Hozirgi globallashuv sharoitida jahon miqyosida bo’layotgan ijobiy va salbiy o’zgarishlar mamlakatimizda yashovchi xalqlarning mafkuraviy immunitetini bir tizim shaklida shakllantirish va ularning hayotiy bardoshlilik qobiliyatlarini oshirish orqali o’zligini saqlab qolish va rivojlantirish masalasini kun tartibiga qo’ymoqda. Mamlakatimizda mafkuraviy immunitet tizimining obyektini 33 millionga yaqin o’zbek xalqi, uning subyektini esa ana shu xalq vakillari tomonidan mafkuraviy bilim, his-tuyg’u, iroda ko’nikma, malakaga ega bo’lgan shaxslar, ijtimoiy guruhlar tashkil etadi. Shu tariqa o’zbek xalqi real makon va zamonda bir tomondan mafkuraviy immunitet tizimining obyekti, ayni vaqtda o’ziga xos bo’lgan bilim, ko’nikma, iroda, malakalariga qarab subyekti hisoblanadi.

Mafkuraviy immunitet tizimini shakllantirish va rivojlantirish vositalari juda ko’p, shular ichida kitobxonlik alohida ajralib turadi. Bu xususda mamlakatimiz Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev: “Inson ma’naviy olamini boyitishda ulkan ta’sirga ega bo’lgan kitob haqida  so’z ochilgan ekan, shu bilan bog’liq muhim bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Ya’ni, bugungi kunda jamiyatimizda kitobxonlik darajasi qanday? U bizni qoniqtiradimi? Kim keyingi paytda qaysi kitobni o’qidi, farzandimizga qanday kitob olib berdik?

Afsuski, ko’p xollarda bu savollarga ijobiy javob berishimiz qiyin. Odamlarning ongu tafakkuri, dunyoqarashini o’zgartirish, ma’naviy saviyasini yuksaltirish haqida ko’p gapiramiz. Asosan bu borada eng oddiy va ayni paytda eng ta’sirchan vosita – bu kitob emasmi?

Men shunga aminman – kitobsiz taraqqiyotga, yuksak ma’naviyatga erishib bo’lmaydi. Kitob o’qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi bo’lmaydi

Albatta, hozirgi vaqtda axborot kommunikasiya sohasi shiddat bilan rivojlanmoqda, televideniye, radio, Internet, kompyuter, mobil telefon kundalik hayotimizdan chuqur joy olmoqda. Biz ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, mamlakatimizda yoshlarning kitob o’qishga bo’lgan qiziqishini kuchaytirish, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratishimiz kerak.

Ta’lim-tarbiya muassasalari, idora va tashkilotlar, mehnat jamoalarida shu masala bo’yicha turli tanlov, festival va aksiyalar kitob bayramlarini tashkil etishimiz kerak. Mavjud axborot-resurs markazlarini boyitish, kutubxonalar yo’q joylarda ularni tashkil etishimiz kerak. Ota-bobolarimizdan qolgan yaxshi an’analarni davom ettirib Navoiyxonlik, Boburxonlik, Mashrabxonlik kechalari o’tkazsak, kerak bo’lsa, badiiy asarlarni televideniye o’qitishni yo’lga qo’ysak”, degan edi.

Darhaqiqat, kitob – bilimmanbai sifatida jamiyat taraqqiyotida yuksalishi haqida insonlar dunyoqarashi, tafakkuri rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etib borgan tarixiy taraqqiyot jarayonida har bir davrda yashagan buyuk zotlar, mutafakkirlar tomonidan ijtimoiy hayotning turli sohalari bo’yicha yaratilgan ma’naviy boyliklar kitoblarda aks etib, asrlar davomida avloddan avlodga meros tarzida o’tib, unda ilgari surilgan g’oyalar doimo obyektiv zaruriyati asosida yoshlar tomonidan o’zlashtirilib,qayta ishlanib, zamon ruhida moslashtirilib, ijodiy tarzda rivojlantirish negizida, yangi-yangi kitoblarning yaratilishiga zamin yaratilib borilavergan. Yaratilgan bu kitoblardan odamlar ma’naviy-ruhiy quvvat olib jamiyat taraqqiyotida o’z hayotiy yo’lini topib, bunyodkorlik, yaratuvchilik ishlarida doimo faol ishtirok etib kelganlar. Insonlarda bilim o’z-o’zidan paydo bo’lmaydi. Kitoblarda aks etgan bilimlarni o’zlashtirish, mutolaa qilish asosida yoshlar tafakkurida bilim hosil bo’ladi. O’rta asr Sharq mutafakkiri so’fizmning yirik vakili bo’lgan Al- G’azzoliyning (1058-1111) ilmlarni egallashda kitoblarning o’rni to’g’risida qiziq rivoyati mavjud.

Al-G’azzoliy dastlabki ta’limni Nishopurda (Eronda) oladi. Shundan keyin Al-G’azzoliy bilimini yanada chuqurlashtirish maqsadida Bog’dodga keladi, chunki o’sha davrlarda ilmlarning turli sohalari bo’yicha markaz Bog’dodda bo’lgan. Bog’dod madrasalarida o’sha davrning mashhur allomalari to’plangandi. Bog’doddagi madrasada o’qish jarayonida ilohiyotchilik falsafasiga doir ko’plab kitob manbalarini o’qib o’rganadi. O’sha davrlarda ham madrasada o’qiydigan toliblarga ma’lum muddatdan keyin dam (ta’til) berarkan. Ta’til vaqtida Bog’dod shahridan Xurosonga ketayotgan karvonga qo’shilib oladi, chunki karvonni qaroqchilardan qo’riqlaydigan qo’riqchilar ham bo’lgan.

Karvon bilan qo’shilib ketayotganda karvonga qaroqchilar hujum qilib, karvondagi mol-mulklarni tortib oladi. Qaroqchilar Al-G’azzoliyning ham otini tortib oladi. Shunda G’azzoliy yig’lab otimni olsalaring ham mayli, lekin xo’rjinimni qaytarib beringlar deydi. Shunda ular G’azzoliyni qaroqchilar boshlig’ining oldiga olib boradi. Qaroqchilar boshlig’i xo’rjiningda nima bor, deydi. Xo’rjinimda bilimim, kitoblarim bor, deydi. Shunda qaroqchilar boshlig’i kulib, o’z kuniga yaramagan xo’rjindagi bilim kimga kerak. Xo’rjinni va kitoblarni qaytarib beringlar, degan ekan. Qaroqchilar boshlig’ining bu gapi Al- G’azzoliyga juda qattiq ta’sir qilibdi. Bog’dodga qaytib borib, xo’rjindagi kitoblarni qaytadan juda berilib qattiq mutolaa qilibdi, natijada kitobdagi bilim va g’oyalar Al- G’azzoliy miyasiga shunday o’rnashibdiki, uni birovlar ololmaydigan darajagacha yetibdi, ya’ni miyaga nashq kabi singibdi.

Faylasuf olimlar J.Ya.Yaxshilikov, N.E.Muhammadiyevlar 2017 yil “FAN” nashriyoti tomonidan chop etilgan “Milliy g’oya – taraqqiyot strategiyasi” monografiyasida kitoblarning jamiyat taraqqiyotidagi o’rni haqida Yevropa mutafakkirlarining qiziqarli fikrlarini keltiradi, hamda kitob har qanday bilimning joni va yuragi, fanning ibtidosi ekanligini ta’kidlaydilar.

Sveyg Stefan (1881-1942) – Avstriyayozuvchisi. Kitob – fikrlash qobiliyatimizni harakatga keltiruvchi ixchamgina quroldir; u aqliy tanballigimiz bilan kurashishimizda bizga ko’maklashuvchi tafakkur quvvatidir

Fage Emil (1847-1916) – fransuz tarixchi olimi. Kitoblar qalbni yoritadi, insonni yuksaklikka ko’taradi va kuchiga kuch qo’shadi, unda eng yaxshi orzu-istaklarni uyg’otadi, aqlni charxlaydi va yurakni yumshatadi.

Tekkerey Uilyam Maykpas (1811 -1863) – ingliz yozuvchisi. Kitoblar aql farzandlaridir.

Svift Jonatan (1667-1745) – ingliz yozuvchisi. Kitoblar donishmandlarni yoyish qurolidir.

Komenskiy Yan Amos (1592 -1670)- chex donishmandi. Kitoblar orzu istak tug’diradi, uni hayotga chorayli, kishini fikrlashga majbur etadi, muhokamalarda mustaqil bo’lish qobiliyatini tarbiyalaydi.

Strumilin Stanislav (1877 -1973) – rus iqtisodchi olimi. Kitob eng olis va zimiston umr yo’llarida insonga nur bag’ishlab turuvchi sehrli chiroqdir.

Upit Andrey (1877 -1970) – latish yozuvchisi. Kitoblar mangulik xususiyatiga ega. Ular inson faoliyatining eng umrboqiy mevalaridir. Kitoblar bizni yaxshi jamiyat sari yetaklaydi, bizni barcha zamonlarning buyuk aql egalari bilan tanishtiradi. O’smir aqlida chuqur iz qoldiruvchi kitob odatda ko’pincha inson hayotida butun bir davrni tashkil qiladi. Yaxshi kitob hayotning beqiyos ganch hazinalaridan biridir.

Kitobning kishilar hayotidagi o’rni haqida bunday oliyjanob fikrlarni ko’plab keltirish mumkin. Darhaqiqat, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, “Hozirgi kunda O’zbekistonimizning kitob fondlarida yuz mingdan ziyod qo’lyozma asarlar saqlanmoqda. Bu nodir kitoblar hali to’liq o’rganilmagan, ular olimlar va o’z o’quvchilarini kutib turibdi. Bu kitoblarda ... Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib beradigan, barcha odamlarni ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo’lida birlashishga da’vat etadigan teran ma’noli fikr va g’oyalar bugun ham o’z qimmati va ahamiyatini yo’qotgan emas. ... ularni har tomonlama o’qish va o’rganish xalqimiz avvalo, ynib-o’sib kelayotgan yoshlarimizga yetkazish bo’yicha, yetarli ish qilmaganimizni ham ochiq tan olish kerak. Biz diniy jaholatga, zararli oqimlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerakligi haqida ko’p gapiramiz. Bu to’g’ri albatta. Lekin ma’rifat, ma’rifiy bilimlar qayerda, avvalo ota-bobolarimiz bizga qoldirib ketgan mana shunday mo’tabar kitoblarda emasmi?”.

Darhaqiqat, kitob o’qish yoshlarning aqliy salohiyatini rivojlantirib, jamiyatda yuz berayotgan mafkuraviy jarayonlar ichidan oqini oqqa, qorasini qoraga ajratish imkonini beradi va shu asosda kishilarning mafkuraviy immunitetini shakllantirish va rivojlantirishning asosiy vositalaridan biri hisoblanadi.Mamlakatimiz aholisining kitobga bo’lgan ehtiyojini qondirish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 yanvarda “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ’ibot qilish bo’yicha komissiya tuzish to’g’risida” Farmoyishi qabul qilingan bo’lib, unda kitob mahsulotlarini tayyorlash, aholining kitobxonlik madaniyatini shakllantirishni yo’lga qo’yish borasida chora tadbirlar ishlab chiqish va uni amalga oshirish bo’yicha strategik vazifalar belgilab olindi. Bu chora- tadbirlarning amalga oshirilishi shubhasiz yoshlarda mafkuraviy immunitetning shakllanishi va rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

J.Ya.Yaxshilikov-SamDU professori