“Huquqiy axborot” kanalining 2019 yil 3 iyuldagi xabariga ko’ra,oxirgi paytlarda ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlarda insonlarning shaxsiy hayotiga tegishli ma’lumotlar, xabarlar va shuning asosida xulosalar tarqatish uchramoqda.

Adliya vazirligi yagona davlat huquqiy siyosatini olib boruvchi tashkilot sifatida quyidagilarga e’tibor qaratish lozim deb hisoblaydi.

O’zbekiston Konstitusiyasining 25-moddasida har kimning erkinlik va shaxsiy daxlsizligi, 27-moddasida shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish huquqi kafolatlangan.

“Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to’g’risida”gi Qonunga muvofiq, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotdan foydalanishga yo’l qo’yilmaydi.

“Ommaviy axborot vositalari to’g’risida”gi qonunga asosan, OAV orqali fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanadi.

 “Jurnalistlik faoliyatni himoya qilish to’g’risida”gi qonunning 6-moddasiga ko’ra, o’z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog’ida jurnalist shaxsning huquqlari va erkinliklarini hurmat qilishi shart.

Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksga asosan shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to’g’risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig’ish yoki tarqatish, eng kam ish haqining qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

Adliya vazirligi shaxsiy daxlsizlik huquqi Konstitusiya bilan himoyalanishini va bu kafolatni hyech kim poymol eta olmasligini tushuntiradi va barcha axborot makoni ishtirokchilarini shu huquqlarni hurmat qilishga va qonunlarga rioya etishga chaqiradi.

Zero, huquqiy davlat va ozod jamiyatning negizida shaxsning daxlsizligi huquqiy jihatdan eng markaziy ahamiyatga egadir.