Harvard Business Review Apple kompanyaisi asoschisi Stiv Jobsning 2005 yil 12 iyun kuni — roppa-rosa 12 yil muqaddam Stenford universiteti bitiruvchilari oldida qilgan mashhur nutqini esga oldi.

Men sizlarga o'z hayotimda ro'y bergan uch voqeani so'zlab bermoqchiman. Shunchaki uch voqea, ortiqcha biror narsa emas.

Ulardan dastlabkisi — nuqtalarni birlashtirish haqida. Men Rid-kollejga o'qishga kirganimdan olti oy o'tib o'qishni tashlaganman, shundan so'ng yana 18 oy mobaynida unga erkin tinglovchi sifatida qatnab yurdim, ana shundan keyingina butunlay ketdim. Nega men bunday yo'l tutdim?

Hammasi men tug'ilmasimdan ham ham avvalroq boshlangan. Mening biologik onam yosh aspirant qiz bo'lgan. U asrab olishsa menga yaxshiroq bo'ladi, degan qarorga kelgan. U meni oliy ma`lumotli insonlar asrab olishini istagan, hammasi meni bir yurist o'z xotini bilan asrab olishiga qarab ketayotganida, mening tug'ilishimga bir daqiqa qolganida ular aslida qizaloq xohlashayotganini aytib qolishgan. Shu sababli ro'yxatda keyingi bo'lib turgan boshqa juftlik menga ota-ona bo'lgan. Yarim tunda ularga qo'ng'iroq qilib, «Bizda kutilmaganda o'g'il bola tug'ildi. Uni asrab olishni istaysizlarmi?» deb so'rashgan. Ular «Albatta, istaymiz», deb javob berishgan.

Biologik onam yangi ota-onam oliy ma`lumotga ega emasligini bilib qolganida, u asrab olishga oid so'nggi hujjatlarni imzolashdan bosh tortadi. Onam faqatgina o'gay ota-onam qachondir men kollejga o'qishga kirishimni va`da berishganidan so'nggina hujjatlarga imzo chekadi.

17 yil o'tgach, men kollejga o'qishga qabul qilindim. Biroq men go'llik bilan Stenford singari juda qimmat kollejni tanladim, ishchilar sinfidan bo'lgan ota-onamning barcha jamg'armalari o'qishimga sarflana boshlandi. Oradan olti oy o'tgach, ta`lim olishda biror qadr ko'rmasligimni tushunib yetdim. Men o'z hayotim bilan nima qilishni bilmadim va kollej bu borada menga nima yordam berishini ham anglamasdim. Men, shunchaki, ota-onam umr bo'yi yiqqan pulni sarflayotgandim.

Ana shunday kunlarning birida kollejni tashlashga qaror qildim. Men hammasi biror yo'l bilan o'z o'rniga tushishiga ishonardim. O'sha paytlar menga juda qo'rqinchli tuyulayotgandi, biroq hozir ortga nazar tashlab aytishim mumkinki, bu hayotimda qabul qilgan eng chiroyli qarorlarimdan biri bo'lgan ekan. O'qishni tashlaganimdan so'ng men faqat o'zimga qiziq bo'lgan mashg'ulotlargagina qatnay boshladim.

Bu yerda hech qanday romantika yo'q edi. Menda yashashga ham joyim yo'q edi, shu sababli do'stlarimnikida, polda uxlardim. Men qornim to'yishi uchun Koladan bo'shagan shishalarni 5 sentdan topshirardim. Biroq bu hol menga yoqardi. O'shanda men to'qnash kelgan narsalarning aksariyatiga o'zimning qiziquvchanligim va intuitsiyam tufayli erishganman va bu bebaho hayotiy tajriba bo'lgan.

Bitta misol keltiraman. Rid-kollej o'sha paytda kalligrafiyaga o'rgatuvchi mamlakatdagi eng yaxshi o'quv dargohlaridan biri bo'lgan. Kollejdagi har bir poster, yashiklardagi har bir yorliq o'ta chiroyli kalligrafik husnixat bilan yozilgan edi. Men oddiy mashg'ulotlarga bormasam ham, kalligrafiyani o'rganishga qaror qildim. Men kertikli va kertiksiz garnituralar, harflar o'rtasidagi bo'sh joyning turli kattaligi — xullas, buyuk topografiyani buyuk qiluvchi barcha narsalarni o'rgandim. Bu hech bir fanga bo'ysunmas ajoyib tarixiy va badiiy bilim edi va u meni butkul maftun etib bo'lgandi.

Bu bilimlar keyingi hayotimda asqotishiga biror imkoniyat yo'q edi, biroq 10 yil o'tib, Macintosh uchun dizayn yaratayotganimizda bu bilimlarning barchasi yana xayolimda jonlandi va uni Mac’ning dizayniga jo qildik. Bu ajoyib topografikaga ega ilk kompyuter edi. Agar men o'qishni tashlamaganimda, kollejdagi bu kursga qatnamaganimda, Mac’da hech qachon bunday shriftlar bo'lmas edi. Windows shunchaki Mac’dan nusxa ko'chirib olgani e`tiborga olinsa, bunday shriftlar birorta shaxsiy kompyuterda bo'lmasdi. Xullas, kollejdan ketmaganimda meni bu kalligrafiya kursiga yozilmasdim, shaxsiy kompyuterlar hech qachon ajoyib topografikaga ega bo'lmasdi. O'z-o'zidan, kollejdagi mashg'ulotlarga qatnab yurganimda kelajakka qarab bu nuqtalarni birlashtirishning iloji yo'q edi, biroq bu 10 yil o'tib mutlaqo aniq ko'rinishga keldi.

Yana bir bor takrorlayman: siz oldinga qarab nuqtalarni birlashtira olmaysiz, faqatgina ortga qarab ularni birlashtirasiz. Bu esa nuqtalar kelajakda qandaydir yo'l bilan birlashishiga ishonishingiz kerakligi bildiradi. Siz instinkt, taqdir, hayot va yana nimalargadir ishonmog'ingiz kerak. Bu yondashuv hali hayotimda menga biror marta pand bermagan.

Mening ikkinchi hikoyam — muhabbat va yo'qotish haqida. Men baxtli edim, men o'zimga nima yoqishini juda erta anglaganman. Stiv Voznyak va men Apple’ni ota-onamning garajida, 20 yoshga to'lgan chog'imda yaratganmiz. Biz ko'p va xo'b ishladik hamda 10 yil ichida Apple ikki kishilik firmadan  2 mlrd. dollarlik va 4 ming xodimga ega kompaniya darajasiga yetdi. Biz o'zimizning eng yaxshi mahsulotimiz — Mac’ni endi-endi ishlab chiqarganimizda men 30 yoshda edim — ana shundan keyin... meni ishdan bo'shatishgan.

O'zing asos solgan kompaniyadan seni qanday qilib bo'shatishlari mumkin? Apple o'sayotgan istiqbolli kompaniya edi va biz uni ravnaq toptirish uchun menga o'ta iqtidorli ko'ringan insonni yolladik. Boshida ishlar yaxshi ketayotgan edi, keyinchalik qarashlarimizda farq yuzaga kela boshladi, alal-oqibatda biz urushib qoldik. Bu voqea ro'y berganida direktorlar kengashi uning nuqtai nazarini himoya qilib chiqdi. Mana, 30 yoshdaman va ishdan bo'shatildim, bo'shatilganda ham katta mojaro ortidan. Butun ongli hayotim mazmuni bo'lgan narsa yo'q bo'ldi, bu esa o'ta alamli edi.

Bir necha oy nima qilishni bilmay yurdim. Men o'zimga berilgan estafeta tayoqchasini qo'limdan tushirib yuborib, oldingi avlodga oid biznesmenlarning umidini puchga chiqarganimni anglab turar edim. Men Devid Pakkard va Bob Noys (Hewlett-Packard va Intel asoschilari) bilan uchrashdim va sodir bo'lgan vaziyat yuzasidan ulardan uzr so'ramoqchi bo'ldim. Men juda ommaviy tarzda sharmanda bo'lgan edim, shu sababli Vodiydan qochib chiqib ketishni ham o'ylay boshlagan edim. Biroq shu vaqtning o'zida ichimda nimadir qayta tug'ila boshladi. Men hamon o'zim qilayotgan ishni sevardim: Apple’da yuz bergan voqealar bunga zarracha ta`sir ko'rsata olmagandi. Meni rad etishdi, biroq men o'z ishimni sevardim, shu sababli hammasini yangidan boshlashga qaror qildim.

O'shanda men buni anglamagan ekanman, biroq Apple’dan bo'shatilishim hayotimda ro'y bergan eng ajoyib hodisa bo'lgan ekan. Muvaffaqiyatlilik yuki hech narsada butkul ishonchi bo'lmagan yangi boshlovchining osonligi bilan almashdi. Bu voqea meni ozod qildi va hayotimdagi eng ijodkorlik davrini boshlab berdi. Keyingi besh yil ichida men NeXT va Pixar kompaniyalariga asos soldim, keyinchalik umr yo'ldoshimga aylangan ajoyib qizni sevib qoldim. Pixar «O'yinchoqlar voqeasi» — kompyuterda chizilgan ilk multfilmni ommaga namoyish etdi. Ayni paytda Pixar — jahondagi eng muvaffaqiyatli animatsion studiya hisoblanadi. Ajoyib voqealar ketma-ketligidan so'ng NeXT Apple’ni sotib oldi va biz NeXT’da yaratgan texnologiyalar Apple’ning qayta tug'ilishi uchun asos bo'lib xizmat qildi. Loreyn ikkimiz esa ajoyib oilaga asos soldik.

Men aniq aminmanki, agar meni Apple’dan haydab yuborishmaganida bularga erisha olmas edim. Albatta, bu o'ta achchiq dori ekan, biroq bemorning unga ehtiyoji bor edi. Ba`zan hayot boshingga tosh bilan tushirib qolar ekan, biroq sen ishonchni yo'qotmasliging kerak. Men aminmanki, o'zim qiladigan ishni sevganim uchun davom ettirishga qodir bo'lganman. O'zingiz sevgan narsalarni toping, siz sevadigan kishini toping. Sizning ishingiz hayotingizni katta qismini qamrab oladi va undan lazzatlanishning birgina yo'li bor — o'z ishingiz ajoyib ekanligiga ishonish. Ajoyib ishda ishlashning esa birgina yo'li bor — o'zingiz qilayotgan ishni sevish. Modomiki, o'zingiz sevadigan narsani topa olmagan ekansiz, izlanishda davom eting va aslo to'xtamang. Qalb amriga bo'ysunuvchi barcha ishlarda bo'lgani  kabi, siz uni topgan zahoti tushunib yetasiz. Yillar o'tishi bilan u sizga tobora yoqaveradi, shu sababli izlaning va aslo to'xtamang.

Manba “kun.uz” saytidan olingan