Xo’jalik nizolarini hal etishda

Da’vo arizasi hamda uning shakli va mazmuni haqida tushunchalar

O’ZBEKISTON RESPUBLIKASINING XO’JALIK PROSESSUAL KODEKSIDAN:

15-BOB. DA’VO TAQDIM ETISh

112-modda. Da’vo arizasining shakli va mazmuni

Da’vo arizasi xo’jalik sudiga yozma shaklda beriladi. U da’vogar yoki uning vakili tomonidan imzolanadi.

Da’vo arizasida quyidagilar ko’rsatilishi kerak:

1) ariza berilayotgan xo’jalik sudining nomi;

2) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning nomi, ularning pochta manzillari;

3) agar da’vo baholanishi lozim bo’lsa, da’voning bahosi;

4) da’vo talablariga asos bo’lgan holatlar;

5) da’vo talablarining asoslarini tasdiqlovchi dalillar;

6) undiriladigan yoki nizolashilayotgan summaning hisob-kitobi;

7) da’vogarning qonun hujjatlarini dalil qilib keltirgan talablari, da’vo bir necha javobgarga nisbatan taqdim etilganda esa — ularning har biriga qo’yilgan talablar;

8) nizoni javobgar bilan sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligi to’g’risidagi ma’lumotlar, agar bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo’lsa;

9) ilova qilinayotgan hujjatlar ro’yxati.

Da’vo arizasida da’vogarning yoki uning vakilining telefonlari, fakslari raqamlari, elektron manzili ko’rsatilishi mumkin.

Da’vo arizasida, agar nizoni to’g’ri hal qilish uchun zarur bo’lsa, boshqa ma’lumotlar ham, shuningdek da’vogarda mavjud iltimosnomalar ko’rsatiladi.

113-modda. Da’vo arizasining va unga ilova qilinadigan hujjatlarning nusxalarini yuborish

Da’vogar da’vo taqdim etganda ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga da’vo arizasining va unga ilova qilingan, bu shaxslarda bo’lmagan hujjatlarning nusxalarini yuborishi shart.

114-modda. Da’vo arizasiga ilova qilinadigan hujjatlar

Da’vo arizasiga quyidagilarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi:

1) belgilangan tartibda va miqdorda davlat boji to’langanligini (agar da’vogarning manfaatlarini ko’zlab adliya organlari, prokuratura organlari hamda hududiy savdo-sanoat palatalari sudga ariza bilan murojjat qilsa, u holda davlat boji undirilmaydi);

2) da’vo arizasining va unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari yuborilganligini;

3) nizoni javobgar bilan sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligini, agar bu shu toifadagi nizolar uchun qonunda yoki shartnomada nazarda tutilgan bo’lsa;

4) da’vo talablariga asos bo’lgan holatlarni.

Agar da’vo arizasi da’vogarning vakili tomonidan imzolangan bo’lsa, uning da’vo taqdim etishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi.

Shartnoma tuzishga majbur etganlik to’g’risidagi arizaga shartnoma loyihasi ilova qilinadi.

115-modda. Bir nechta da’vo talabini birlashtirish va ajratish

Da’vogar o’zaro bog’liq bo’lgan bir necha talabni bitta da’vo arizasida birlashtirishga haqli.

Xo’jalik sudi ayni bir shaxslar ishtirok etuvchi bir turdagi bir necha ishni bitta ish yuritishga birlashtirishga haqli.

Xo’jalik sudi bir yoki bir necha birlashtirilgan talabni alohida ish yuritishga ajratishga haqli.

Xo’jalik sudi ishlarni birlashtirish va talablarni alohida ish yuritishga ajratish to’g’risida ajrim chiqaradi.

 

 

XO’JALIK SUDLARIGA DA’VO ARIZASINING

NAMUNAVIY ShAKLI

 

Shuni aytish joizki, da’vo arizada asosan arizachi har bir holat yuzasidan Xo’jalik sudiga  o’zining da’vo qilishdan maqsadini qisqa va lo’nda qilib, mavjud qonunchiligimizda belgilangan tartib-qoidalar va ularning qay darajada buzilganligi  ko’rsatib o’tilishi lozim bo’ladi.

 

 

 

                                                                                                                                                                To’rtburchakli tamg’a

                                                                                                                                                                         (shtamp)                                                                                      _______________ xo’jalik sudiga     

Da’vogar:_____________________________

____________________________________

(tashkilotning to’liq nomi, pochta rekvizitlari

                                                                       yoki da’vogarning F.I.Sh., yashash joyi, yakka         

tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tgan sanasi va  joyi)

 

Javobgar: __________________________

____________________________________

(tashkilotning to’liq nomi, pochta rekvizitlari

                                                                           yoki javobgarning F.I.Sh., yashash joyi, yakka          

                                                                                     tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tgan sanasi va joyi)

 

Da’vo bahosi (Summasi)_________ so’m

                                                                                          Davlat boji ___________so’m

 

DA’VO ARIZASI

(Da’vo talabining mazmuni, bunda da’vogar ko’rsatilgan xizmatlar, yetkazib berilgan mahsulotlar va h.k. bilan birgalikda da’vo summasini ko’rsatib o’ndirish to’g’risida deb, masalan:

“Yetkazib berilgan mahsulotlar uchun 126 000 000 sumni undirish to’g’risida” deb yozish kerak bo’ladi)

 

“____”________da_______________________ va ____________________________ o’rtasida__-sonli shartnoma (shartnoma predmeti) tuzilgan. Unga ko’ra javobgar o’ziga __________________________ (majburiyatni mazmuni, muddati va h.k.) majburiyatlarni olgan.

Da’vogar tomonidan javobgarga “___”___ dagi __-sonli shartnomaning shartlarini bajarish tartibida o’z vaqtida xizmat (bajarilgan ishlar, tovarlarni yetkazish va h.k.) ko’rsatilganiga qaramay, javobgar hozirgi kunga qadar ko’rsatilgan xizmat (bajarilgan ishlar, tovarlarni yetkazish va h.k.) haqini to’lamadi.

Javobgarning asosiy qarzi so’mni tashkil qiladi (qonunchilik normalari va shartnoma shartlariga muvofiq da’vo talablarini hisobini berish).

“___”___ dagi __-sonli shartnomaning ___ bandiga ko’ra shartnoma bo’yicha to’lov muddatining buzilishi uchun  har bir kechiktirilgan kun uchun _____ miqdordagi neustoyka tarzidagi javobgarlik belgilangan.

“___ “_____dan   “___ “_____gacha kechiktirilgan vaqt ____ kunni, qarz summasi ____ so’mni tashkil qiladi. Ko’rsatilgan vaqt uchun neustoyka summasi  ____ so’mni tashkil qiladi.

“___ “_____ da –son bilan yuborilgan talabnomaga munosabat bildirmadi.

Yuqoridagilarga asosan (O’zbekiston Respublikasining Xo’jalik prosessual Kodeksining tegishli moddalari yoki boshqa bir qator normativ hujjatlarning tegishli moddalarini ko’rsatgan holda) qo’llab, quyidagi da’volardan tegishlilarini, Masalan,

1. Javobgardan“___”___ dagi __-sonli shartnoma bo’yicha ____ so’m miqdoridagi asosiy qarzni undirib berishni;

2. Javobgardan ____ so’m miqdordagi neustoykani undirib berishni;

3. Javobgardan ____ so’m miqdordagi davlat bojini undirib berishni;

4.Da’vo talablarini ta’minlash maqsadida mol-mulkini xatlashni va h.k. larni so’rayman deb murojjat qilish mumkin.

 

Masalan, ilovada quyidagilar ko’rsatilishi lozim:

1. “___”___ dagi __-sonli shartnoma nusxasi.

2. Da’vogar o’z talablari va e’tirozlarini asoslantirayotgan hujjatlar ( tovar nakladnoylar,mol-mulkni qabul qilish akti, bajarilgan ishlar, ko’rsatilgan xizmatlarni topshirish akti va h.k.).

3. “___”___ dagi __-sonli talabnoma nusxasi.

4. Talabnomaga berilgan javob nusxasi (agar bor bo’lsa).

5. Da’vo talablarining hisob-kitobi.

6. Yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro’yxatdan o’tganlik haqidagi guvohnoma nusxasi.

7. Davlat bojini to’laganligini tasdiqlovchi hujjat.

8. Ishda qatnashuvchi shaxslargi da’vo arizasining yoki unga ilova qilingan hujjatlarning nusxalari yuborilganligi haqidagi bildirish xati.

9. Da’vo arizasi da’vogar vakili tomonidan imzolangan bo’lsa, uning da’vo taqdim etishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi ishonchnoma.

10. Ko’chirmalar.

11. Neustoyka hisob-kitobi.

12. Javobgarga da’vo arizasi nusxasini yuborganligi haqidagi pochta kvitansiyasi.

 

Da’vogar (Da’vogar vakili)

 

________________________________

 

________________________________

(imzo)

 

 

M.O’.