Buyuk kelajak sari intilgan, ertangi nurli kelajagini o‘ylagan har qanday davlat, millat borki ilm – fanni taraqqiy ettirishga, uning ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizning yetakchi ilm-fan namoyandalari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda bugungi tezkor davr barcha sohalar qatori ilm-fanni yangi bosqichga ko‘tarishni, olimlar va yosh iqtidor egalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlatimizning ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolishini ta’kidlab o‘tgan edi. Bugun mamlakatimizda shu asosida olib borilayotgan islohotlar, jumladan, ilm-fan egalarini moddiy rag‘batlantirish bo‘yicha joriy etilgan mexanizmlar ushbu sohaning samaradorligi oshishiga xizmat qilmoqda.

Samarqand tayanch tibbiyot kollejida viloyat o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi boshqarmasi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi, Samarqand tayanch tibbyot kolleji, O‘zbekiston “Adolat” SDP Samarqand viloyat Kengashi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisga Murojaatnomasi, “O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori hamda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat Dasturi ijrosini ta’minlash, o‘quvchi yoshlar hamda pedagoglarning ilmiy-tadqiqot va innovatsion faoliyatining istiqbolli yutuqlarini targ‘ib qilish va joriy etishning samarali mexanizmini yaratish, ta’lim muassasalarida innovatsiyalarni, shu jumladan o‘qitishning zamonaviy, interaktiv va ijodiy uslublarini joriy etish orqali targ‘ib qilishga ko‘maklashish, raqamli texnologiyalarni rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, istiqbolli fundamental va amaliy tadqiqotlar hamda novatorlik g‘oyalarini ishlab chiqishni qo‘llab quvvatlash, ko‘rgazma tadbirlarini tashkil qilishni ta’minlash, ijodkor o‘qituvchi va iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ular o‘rtasida ijodiy muhitni shakllantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish maqsadida “Innovatsiya — 2018” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Tanlov ishtirokchilari “Eng yaxshi innovatsion ixtiro”, “Eng yaxshi innovatsion stend”, “Eng yaxshi innovatsion maket” nominatsiyalari birinchiligi uchun bellashdilar. Ishtirokchilarning ishlarini  o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi boshqarmasidan, tibbiyot oliygohidan va O‘zbekiston “Adolat” SDP Samarqand viloyat Kengashidan tashrif buyurgan hakamlar hay’ati baholashdi.

“Eng yaxshi innovatsion ixtiro” nominatsiyasi bo‘yicha Bolalarda hamshiralik parvarishi kafedrasi tomonidan tayyorlangan “Innovatsion qo‘g‘irchoq” nomli ixtiro g‘olib deb topilib, ARTEL televizori bilan taqdirlandilar.

“Eng yaxshi innovatsion stend” nominatsiyasi bo‘yicha Jamoada hamshiralik parvarishi kafedrasining “Patronaj sumkasini yig‘ing” nomli elektron stendiga teng keladigani topilmadi va kafedra a’zolari NOUTBUK bilan taqdirlandilar.

“Eng yaxshi innovatsion maket” nominatsiyasi bo‘yicha Stomatologiyaga oid fanlar kafedrasi tomonidan yaratilgan “Innovatsion mulyaj” birinchi o‘ringa loyiq deb topildi va kafedra a’zolari planshet sohibi bo‘ldilar.

2-3-o‘rin hamda rag‘batlantiruvchi nominatsiyalar sohiblariga eng kam ish haqining besh barobari, to‘rt barobari va uch barobari shaklida pul mukofotlari hamda hamkor tashkilotlarning diplom va sertifikati topshirildi.

Ta’kidlash joizki, bunday tadbirlar yosh iqtidor egalari, yosh olimlarni ilm-fanga keng jalb etish va ular mehnatini munosib rag‘batlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, ilm-fan taraqqiyoti yurt ravnaqi va aholi farovonligiga xizmat qiladi.

Aziz BURIBOYEV,

O‘zbekiston “Adolat” SDP

Samarqand viloyat Kengashi

raisi o‘rinbosari