishingiz yanada yurishadi. Buning uchun atiga bir-ikki oy ishlab ko’rishning o’zi kifoya.

 

Ishning moliyaviy tomoni

Ko’rinishidan osongina tuyulgan “xot-dog biznesi” ham aslida anchagina mablag’ talab qiladi. Albatta, bu yerda ham ko’p narsa siz boshlagan ishning ko’lamiga bog’liq. Biznesni boshlash uchun o’rtacha 3 so’mdan 10 mln. so’mgacha bo’lgan miqdordagi mablag’ talab qilinishi mumkin.

Ishni boshlashdan oldin uncha katta bo’lmagan biznes-reja tuzib chiqish (albatta qog’ozda!) va ishga qancha pul ketishi, qachon foyda olishni boshlashni taxminan hisoblab chiqqach, loyihani amalga oshirishga kirishish mumkin.

Ekspertlarning so’zlariga ko’ra, ushbu tadbirkorlik turining afzal tomonlaridan biri- uni asta sekin, bosqichma-bosqich rivojlantirib borish mumkinligidir. Masalan, boshida siz faqat xot-dog va koka-kola sotish bilan shug’ullanasiz, buning uchun ko’p bilim va mablag’ talab qilinmaydi. Ishni boshlashda sizga sosiska va sabzovotlarni solishga zarur bo’ladigan mo’jazgina muzlatgich, shuningdek, mikroto’lqinli pechka kerak bo’ladi. Agar ish yurishib, doimiy mijozlaringiz paydo bo’la boshlasa, assortimentni kengaytirish, tayyorlanishi qiyinroq bo’lgan yemak turlari, aytaylik, gamburgerlar yoki shaurma tayyorlashga o’tish mumkin bo’ladi.    

Agar shaxobcha joylashadigan xonani kapital ta’mirlash kerak bo’lmasa (ushbu biznes turida ta’mir xarajatlari eng ko’p mablag’ talab qilishi mumkinligini nazardan qochirmang!), biznesni boshlash uchun ikkidan besh miliongacha mablag’ zarur bo’ladi.

Sohada tajribaga ega kishilarning so’zlariga ko’ra, “xot-dog biznesining” rentabelligi, shahobcha joylashgan yerning gavjumligiga bog’liq holda 20%dan 70%gacha (hatto 100%) bo’lishi mumkin (o’rtacha 50%).  Agar ish yaxshi rivojlanib, doimiy mijozlar orttira boshlasangiz, boshlang’ich sarmoyangizni ikki oyda to’liq qaytarib olib, yana ikki oydan keyin esa, sof foyda olishga o’tishingiz mumkin.

Ko’p narsa, siz o’z shaxobchangizni qayday shaxobcha sifatida rivojlantirishingizga bog’liq. Eng yaxshisi, qaysidir yo’nalishni tanlab (masalan, faqat xot-dog yoki shaurma tayyorlab sotish), uni omilkorlik bilan rivojlantirish kerak. Bu doimiy mijozlar orttirishga imkon beradi. Doimiy mijozlar esa, har qanday biznesning asosi hisoblanadi.

Masalan, faqat bir necha xildagi shaurma va lavash (turkcha yemak turi) tayyorlash bilan shug’ullanadigan shaxobchalar ham mavjud. Toshkent shahrida anchadan buyon faqat tez tayyorlanadigan yemaklar taryyorlashga ixtisoslashgan shaxobchalar tarmoqlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ularning tajribasi, ushbu biznes turida ham tarmoqqa aylanish darajasigacha o’sish mumkinligini ko’rsatmoqda.

Amaliyotning ko’rsaticha, kichik yemakxona ochish loyihasini faqat shaxsiz mablag’ingiz hisobiga ochish maqsadga muvofiqligini ko’rsatmoqda. Agar sizda bu mablag’ bo’lmasa, ota-onangiz, qarindosh urug’laringizdan qarz olishga yoki g’oyangizni qo’llab-quvvatlashga rozi bo’ladigan hamkor topishga urinib ko’ring. Odatda, banklar bunday loyihalarga kredit ajratmaydi.

 

Fast-fud shaxobchasini ochishda nimalarga e’tibor berish kerak?

Birinchi e’tiborga olish kerak bo’lgan narsa – shaxobcha joylashgan yerning qulay joylashgan bo’lishidir. Odam qancha gavjum bo’ladigan joy bo’lsa – shuncha yaxshi! Yaqin 500 metr atrofida maktab, o’quv muassalari, metro bekati, bozorcha, yirik savdo markazlari va boshqalarning bo’lishi yanayam yaxshi (bu ro’yxatga yirik chorrahalar, katta ko’chalar, shohbekatlar, davlat tashkilotlari, ishxonalr tig’is joylashgan joylarni ham kiritish mumkin).

G’oyangizni amalga oshirishga kirishishdan ilgari ushbu sohada amaliy tajribaga ega bo’lgan kishilar bilan maslahatlashib olganingiz ma’qul. Ular sizga birqotor qimmatli maslahatlar berishi mumkin. Chunki amaliyot nazariyadan ancha farq qiladi. Tez tayyor bo’ladigan ovqatlar bilan savdo qiluvchi shahobcha ochishni mo’ljallayotgan massivingizdagi bozorni mustaqil o’rganib chiqish ham maqsadga muvofiq. Bunday shaxobchalar bormi, ularning soni qancha, ular nimalar tayyorlashadi, qo’shimcha nimalar  bilan savdo qiladi, kim sizga raqobatchi bo’lishi mumkin va h.k. savollarga oldindan javob berib ko’ring. Shunda- adashmaysiz. Shuningdek, mijozlarni boshida nima bilan jalb qilishni ham o’ylab ko’ring. 

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, tez tayyor bo’ladigan yemaklar shaxobchalarining mijozlari ro’yxati ancha keng. Unda talaba o’qiuvchilarni, ofis xizmatchilarini, ko’pchilik haydovchilar, o’tkinchi yo’lovchilar va boshqalarni kiritish mumkin. Agar ochilayotgan shaxobcha yaqinida yuqorida sanalgan toifalardan biri ko’pchilikni tashkil qiladigan bo’lsa, aynan shu toifa orasida talab katta bo’lgan yemak turlarini tayyorlashga ixtisoslashib olgan ma’qul. Masalan, o’quv muassalari atrofida oddiy xot-doglar va gamburgerlar koka-kola bilan birgalikda yaxshi sotiladi. O’quvchi yoshidan o’tganlar toifasini esa, boshqa turdagi yemaklar ko’proq qiziqtiradi.

         Sotiladigan mahsulotlarning narxlari shaxobchangizning maqomiga mos bo’lishi zarur. Lekin har qanday holda ham doimiy mijozlar orttirgunga qadar shaxobchadagi narxlar bozordagi o’rtacha narlardan bir oz pastroq bo’lishi kerak.

Ekspertlarning fikriga ko’ra, shavdo shaxobchasining minimal maydoni 4 kv. mert bo’lishi kerak. Hozirda shaffof vitrinalarning urfda ekanligini hisobga olgan holda, shaxobchangizga doimiy ravishda ideal darajada tozalik bo’lishi lozimligini ta’kidlab o’tish kerak. Agar savdo shaxobchangiz sizga doimiy va yaxshigina daromad keltirishini istasangiz, yuvilmagan idish-tovoq, yerda yotgan salat qoldiqlari va shunga o’xshash narsalar shaxobchada mutlaqo bo’lmasligi shart!

Statstikaga ko’ra, fast-fud mahsulotlarini harid qilish haqidagi qarorlarning 50 foizdan ko’prog’i impulsiv ravishda qabul qilinadi. Shu sababli mahsulotlaringiz sifatini doimiy ravishda nazorat qilib boring, agarda siz tayyorlagan lavash kimgadir yoqib qolsa, u buni esdan chiqarmaydi va keyingi safar bu yerga yana bir mijozni boshlab keladi. Shunday qilib, doimiy mijozlarga ega bo’lasiz.

Fast-fud shaxobchasini yuritishda kuniga yangi mahsulotlar (go’sht, pomidor-bodring, ko’katlar va h.k.) harid qilishga to’g’ri kelishini aytib o’tish kerak. Shuningdek, suv va ichimliklar hahiralarini ham vaqti qaqti bilan to’ldirib turish zarur bo’ladi.

Fast-fud shaxobchasi yoniga stol-stul, shamsiya qo’yish maqsadga muvofiqmi? Biz suhbatlashishga muvaffaq bo’lgan soha mutaxassislarining aytishlariga ko’ra, agar shaxobchangiz odamlar ko’p o’tadigan gavjum chorrahada joylashgan bo’lsa, yaxshisi, barlardagi kabi tik turib suyanib turiladigan stoykalar qilgan ma’qul. Bu – mijozlar oqimining tez aylanishiga imkon beradi, ya’ni ular shaxobchada uzoq ushlanib qolmasdan, tezgina qorin to’yg’azib, yeb-ichib oladilar. Bundan tashqari, tik turib tanovvul qilgan kishi ko’proq narsa yeyya olishi va odatda yana nimadir buyurishi isbotlangan.

Lekin shahobchangiz odam kam bo’ladigan yerda joylashgan bo’lsa, mijozlar o’tirishi uchun stol-stullar qo’yish maqsadga muvofiq.

 

Nimalarni tekinga olsa bo’ladi?

Bizga maslahat bergan mutaxassislarning so’zlariga ko’ra, fast-fud yemaklari nuqtalari egalari yirik salqin ichimliklar ishlab chiqaruvchilaridan birqator ko’mak olish imkoniyatiga ega (Coca-Cola, Nestle, Nescafe va mahalliy ishlab chiqaruvchilar). Odatda ushbu kompaniyalar, o’z mahsulotlarining bozordagi sotilish nuqtalarini ko’paytirish va reklama maqsadlarida ichimliklarni saqlash uchun muzlatgichlarni tekinga yoki kredit hisobida berishadi. Bundan tashqari, ushbu kompaniyalar fast-fud shaxobchalarini bezashda ham yordam berishlari mumkin.

 

Fast-fud biznesiga mavsum omili ta’sir qiladimi?

Har qanday biznesda bo’lgani kabi, ushbu biznesda ham mavsumiylik omillari bilan hisoblashishga to’g’ri keladi. Bu biznesda eng yaxshi mavsum – bahor va kuz fasllariga to’g’ri keladi. Yozda talab bir oz pasayadi, lekin ikkinchi tomondan, salqin ichimliklarga bo’lgan talab keskiin oshadi. Faqat shuning o’zi ham sizga yaxshigina foyda olib kelishi mumkin. Va albatta, yozda muzqaymoq bilan savdo qilishni tashkillashtiring, bu ham sizga mijozlar kelishini ta’minlaydi.


Bitta gamburger qanchaga tushadi?

Keling, mavjud ma’lumotlar va ekspertlarimizning maslahatlariga tayangan holda, bitta gamburgerning o’rtacha qiymatini hisoblab chiqishga harakat qilib ko’raylik. Yuqorida ta’kidlaganimiz kabi, turli fast-fud yemaklarining qiymati ko’plab omillarga bog’liq bo’lib, bularga oziq-ovqat mahsulotlarining bahosi (asosiy harajat turi), qo’shimcha mahsulotlarga ketadigan mablag’lar, elektr energiyasi, ish haqi, ijara haqi, soliqlar va h.k. harajatlar kiradi.

Demak, ekspertlarimizning aytishlariga ko’ra, bitta gamburgerga, uning katta-kichikligiga qarab (kichik, o’rta, katta,), o’rtacha 60-100 gr. mol qiymasi sarflanadi. Kotletga o’rtacha 80 gr. go’sht ketdi, deb hisoblaymiz. Go’sht bahosi hozir bozorda o’rtacha narxi qancha va qancha so’mlik mahsulot ishlatiladi? Gamburger yasashda ishlatiladigan yumaloq kulchaning narxi o’rtacha qancha so’mni hamda pomidor-bodring, sous (ketchup), ko’kat harajatlari ham qancha so’mni tashkil qiladi? Shunday qilib, bitta gamurger, tayyorlash, oylik maosh va soliqlarsiz qancha so’mga aylanayapti? Bu harajatlarga necha so’m ketdi, deb faraz qilasiz? Shunda jami harajatlar necha so’mni tashkil qiladi va bugungi kunda bitta gamburgerning narxi shaxobchalarda kamida necha so’m turadi? Demak, bitta gamburger o’rtacha necha so’m sof foyda keltirayotgan bo’lib chiqadi? Rentabellik esa, necha % ni tashkil qildi?          

Ekspertlarning so’zlariga qaraganda, xot-doglar, tez tayyorlanadigan yemaklar orasida eng ko’p foyda keltiradi (bunda rentabellik 70-100% tashkil qiladi). Buning ustiga ularni tayyorlash ham oson, ham kam harajat talab qiladi. Shunigdek, sosiskalar ham go’shtga qaraganda ancha arzon.

Lavashning qiymati gamburgernikiga qaraganda ancha yuqori. O’z navbatida, uning sotilish narxi ham birmuncha yuqori. Soha mutaxasislariing so’zlariga qaraganda, lavash tayyorlab sotishda rentabellik o’rtacha 70-100 foizga teng.

Shunday qilib, fast-fud – tez tayyorlanadigan yemaklar biznesida rentabellik o’rtacha 50 foizni tashkil qiladi. Bu duja yaxshi natija bo’lib, ko’pchilik bizneslar rentabelligidan, masalan, savdodagi rentabellik darajasida ancha yuqori.

  

So’ng so’z o’rnida

Ekspertlarning aytishlariga qaraganda, xot-dog, gamburger, shaurma tayyorlab sotish haligacha foydali biznes turlaridan biri hisoblanadi. Bunday yemak turlariga talab hali qondirilgani yo’q. Ishni boshlash uchun uncha katta mablag’ zarur emas, boshlanishiga  gril qurilmasi va go’sht, salatlarni saqlash uchun muzlatkich bo’lsa kifoya. Lekin shaxobchani to’liq ishga tushirish uchun uni ta’mir qilish, jixozlash kerak bo’ladi, buning uchun esa, eng kamida bir-necha million so’m zarur. Bundan tashqari, xodimlar uchun bir xildagi forma, shaxobcha logotipi solingan yorliq kabi narsalarni ham unutmaslik kerak. Bu sizga qo’shimcha afzallik bo’ladi.

Qayd etish kerakki, hatto uncha katta bo’lmagan shahobchani ochishga ham, xujjatlarni rasmiylashtirishni ham hisobga olgan holda kamida ikki haftadan, bir oygacha vaqt ketishini hisobga olish kerak.

Agar siz hyech kimga keraksiz bo’lib yotgan qarovsiz xonani foyda keltiradigan yemaklar shaxobchasiga aylantira olishingizga ishonsangiz, bugunoq ish boshlashingiz mumkin. Ma’lumki, omad dovyuraklarga kulib boqadi.

Yuqoridagi shahobchalarni ochish uchun hujjatlar va jihozlar bilan birgalikda  quyidagi ishlar amalga oshirilganbo’lishi lozim bo’ladi:

Yuridik shaxs ya’ni, MChJi ro’yxatdan o’tkazilganligi haqida guvohnomasi, SES ruxsatnomasi, shaxobchani ta’mir qilish ishlari,  ijara haqi, elektr toki o’tkazish ishlari,  shaxobchaga gaz o’tkazish ishlari,  zararkunandalarga qarshi ishlov berish ishlari, go’sht mahsulotlari uchun muzlatgich, oynali muzlatgich, mikroto’lqinli pechka (2 dona), ichimliklar uchun muzlatgich, kassa apparati, shaurma tayyorlash qurilmasi, vitrina, o’t o’chirish balloni,  inkassasiya va  xodimlar (2 kishi) dan iborat bo’lishi kerak.