Jamiyatimizda millatlararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy e’tiqodidan qat’iy nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo’nalishlaridan biri sifatida belgilangan.

Bugungi kunda bag’rikenglik insoniyat tomonidan erishilgan eng katta yutuqlardan biridir. Bundan keyingi taraqqiyot uchun ham u muhim omillardan bo’lib qolaveradi.

Bag’rikenglik o’zbek xalqiga xos bo’lgan chinakam islomiy fazilatdir. U samimiyat, ochiq muloqot hamda vijdon va e’tiqod tufayli vujudga keladi. Shuningdek, u faqat ma’naviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag’rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani jahon hamjamiyatining diqqatini tortdi. Mazkur hujjat ko’p o’tmay BMTning 73-sessiyasida a’zo davlatlar tomonidan yakdillikda qabul qilindi va 50 dan ortiq mamlakat bu rezolyusiyaga hammuallif bo’lish istagini bildirdi. 

     2017-2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasida millatlararo totuvlik va diniy bag’rikenglikni ta’minlash, yon-atrofimizda xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo’shnichilik muhitini rivojlantirish, yurtimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan bo’lib, bu bilan millatlararo munosabatlar rivojida yangi bosqich boshlandi. 

Hukumatimiz rahbariyati barcha fuqarolarimizga diniy marosimlarini, ibodatlarini emin-erkin ado etishlari uchun lozim bo’lgan barcha shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Dinimizning asosi – Qur’oni karimda ham bag’rikenglik keng targ’ib qilingan.

Yurtimiz mo’min-musulmonlari bu an’analarga sodiq qolib, diniy va milliy totuvlikka katta hissa qo’shib kelmoqdalar. Mamlakatimizda turli dinlar vakillari yagona maqsad – Vatanimiz O’zbekistonning yanada gullab-yashnashi yo’lida birlashmoqda. Dinimizning bag’rikenglik fazilatini o’rganar ekanmiz, gap borib aslida odob-axloqqa borib taqalishini ko’ramiz. Biroq bugun nima  uchun musulmon birodarlar bir-biri bilan urush qilyapti? Hazrati Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam butun odamzotga yaxshi muomala qilishni buyurganlar. Demak, dinimizning javhari, asl mohiyati ham inson zotini sevish ekan.

 Xalqimizga  xos bag’rikenglik ham o’zining qadimiy  ildizlariga ega. Mamlakatimizda bag’rikenglik va insonparvarlik madaniyatini yuksaltirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, fuqarolar totuvligini ta’minlash, xorijiy mamlakatlar bilan do’stona, teng huquqli munosabatlarni mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo’nalishlaridan biri sanaladi.

Shubois siyosiy  barqarorlik va  millatlararo  totuvlikni ta’minlashda, fuqarolarimizda yagona Vatan  tuyg’usini  shakllantirishda,  yurt istiqboliga daxldorlik hissini kamol toptirishda xalqimizning bag’rikenglik xislati asosiy omil bo’lib xizmat qilmoqda.

 Diniy bag’rikenglik hamisha diniy zamindagi adovatga qarshi o’ziga xos qalqon vazifasini o’tagan. U turli e’tiqodlarning bir zamon va makonda birgalikda mavjud bo’lishiga, o’zaro hamkorlik va hamjihatlikning shakllanishiga yo’l ochgan. Bu esa o’z navbatida yurt tinchligi va taraqqiyotiga, umuminsoniy madaniyat va ma’naviyatning keng rivojlanishiga xizmat qilgan.

 Hozirgi vaqtda mamlakatimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek, teng huquqlilik hamda o’zaro hamjihatlik sharoitida yashab kelishmoqda. Ularning huquq va erkinligi, manfaatlarini ta’minlash, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, an’ana hamda qadriyatlarini saqlash, rivojlantirishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgan. Bunday e’tibor natijasida ko’p millatli xalqimizning boy tarixiy-madaniy merosi qayta tiklandi va qadr topdi.

Insoniyat tarixida kishilar orasidagi teng huquqlilikning buzilishiga, o’zaro ziddiyatlarga sabab bo’luvchi omillardan biri bu turli din vakillarining boshqa dinga e’tiqod va amal qiluvchilarga diniy ayirmachilik asosida qarashi, o’z diniga bo’lgan tarafkashlik tuyg’usi, o’zga dindagi kishilarga boshqacha nazar bilan qarashlaridir. Mana shunday qarashlar oqibatida bugun dunyoning turli davlatlarida har xil nizo va qarama- qarshiliklar yuzaga kelayotir. Diniy bag’rikenglik aynan mana shu hodisalarning oldini olishda  juda muhim sanaladi. 

Istiqlol yillari Vatanimizda yashayotgan turli xalqlar o’rtasida o’zaro hurmat, teng huquqlilik va hamjihatlikni mustahkamlashga, uning qonuniy asoslarini yaratishga jiddiy e’tibor qaratildi. Ushbu tamoyillar O’zbekiston Konstitusiyasi va barcha qonunlarimizda aniq va qat’iy muhrlab qo’yildi. Jumladan, Konstitusiyamizning 4-moddasida O’zbekiston davlati o’z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odat va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivoji uchun sharoit yaratishi alohida ko’rsatib o’tildi. Konstitusiyamizning 18-moddasida esa mamlakatimizning barcha fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga egaligi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqyeidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi belgilab qo’yildi.

Yaxshi bilamizki, Vatanimiz qit’alararo madaniy-tijoriy aloqalarni yaxshilashga xizmat qilgan Buyuk Ipak yo’lining qoq markazida joylashgan. Bu yerda turli xalqlarning milliy an’ana va urf-odatlari o’zaro uyg’unlikda rivojlangan. Demak, o’zbekona bag’rikengligimizning ildizlari juda qadim zamonlarga borib taqaladi va bu borada biz hamisha jahon ahliga namuna bo’lib kelganmiz.

 Hozirgi vaqtda diyorimizda Respublika baynalmilal madaniyat markazi faoliyat olib bormoqda. Ushbu markazning bugungi kundagi asosiy vazifasi millatlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, mamlakatimizdagi turli millat vakillarining milliy-ma’naviy urf-odat va an’analarini saqlab qolishga ko’maklashish, bag’rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga qaratilgan tashabbuslarini qo’llab-quvvatlashdan iborat ekanligini alohida e’tirof etish lozim. Yurtimizning qator shahar va tumanlarida turli xalqlarning milliy-madaniy markazlari tashkil etilgan. Bu markazlar har xil millat farzandlarining o’ziga xos do’stlik koshonasiga aylangan. Respublikamiz ta’lim muassasalarida esa o’quv dasturlari o’zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, turkman, qirg’iz va boshqa qardosh xalqlarning tillarida olib borilmoqda. Radio va televideniyelar o’z eshittirish va ko’rsatuvlarini bir necha tillarda uzatadi. Shuningdek, 10 dan ortiq tillarda gazeta va jurnallar nashr etilmoqda. Tabiiyki, bu yerda har xil millat vakillari o’zlariga ko’rsatilayotgan beqiyos g’amxo’rliklarga javoban davlat boshqaruvi ishlarida, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy hayotda faol va erkin qatnashmoqdalar.

Dunyoda milliy-etnik munosabatlar tobora murakkablashib, hatto eng ilg’or davlatlarda ham oz sonli millat vakillarini kamsitish, xo’rlash va siqib chiqarish holatlari kuzatilayotgan bir davrda diniy bag’rikenglik,  totuvlik, o’zaro hamkorlik masalasi mamlakatlarning tinchligi va taraqqiyoti uchun eng muhim tamoyillardan biri bo’lib xizmat qiladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni qoidalarining hayotga tatbiq etilishi mamlakatda millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo’yicha yaxlit tizimni rivojlantirish, milliy madaniy markazlar uchun yanada qulay va keng imkoniyatlar yaratish, ularning bunyodkorlik tashabbuslari va intilishlarini qo’llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

Turli dinlarga e’tiqod qiluvchilarning bir jamiyatda diniy bag’rikenglik, dinlararo o’zaro hamkorlik tamoyillari asosida, tinch-totuv va teng huquqli tarzda hayot kechirishlari avvalo shu jamiyat gultoji bo’lgan insonlarga bevosita bog’liqdir. Shunday ekan, har birimiz jamiyatdagi o’zaro hurmat, mehr-oqibat va bag’rikenglik kabi oliyjanob fazilatlarni qaror toptirishda, ajdodlardan meros milliy va umumbashariy qadriyatlarimizni davom ettirishda o’z hissamizni qo’shaylik.

 

Aktam To’rayev