Farzandingiz muvaffaqiyatga erishishi uchun barcha zaruriy ko'nikmalarni olyaptimi? Bloger Larri Kim bunday shaxsiy xislatlar ro'yxatini keltirib o'tdi.

Bolalaringiz uchun faqat eng yaxshisini ravo ko'rasiz.

Tasavvur qiling. Qizingiz yoki o'g'lingiz o'z g'oyasini ko'p millionlik biznesga aylantirmoqda va bu jarayondan o'zi ham ulkan zavq olyapti.

YouTube-kanali millionta obunachiga ega, milliardlab marta tomosha qilinib, 1,3 million dollardan ortiq daromad keltiradigan Evan haqida eshitgansiz. Evan bor-yo'g'i to'qqiz yoshda. Bu esa ko'plab misollardan biri.

Mashhur tadbirkorlarning ko'pchiligi millionerga aylanganida 20 yoshga ham to'lmagan.

Farzandingiz ham umidli tadbirkorlardan biriga aylanadimi?

Ba`zida ayrim kishilar aynan shu maqsadda tug'ilgandek tuyulsa ham ota-onalar farzandlariga yangi Stiv Jobs yoki Elizabet Xolmsga aylanishda yordam beradigan bir necha qimmatli saboqlarni bera olishadi.

Farzandingiz badavlat tadbikor bo'lmagan, dunyoni o'zgartirmagan taqdirda ham u o'zi tanlagan hayot yo'lida bu ko'nikmalar unga foydali bo'ladi.

Bu sakkiz ko'nikma nimadan iborat? Ota-onalarga farzandlari harakatlarini kuzatish imkonini beruvchi Pumpic ilovasi asoschilari bolaga buyuk yetakchi bo'lib ulg'ayishda yordam beradigan xislatlar ro'yxatini taklif etishdi.

Ruhiy barqarorlik: bolalarga o'z his-tuyg'ularini namoyish etishga ruxsat bering. Ularning hislarini cheklamang.

Innovatsion fikrlash va ijodkorlik: bolalar o'ynasin – jarayon davomida ular o'z ijodiy qobiliyatlarini maksimal darajada ishga solishadi.

Qat`iyat: bolalarda mustaqillikni rivojlantiring. Buning uchun ularga vazifalar bering va ularni bajarsa, mukofotlang. Ular uchun namunaga aylaning va vaqtni besamar o'tkazmang.

Qiziquvchanlik: farzandlaringizni yangi qiziqishlarini rag'batlantiring. Bir muddat gadjyetlardan chalg'ib, ular bilan muzey, dam olish markazlariga boring.

O'ziga bo'lgan ishonch: bolalarni shaxsiy fikrga ega bo'lishga o'rgating. Ularga qarorlar qabul qilish imkonini bering. Bu sizning pozitsiyangizga to'g'ri kelmasa ham bolalar tanlovni amalga oshirib, uning oqibatlaridan saboq olsin.

Empatiya: bolaning individualligini hurmat qiling. Unga o'z tuyg'ularini ochiq bayon etishiga yordam bering.

Optimistlik: ijobiy tafakkurni rivojlantirish uchun bolalarga ezgulik va ilhom baxsh etuvchi hikoyalarni so'zlab bering.

Bo'lishish ko'nikmasi: tumaningizni obodonlashtirishda farzandlaringiz bilan birga ishtirok eting.

Balki aynan shu foydali ko'nikmalar sabab farzandingiz «halok bo'layotgan» sanoatni jonlantirishi, yetuk musiqachiga aylanishi va boshqa birov tomonidan yaratilgan mahsulotga o'zgachalik berib, millionlarni ishlab topishi mumkindir.

Yaxshi ota-onalar farzandiga ilhom beradi. Siz ularni muvaffaqiyatga erishish uchun qo'ldan kelgan bari ishlarni amalga oshirishga o'rgatyapsizmi? Shunga umid qilamiz. Dunyo uchun berishimiz mumkin bo'lgan eng yaxshi narsa – bu yetakchilarning yangi avlodi.

Manba kun.uz saytidan olingan