1-sentabr sanasida O‘zbekiston sport delegatsiyasi Indoneziyaning Jakarta hamda Palembang shaharlarida 2 hafta davomida bo‘lib o‘tgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini yakunladi. Musobaqaning so‘nggi kunida boks bo‘yicha musobaqalarning final jangida qatnashgan 7 nafar bokschidan 5 nafari oltin, 2 nafari esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston delegatsiyasi esa musobaqada 21 ta oltin, 24 ta kumush hamda 25 bronza — jami 70 ta medal bilan umumiy reytingda beshinchi o‘rinni egalladi.

Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov shu munosabat bilan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tashakkurnoma yo‘lladi, deb xabar beradi tashkilot matbuot xizmati.

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida Osiyo o‘yinlari nihoyasiga yetib bormoqda. Ushbu musobaqa O‘zbekiston sporti uchun har tomonlama muvaffaqiyatli o‘tdi. Biz barcha jabhalarda rekordlarni yangiladik. Medallar soni bo‘yicha ham, sifati bo‘yicha ham o‘zbek sporti tarixidagi eng yaxshi Osiyo o‘yinlari bo‘ldi. Qolaversa, musobaqa davomida sizning farzandlaringiz Osiyo o‘yinlari rekordlarini ham yangilashdi. Svetlana Radzivil balandlikka sakrash bo‘yicha uch karra Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylanish bilan bir qatorda, 2010-yilda o‘zi o‘rnatgan rekordni yangilay oldi. Shuningdek, Ruslan Nurudinov og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo o‘yinlarining yangi rekordchisiga aylandi. Qolaversa, Vadim Menkov baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha to‘rt karra Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi. Bu borada Vadim o‘zbekistonlik sportchilar ichida ushbu natijaga erishgan birinchi sportchi bo‘ldi.

Jakarta va Palembang shaharlarida farzandlaringiz sharafiga 21 marotaba Ona vatanimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz sarbaland ko‘tarildi. Osiyo o‘yinlari davomida 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumiy hisobda 70ta medalga ega chiqdik va Osiyo o‘yinlari tarixida o‘zbek sporti uchun yangi sahifa ochdik.

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Ushbu yutuqlar zamirida sizning sportchilarga bo‘lgan g‘amxo‘rligingiz, yaratib bergan sharoitingiz, biz sport ahliga ko‘rsatgan yuksak e’tiboringiz yotibdi. Biz bundan juda ham minnatdormiz. Jakarta va Palembangda vatan sha’ni uchun kurashga chiqqan har bir farzandingiz qalbida chuqur iftixor tuyg‘ularini his qilgan holda jangga kirishdi va yakunda O‘zbekiston Osiyo o‘yinlaridagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Shu orqali o‘zbek sportchilari Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 27 yillik tantanalariga xalqimiz va shaxsan siz uchun ajoyib sovg‘a tayyorlashdi.

Kuni kecha bayram nutqida sportchi yoshlarimiz va ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari tomoniga yo‘llagan iliq va samimiy fikrlaringiz sportchilarimizni shu qadar ruhlantirdiki, ular musobaqaning so‘nggi kunida matonat va mardlik namunasini namoyish etib, bir kunda 6ta oltin, 5ta kumush va 2ta bronza medaliga ega chiqa olishdi va medallarimiz sonini umumiy hisobda 70taga yetkazishdi. Bu natija orqali biz o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdik.

Fursatdan foydalanib, Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan barcha farzandlaringiz, butun mamlakatimiz sport oilasi, Olimpiya harakati ishtirokchilari nomidan sizga chuqur minnatdorchilik izhor etishga ijozat bergaysiz.

Bizga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor, yaratib berilgan sharoitlardan behad minnatdormiz. Bu yutuqlar eng avvalo, sizniki, xalqimizniki, har bir yurtdoshimizniki! Biz buni juda ham qadrlaymiz va hurmat qilamiz. Nasib qilsa, Tokio—2020 Olimpiya o‘yinlarida ham qaddimizni baland tutishga, millionlab yurtdoshlarimizni oltin va kumush medallar bilan xursand qilishga, jonajon diyorimizni butun dunyoga yanada mashhurroq qilishga so‘z beramiz. Barchasi uchun rahmat sizga, Shavkat Miromonovich!

Hurmat bilan, Umid Ahmadjonov

Manba daryo.uz saytidan olingan