Mavlonov Feruz Oblakulovich

Samarqand iqtisodiyot va servis instituti

Ijtimoiy fanlar kafedrasi o'qituvchisi

 

O‘zbekistonda oila muhofazasini amalga oshirishning o‘ziga xos xususiyatlari mavjud bo‘lib ular fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro bog‘langan. Mahallalar oildagi ijtimoiy holatlari aniqlashda hamda eng birinchi yordam ko‘rsatadigan idora bo‘lishi zarurdir. Oila jamiyat tayanchi ekanligini unutmasligimiz lozim. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, oʻtgan yili yurtimizda ikki yuz mingdan ortiq oila FHDYO roʻyxatidan o‘tgan. Ushbu holatlarni inobatga olib, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyevning “Biz maʼnaviy hayotimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni keng qaror toptirishda tobora kuchayib borayotgan, bizning milliy tabiatimiz, urf-odatlarimizga mutlaqo zid boʻlgan har qanday zararli taʼsirlar, buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi turishda, azaliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda oilani mustahkam tayanch deb bilamiz”[1], degan so‘zlari ortida qanchalik oilalarning jamiyatdagi o‘rni va obro‘sini orttirish kerakligini anglab olsak bo‘ladi.

Bugungi kunda oilalarimizdagi turmush tarzimizdan bexabar, dunyoqarashi bizga mutlaqo yot bo‘lgan “doʻstlarimiz” oʻzlarining g‘ayriqonuniy manfaatlarini amalga oshirish yo‘lida turli xil ijtimoiy tarmoqlar shuningdek virtual o‘yinlar ta’sirida ko‘plab oilalarda salbiy holatlarham afsuski uchrab turibdi. Eng avvalo bu kabi holatlarning oldini olishda oiladagi sog‘lom muhit hamda mahalla, maktabgacha ta’lim tashkilotlari shuningdek maktablar alohida o‘rinda turadi. Mana shu tashkilotlarning o‘zaro hamkorlikda ishlashi bola tarbiyasi, xususan barkamol shaxs tarbiyasi uchun zarurdir. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 228-son 15.04.2020 yildagi qarori mazmun mohiyatida ham oilaning jamiyatdagi nufuzini yanada mustahkamlash haqida barcha ma’limotlar keltirib o‘tilgan:

- “xavfsiz mahalla” tamoyilini to‘laqonli va samarali joriy etish, oila va mahallalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish;

- xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, ularning bandligini ta’minlash, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ro‘li va faolligini oshirish;

- keksalar va faxriylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarga moddiy ko‘maklashish hamda ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash;

- aholini oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka keng jalb etish hamda ularning tomorqa yerlaridan samarali foydalanishga ko‘maklashish;

- fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

- yoshlarni ma’naviy boy va jismonan sog‘lom etib tarbiyalash, ularning bandligini ta’minlash, yosh avlodni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini, keksa avlod vakillarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining davlat va nodavlat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorligini mustahkamlash choralarini ko‘radi”[2]. Shuningdek; o‘tgan pandemiya davrida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-apreldagi 213-f-sonli qarori bilan “Mehr-muruvvat va qo‘llab-quvvatlash” jamg‘armasi tashkil etildi. Ushbu fonddan tushadigan mablag‘lar pandemiya davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj ko‘p bolali oilalarni, qariyalar va nogironlarni pul mablag‘lari, iste’mol tovarlari, dori vositalari va boshqa zarur mahsulotlar bilan ta’minlash uchun yo‘naltirilgan. Karantin sharoitlarida yurtimizning barcha hududlarida turli xil xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Bundan ko‘rinib turibdiki xalqimiz boshiga kelgan bu baloga ham birdek qarshi tura oldik. Mana shunday og‘ir vaziyatda ham hukumatimiz idora tashkilotlari mahallalardagi yashash sharoiti o‘g‘ir oilalarga moddiy va ijtimoiy-ma’naviy ko‘maklar berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 27.08.2020 yildagi “Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joylari bilan ta’minlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 521-son qarori mazmun mohiyatida ham oilalarni ijtimoiy ahvolidan hamda jamiyatdagi faol ishtirokidan kelib chiqib, imtiyozli uy joylarni uzoq muddatga berish tizimi qay darajada ishlayotganligi ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2017-yil 15-iyun kunda “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash-davr talabi” mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek “Turmush qurgan yoshlar orasida hayotni yengil-yelpi tasavvur qilish, oila muqaddas ekanini tushunib yetmaslik holatlari ham, afsuski, uchrab turibdi. Yosh oilalar orasida arzimas sabablar bilan ajralishlar ko‘payib bormoqda. Begunoh bolalar yetim bo‘lib, mehr va e’tiborga eng tashna vaqtida ota-ona tarbiyasidan chetda qolmoqda”[3] degan so‘zlari barcha oilalarning davlat va jamiyat oldida ajralmas muhim bo‘lagi ekanligining yana bir dalilidir. “Taraqqiyot strategiyasida inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgan ijtimoiy himoya siyosati bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida:

- 2026-yilga qadar ehtiyojmand aholi ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olinsh;

- kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etish;

- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, jumladan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” bilan integratsiya qilish;

- ayollarga pensiya hisoblashda ularning bolani parvarishlash ta’tilida bo‘lish vaqtining hammasini jamlaganda ish stajiga qo‘shib hisoblanadigan 3 yillik davrni 6 yilga oshirish;

- mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqilib, moliyaviy imkoniyatlari kengaytirish”[4] va shu kabi masalalar Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida mustahkamlab keltirib o‘tilgan. Yurtboshimizning ushbu fikrlari juda dolzarb va bugungi kundagi asosiy yechimini topishi lozim bo‘lgan muammolardan biridir. Olib borayotgan tadqiqot ishlarimiz natijasida, tushinmovchilik va turli xil kelishmovchiliklar natijasida juda ko‘p oilalarda ajrim holatlari uchramoqda. O‘tgan yillardagi yurtimiz aholisini qisqacha raqamlar orqali tahlil qiladigan bo‘lsak. “2022-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra O‘zbekistonning doimiy aholisi 35 million 433 ming 772 kishini tashkil etgan. Bu haqida Davlat statistika qo‘mitasi xabar berdi. Doimiy aholining 17 million 607 ming 934 nafari ayollar, 17 million 825 ming 838 nafari erkaklardir. 2022-yilning 1-aprel holatiga doimiy aholi tarkibidagi erkaklar soni ayollar sonidan 217 904 nafarga ko‘p. Ma’lum qilinishicha, 1991-yilda O‘zbekistondada doimiy yashovchi aholining 50,6 foizini ayollar tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich hozirda 49,7 foizni tashkil etmoqda. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2022-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, doimiy aholi soni 35 271,3 ming kishini tashkil etib, 2021-yil 1-yanvarga nisbatan 712,4 ming kishiga yoki 2,1 foizga ko‘paygan. 2021-yilda O‘zbekiston bo‘yicha 305 082 ta nikoh, 39 227 ta nikohdan ajralish holatlari qayd etilgan”[5].

Davlatning oilani muhofaza qilish borasidagi asosiy vazifasiga ham to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, davlat oilalarda vujudga keladigan munosabatlarni qonuniy huquqiy hujjatlar orqali tartibga soladi shuningdek, oila kodeksida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlarni vujudga kelish shartlari va tartibini mustahkamlab belgilab beradi. Bugungi tez sur’atlar bilan oʻzgarib borayotgan davrida ham Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotini hamda kelajagini oilalarni mustahkamlash, ularga zarur shart sharoitlar yaratib berish, shuningdek ularning farovonligini ta’minlash orqali erishishi mumkinligini yuqoridagi fikrlarimizni mustahkamlaydi. Milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiq qolgan holda barchaga namuna bo‘la oladigan oilalarni barpo etish hozirgi kunning davlat siyosati darajasidagi muhim ustuvor vazifasidir. “Oʻzbekiston oilalarini mustahkamlash gʻoyasi atrofida birlashtirish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirib borish, mamlakatda faqat sogʻlom oila-sogʻlom jamiyat ustuni boʻla olishini aholi ongiga singdirish, ilmiy-innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish orqali oila institutini mustahkamlash mamlakatimizda bu borada mutlaqo yangi bosqichdagi saʼy-harakatlar boshlanganidan dalolat beradi. Xususan, oilani mustahkamlash va rivojlantirish, oilalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash, jamiyatda eng ibratli oilaviy anʼanalarni saqlab qolish hamda targʻibot qilish masalalari boʻyicha hududlarda qator fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borilmoqda. Misol uchun, zamonaviy muvaffaqiyatli oila mezonlari qanday boʻlishi kerak, degan mavzuda respublikamizning turli viloyatlarida 800 dan ortiq oilalarda ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazilib, yakuniy natijalar boʻyicha zamonaviy oilaning modeli ishlab chiqildi.

Tadqiqot oʻtkazilgan oilalar vakillarining fikrlariga koʻra, oiladagi sogʻlom va barqaror, osoyishta psixologik muhit; yuksak maʼnaviy-axloqiy tarbiya; yetarli darajadagi iqtisodiy va maishiy sharoitlar; oila aʼzolarining taʼlim yoʻnalishida oliy maʼlumotlilik darajasi; sihat-salomatlikka alohida eʼtibor qaratish zamonaviy namunali oilaning asosiy mezonlari qatoriga kiradi”[6]. Har bir oilada farzand tarbiyasiga ota ona birdek mas’uldir. Bizda esa asosan ayollar farzandalar bilan uyda qolishi hamda ularga tarbiya berishga ko‘proq vaqt ajratishini inobatga oladigan bo‘lsak mas’uliyat darajasi muhimroq sanaladi. Farzandni sog‘lom dunyoga keltirish hamda uni kelajakda jamiyatga foydasi tegadigan, mehnatkash, iymon-e’tiqodi mustahkam qilib tarbiyalash mushkuldir. Shu bois, eng avvalo ota-onaning o‘zini ham ma’naviy, hamda psixologik jihatdan bilimga ega bo‘lishi muhim omil sanaladi. Inson o‘z kasbini puxta egallashi hamda vijdonan mehnat qilishi uchun ilm o‘rganish qanchalik zarur bo‘lsa, teran fikrlaydigan vatanparvar insonlarni tarbiyalash uchun ham shunchalik muhim.

“O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida, boshqa davlat hududida o‘sha davlatning qonun hujjatlariga rioya qilingan holda Respublikamiz fuqarolari o‘rtasida tuzilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘rtasida tuzilgan nikohlar, agar respublikamiz qonunida nazarda tutilgan nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar bo‘lmasa, O‘zbekiston Respublikasida nikoh haqiqiy deb topiladi. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida chet el fuqarolari o‘rtasida boshqa davlat hududida o‘sha davlatning qonun hujjatlariga rioya qilingan holda tuzilgan nikohlar O‘zbekiston Respublikasida haqiqiy deb e’tirof etiladi. Nikoh vujudga kelganligini isbotlaydigan nikohni qayd etish dalolatnomasi er va xotinning hamda nikohdan tug‘ilgan bolalarning shaxsiy va mulkiy huquqlarini muhofaza qilishni ta’minlaydi. Nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma zaruriy hollarda, bola tug‘ilganda unga ism va otalikni belgilashda, sudning ajrim xulosasidan keyin aliment undirilishida shuningdek, meros va nafaqa pullarini tayinlashda yuzaga keladigan huquqlarni rasmiylashtirishda taqdim etiladi”[7].

Xalqaro miqyosda nikoh shartnomasi o‘zining uzoq tarixiga ega. “Tarixiy rivojlanish jarayonida ko‘pgina Yevropa davlatlarida nikoh shartnomasi qo‘llanib kelingan. Masalan, Fransiyaning “Napoleon kodeksi”da ham nikoh shartnomasiga to‘xtalib o‘tiladi. Hozirda Fransiya Fuqarolik kodeksida 1-kitob, Germaniya Fuqarolik kodeksida 4-kitob, Shveytsariya Fuqarolik Kodeksida 11-kitob, Angliyada “Nikoh to‘g‘risida”gi qonunda oila munosabatlari yoritilgan bo‘lib, unda nikoh shartnomasi masalalariga ham to‘xtab o‘tilgan”[8]. Nikoh shartnomasi odatda er va xotin o‘rtasida tuzilgan shartnomada ko‘rsatilgan muddat tugagandan keyin yoki ikkala tomonning o‘zaro roziligi bilan nikohdan ajratilgandan keyin tugatiladi. Yevropa davlatlari misolida AQSh qonunchiligiga to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, “nikoh kontraktida amalda hamma narsa, nafaqat er-xotinning mulkiy huquqlari balki majburiyatlari ham nazarda tutilishi mumkin. Faqat bolalar tarbiyasida ishtirok etish va ajralishdan so‘ng bolalar er-xotindan qaysi biri bilan qolishini belgilash mumkin emas, xolos. Binobarin, adabiyotlarda qayd etilishicha, Amerika sudlari nikoh kontrakti shartlari qanchalik adolatli ekanligini hal qilish huquqiga ega”[9]. Bir qator rivojlangan Yevropa davlatlaridagi kabi nikoh shartnomasini O‘zbekiston Respublikasi Oila qonunchiligi bilan o‘zgartirish yoki bekor qilish xususida to‘xtaladigan bo‘lsak, “Nikoh shartnomasi er-xotinning kelishuvi bilan istalgan vaqtda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin. Nikoh shartnomasi qanday shaklda tuzilgan bo‘lsa, uning o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi ham shunday shaklda amalga oshiriladi. Nikoh shartnomasini bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi. Nikoh shartnomasi er-xotindan birining talabi bilan O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida belgilangan asoslar va tartibda sudning hal qiluv qarori bilan o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

Nikoh tugatilgan paytdan boshlab nikoh shartnomasining amal qilishi ham tugaydi, nikoh shartnomasida nikoh tugatilganidan keyingi davr uchun nazarda tutilgan majburiyatlar bundan mustasno”[10]. Oiladagi muhit jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotida ham ta’sir doirasi keng bo‘lgan omillardan hisoblanadi. Darhaqiqat, oilani atroflicha o‘rganish, oila haqidagi statistik ma’lumotlarni umumlasdhtirgan holda ularga huququqiy baho berish tizimini yanada takomillashtirish bugungi tahlikali zamonning muhim ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

“Nikoh oilani mustahkamlashning asosi bo‘lib, avvalambor, bolalar tarbiyasi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan tarbiya o‘chog‘idir. Shuning uchun ham qonuniy tuzilgan nikohdan davlat manfaatdor bo‘lib, undan ajralish jamiyat manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu boisdan ham nikoh-oila masalasi er-xotinning shaxsiy ishi doirasidan chetga chiqadi. Oilada oilaviy munosabatlar qanchalik to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, uning shunchalik mustahkam bo‘lishi, bu, o‘z navbatida, jamiyatning ham mustahkamlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi amaliyotda sinovdan o‘tgan omillardandir. Ana shu holatlarni e’tiborga olgan davlatimiz nikoh, uni tuzish tartibi va shartlari, nikohdan ajralish, nikohni haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq munosabatlarga befarq bo‘lmay, ularni tartibga soluvchi huquqiy asoslarni belgilab qo‘ygan. Nikoh oilaning vujudga kelishida birdan-bir asos bo‘lgani bois, u faqat axloq normalari bilan emas balki maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinishi oila davlat himoyasida bo‘lishini huquqiy ta’minlaydi”[11].

O‘zbekiston Respublikasi Oila Kodeksi 18-moddasiga asosan “Nikoh fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida ro‘yxatga olingan paytdan boshlab nikohni tuzganlar er-xotin deb hisoblanadilar va shu paytdan e’tiboran ular o‘rtasida er-xotinlik huquq va majburiyatlari vujudga keladi”[12].

Respublikamizda har bir oila va har bir insonning yashash sharoiti, turmush darajasining farovonligi, oiladagi muhitni mustahkamlashga qaratilgan aniq maqsadli ishlar amalga oshirilishi borasida ko‘plab vazifalar amalga oshirilib kelinayotganligi, davlatimiz tomonidan ko‘plab ehtiyojmand oilalarga belgilangan grafik bo‘yicha doimiy g‘amxo‘rlik ishlari, oilalarga har taraflama ijtimoiy-iqtisodiy yordam berish, rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalangan holda demokratik huquqiy davlatni barpo etish kabi muhim vazifalarga ham oilaning ta’siri qanchalik muhimligi xususida tadqiqot ishimizda to‘xtalib o‘tdik. Oilalarga davlatimizning g‘amxo‘rligi va moddiy yordamini amalga oshirishda respublikamizdagi demografik vaziyat (aholi soni), shuningdek eng birinchi navbatda yashash sharoiti o‘ta og‘ir bo‘lgan oilalarga zaruriy ko‘mak berishlishi asosiy o‘rinda bo‘lishi lozim.

Oilalardagi iqtisodiy qiyinchiliklarga oila a’zolarining shaxsiy ishi deb ularni o‘z holiga tashlab, ularga kerakli yordamlarni bermaslik keyinchalik kattaroq muammolarga sabab bo‘lishi mumkin. Bugungi bozor iqtisodiyoti sharoitida serfarzand, kam ta’minlangan oilalarga, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qismiga, ota-onasiz bolalarga, yosh bolali yolg‘iz oilalarga davlat va jamiyat yordamini kuchaytirish talab etiladi.

Huquqiy jihatdan oilaviy munosabatlar yuridik xarakterdagi munosabatlar hisoblanadi. Oilaviy munosabatlarni yuridik normalar bilan shuningdek, qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Bazi hollarda davlat tomonidan majburiy qoidalar orqali ham oila a’zolarining xulqiga ta’sir etish hollari kuzatiladi. Bu kabi holatlardan ko‘zlangan maqsad oilani jamiyatda o‘rnatilgan tartib qoidalar bilan yaqindan tanishtirish hamda ular tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni oldini olishdir. O‘z o‘rnida oilaviy huquqiy munosabatlar kelib chiqishiga zamin yaratiladi. Ushbu munosabatlar faqatgina nikoh qayd etilganda vujudga kelib qolmaydi balki ushbu munosabatlar nikohdan tashqari ham vujudga kelishi mumkin. Xususan, turmush qurmagan ayol yoki uylanmagan erkak tomonidan bolani farzandlikka olish bunga misol bo‘la oladi. Yolg‘iz uylanmagan yoki turmushga chiqmagan shaxs tomonidan bolalarni doimiy asrab olganda ham oilaviy-huquqiy munosabatlar vujudga kelishi mumkin.

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, 27.06.2018-yildagi PQ-3808-sonli qarorida oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish bo‘yicha quyidagilar ilgari surilgan.

“Oilalarga ta’sirchan metodik, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatishning samarali tizimini yaratish:

1. Demografiya, sotsiologiya, oilaviy psixologiya, ijtimoiy faoliyat bo‘yicha kadrlarni tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish tizimini takomillashtirish;

2. Fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasi faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish, nizolashish arafasida va nizoli vaziyatda bo‘lgan oilalar bilan ishni tashkil qilishning yangi shakllari va usullarini joriy etish;

3. Oilalarga tadbirkorlik faoliyati asosida ijtimoiy va psixologik yordam berishga qaratilgan xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish;

4. Oilalar bilan ishlaydigan mutaxassislar uchun oilalarga ta’sirchan uslubiy, konsultativ va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida professional tizimini ishlab chiqish;

5. Og‘ir turmush sharoitida qolgan shaxslarga mo‘ljallangan ijtimoiy moslashuv markazlari va “Ishonch telefonlari” faoliyatini takomillashtirish”[13].

O‘zbekistonda oila muhofazasini amalga oshirish natijasida bugungi Yangi O‘zbekistonni birgalikda qurish yo‘lida oilaning o‘rni hamda oilalarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlar hamda oilaviy munosabatlarda keng jamoatchilikning befarq qoldirmasligi shuningdek, davlat idora tashkilotlarining mahallalar bilan birgalikda faoliyat olib borishi lozim.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi to‘g‘risida NIZOM O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.04.2020 yildagi 228-son qaroriga asosan;
  2. O‘zbekiston Respublikasi Sh.Mirziyovevning “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash muqaddas dinimiz sofligini asrash davr talabi” mavzusidagi anjumanda so’zlagan nutqi 15.06.2017-y;
  3. 3.     O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, 28.01.2022 yildagi PF-60-son 2022-2026-yillarga mo’ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyyot strategiyasi to’g’risida Farmoni
  4. https://hozir.org/2-mavzu-oila-vatan-ichra-vatan-oila-baxt-qorgoni.html
  5. https://xs.uz/uz/post/oila-zhamiyat-va-davlat-himoyasida
  6. Oila huquqi darslik. Imomov Nurillo Fayzullayevich, Babayev Djahongir Ismailbekovich, Shorahmetova Umida Shoakbarovna, Topildiyev Bahrom Rahimjonovich, Mehmonov Qambariddin Miradhamovich Toshkent. TDYU 2016-y. 58-b.
  7. Oila huquqi darslik. Imomov Nurillo Fayzullayevich, Babayev Djahongir Ismailbekovich, Shorahmetova Umida Shoakbarovna, Topildiyev Bahrom Rahimjonovich, Mehmonov Qambariddin Miradhamovich Toshkent. TDYU 2016-y. 30-bet
  8.   Sullivan B.K. Do you need a Prenuptial Agreement. ://www.womenof.com  
  9.   Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 22.10.2021-y., 03/21/723/0983-son; 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son; 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son


[2] O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi to‘g‘risida NIZOM O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.04.2020 yildagi 228-son qaroriga asosan.

[3] O‘zbekiston Respublikasi Sh.Mirziyovevning “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash muqaddas dinimiz sofligini asrash davr talabi” mavzusidagi anjumanda so’zlagan nutqi 15.06.2017-y

[4] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining, 28.01.2022 yildagi PF-60-son 2022-2026-yillarga mo’ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyyot strategiyasi to’g’risida Farmoni

[7] Oila huquqi darslik. Imomov Nurillo Fayzullayevich, Babayev Djahongir Ismailbekovich, Shorahmetova Umida Shoakbarovna, Topildiyev Bahrom Rahimjonovich, Mehmonov Qambariddin Miradhamovich Toshkent. TDYU 2016-y. 58-b.

[8] Oila huquqi darslik. Imomov Nurillo Fayzullayevich, Babayev Djahongir Ismailbekovich, Shorahmetova Umida Shoakbarovna, Topildiyev Bahrom Rahimjonovich, Mehmonov Qambariddin Miradhamovich Toshkent. TDYU 2016-y. 30-bet

[9] Sullivan B.K. Do you need a Prenuptial Agreement. ://www.womenof.com  

[10] Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 22.10.2021-y., 03/21/723/0983-son; 14.03.2022-y., 03/22/759/0213-son; 18.05.2022-y., 03/22/770/0424-son

[13] https://lex.uz/ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev Toshkent sh., 2018-yil 27-iyun, PQ-3808-son qaroriga 1-ilova.