Turizm to’g’risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (O’RQ–549, 18.07.2019 y.) – deya «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali xabar beradi.

Qonun bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo’mitasi turizm sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Jismoniy va yuridik shaxslarga turizm obyektlari to’g’risida ma’lumot beruvchi hamda ularni targ’ib qiluvchi turistik axborot markazlari tashkil etiladi.

Qonunga muvofiq, turoperatorlik va turagentlik faoliyati, shuningdek sayohatlar tashkil etishga doir boshqa faoliyat turistik faoliyat hisoblanadi.

Turoperatorlar va turagentlar faoliyati lisenziya asosida amalga oshiriladi.

Lisenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi.

Ekskursiya xizmatlari ko’rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor bo’lgan jismoniy shaxslarga turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun lisenziya olish talab qilinmaydi.

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yo’riqchi-yo’l boshlovchilar Qo’mita tomonidan beriladigan sertifikat olganidan keyin, yuridik shaxs tashkil etmasdan mustaqil ravishda xizmatlar ko’rsatishi mumkin.

Qonunga muvofiq, Qo’mita O’zbekistonning Milliy turistik belgisini ishlab chiqadi.

Mazkur Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o’tgach kuchga kiradi.

 

Bilasizmi?

Hukumat qarori bilan (597-son, 17.07.2019y.) BMTning Bola huquqlari to’g’risidagi Konvensiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlashga bag’ishlangan Tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Mazkur Tadbirlar dasturidan ta’lim tizimining barcha bosqichlarida bola huquqlari sohasidagi ta’limni takomillashtirish, ta’lim tizimi organlarining rasmiy saytlarida bola huquqlari sohasida ma’rifatga qaratilgan o’quv sahifalarini tashkil etish, bola huquqlari sohasida davra suhbati, seminar, xalqaro forum o’tkazish, darslik, o’quv qo’llanmalari chop etish kabi tadbirlar o’rin olgan.

 

Bilasizmi?

Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalarini faqatgina  “E-IJRO AUKSION”da elektron auksionlarda ishtirok etish orqali olish mumkin.