Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy-iqtisodiy, ijtimoiy-ma’naviy sohalardagi islohotlarda yoshlarning ishtirokini ta’minlash va yanada kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Shu bois O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi yoshlar bilan ishlash, ularning siyosiy-huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda faol ishtirokini ta’minlash masalalariga ustuvor ahamiyat qaratib keladi.

Yaqinda O‘zMTDP dasturiy vazifalari hamda 2018 yilga mo‘ljallangan ish rejasi ijrosini ta’minlash maqsadida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshida huquqiy targ‘ibot guruhi tuzildi. Mazkur guruh yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish, ularda yetakchilik qobiliyatini shakllantirish, shuningdek, ijtimoiy-siyosiy faol yoshlarni jamoatchilik asosida O‘zMTDPning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari hamda mahalliy Kengashlardagi deputatlariga biriktirish orqali kelgusida partiyaga zaxira kadr, deputatlikka nomzod sifatida tayyorlashga xizmat qiladi. Yoshlarning joylarda qonunlarni targ‘ib etishga doir ijtimoiy-siyosiy tashabbus­larini qo‘llab-quvvatlaydi.

Partiyamiz tashabbusi bilan oliy ta’lim muassasalari qoshida tashkil etilayotgan huquqiy targ‘ibot guruhlari davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilish jarayonida amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlarda yoshlarning ishtirokini kengaytirishga, huquq va erkinliklarini ta’minlashga,  fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning siyosiy-huquqiy madaniyati va ijtimoiy ong darajasini o‘stirishga ko‘maklashadi, — deydi O‘zMTDP Markaziy kengashi Ijroiya qo‘mitasi devoni Yoshlar ishlari bo‘limi boshlig‘i Hamdam Niyozov. —  Mazkur guruhlarga yosh o‘qituvchi, professorlar, faol talabalar jalb etiladi. Ular ishtirokida yoshlar siyosatiga doir qonun loyihalari va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar muhokama qilinadi, yangi avlodning bu boradagi nuqtai nazari, taklif-mulohazalari olinadi. Yoshlarning hayoti, talab va ehtiyojlariga oid muammolari o‘rganiladi hamda ularni hal etish yuzasidan takliflar tayyorlanadi. Shuningdek, navqiron avlod vakillariga, aholining og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan qatlamiga bepul huquqiy maslahat berish, yigit-qizlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy-siyosiy faolligi va huquqiy madaniyatini oshirish uchun sharoit yaratib berishni maqsad qilganmiz. Deputatlar bilan yoshlarning jonli muloqotini yo‘lga qo‘yish orqali esa ularning siyosiy tafakkurini oshirish, bahs madaniyatini shakllantirishga hissa qo‘shish mumkin. Ayni paytda poytaxtimizdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida dastlabki huquqiy targ‘ibot guruhi tuzilib, unga ta’lim maskanining bir guruh faol, tashabbuskor yigit-qizlari jalb etildi. Kelgusida har bir hududdagi oliy ta’lim muassasalari qoshida ana shunday guruhlar faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ular orqali yoshlar orasiga yanada chuqurroq kirib borish, navqiron avlodda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga ko‘maklashish niyatidamiz.

Darhaqiqat, partiyaning ushbu tashabbusi yoshlar faolligini, siyosiy-huquqiy madaniyatini oshirish, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur loyiha doirasidagi ishlarni tizimli tashkil etish rejalashtirilayotgani e’tiborga molik. Xususan, joylarda shakllantirilgan guruh a’zolari ishtirokida “Yosh liderlar” forumi tashkil qilinishi, ushbu forum yozgi oromgoh shaklida siyosiy o‘quvlar asosida o‘tkazilishi, guruhlarning yil davomidagi amaliy ishlari esa Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zMDTP fraksiyasi a’zolari ishtirokida taqdimotlar vositasida sarhisob qilinishi yoshlarning keng ko‘lamli islohotlar jarayonidagi ishtirokini, follligini oshirishga xizmat qilishi shubhasiz.

 

X.Niyozov