O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining tashabbusi bilan Farg‘ona viloyatida “Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha ishlarni uslubiy jihatdan ta’minlanishini tashkil etish, davlat boshqaruvi organlari mas’ul xodimlarining mas’uliyati va ijtimoiy faolligini yanada oshirish, mamlakatda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish” mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.

O‘quv seminarda viloyatdagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari, akademik litsey, o‘rta-maxsus kasb-hunar kollejlari, oliy ta’lim muassasalari, davlat boshqaruvi organlari, huquqni muhofaza qiluvchi, sud organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, korxona, muassasa va tashkilotlarning ma’naviy-ma’rifiy, shuningdek, huquqiy targ‘ibot hamda ma’rifat sohasiga mas’ul xodimlari ishtirok etishdi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi inson huquqlari va erkinliklari rioya etilishini, jamiyatning ma’naviy yangilanishini, jahon hamjamiyatiga qo‘shilishini ta’minlaydigan huquqiy demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyati qurmoqda. Buning uchun esa jamiyatda huquqiy madaniyatni yanada yuksaltirish lozim. Shu maqsadda 1997 yilning 29 avgustida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish” milliy dasturi qabul qilindi. Dasturda belgilangandek, yuksak huquqiy madaniyat demokratik jamiyat poydevori hamda huquqiy tizim yetukligining ifodasidur. U jamiyatdagi turli xil jarayonlarga faol ta’sir ko‘rsatuvchi, barcha ijtimoiy guruhlarning jipslashuviga ko‘maklashuvchi, jamiyatning yaxlitligi hamda xafsizligini ta’minlovchi va mustahkamlovchi omildir.

Tadbirda davlat boshqaruvi organlari mas’ul xodimlarining bu boradagi mas’uliyatini yanada oshirish, jamiyat a’zolarini islohotlarning huquqiy asoslari bilan yaqindan tanishtirish, ularni huquqiy axborot va adabiyotlar bilan ta’minlash, yoshlarga milliy davlatchilik an’analari hamda amaldagi huquqiy tizimning ishlash mexanizmlari to‘g‘risida ob’ektiv ma’lumotlarni yetazish, fuqarolarni davlat va jamiyat hayotida yuz berayotgan so‘ngi o‘zgarishlardan xabardor qilish asnosida ijtimoiy fikrni yanada sog‘lomlashtirish, jamiyatning axborot xavfsizligini ta’minlashning samarali usullarini joriy qilish, keksa avlodning bu bordagi boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanish kerakligi va huquqiy madaniyatni huquqiy ta’lim va huquqiy tarbiya orqaligina yuksaltirish mumkin ekanligi ta’kidlandi.

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar olishdi.