O'zbekiston 08 Fevral 2017 11044

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 fevral kuni «Qonun hujjatlarini tarqatish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorini imzoladi.

Qarorga berilgan rasmiy sharhda aytilishicha, shu kungacha qonun hujjatlarini, jumladan, rasmiy tarqatmalarni tarqatishning yagona mexanizmi va tartibi mavjud emas edi, normativ-huquqiy hujjatlar sharhlarsiz, konsepsiyasiz va boshqa axborot materiallarisiz nashr etilar, davlat organlarining huquqiy targ'ibot bo'yicha faoliyatini samarali muvofiqlashtirish bo'yicha choralar belgilanmagan edi. 

Ushbu qaror bilan normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning yagona tartibini o'rnatish, bu sohada prinsipial yangi yondashuvlarni belgilash, yangi qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini tashkil qilish mexanizmlarini mustahkamlash va ularning mohiyati va ahamiyatini aholi o'rtasida tushuntirish nazarda tutilmoqda. 

Yangi qabul qilingan qonunlar, boshqa qonun hujjatlarini davlat organlari va boshqa tashkilotlarga to'g'ridan-to'g'ri ijro etish va amaliyotda qo'llash uchun rasmiy tarqatma orqali yuborishning yagona tartibi va muddatlari belgilandi. 

Bundan buyon tegishli qonunlar qabul qilingandan keyin uning ijrosini, ijrochilarga yetkazish va aholi o'rtasida mohiyati va ahamiyatini tushuntirishni tashkil etishga mas`ul bo'lgan davlat organlari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalari matnlarida ko'rsatiladi. Ushbu mexanizm yangi qabul qilingan qonunlarning samarali va o'z vaqtida ijro etilishini ta`minlashga xizmat qiladi.

Mamlakatda qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish, nashr etishni tashkil qilish, normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini “O'zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasi”da lex.uz saytida joylashtirish bo'yicha ishlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan salmoqli chora-tadbirlar amalga oshirildi. 

Adliya vazirligiga normativ-huquqiy hujjatlarni barcha davlat organlari va tashkilotlariga tezkor yetkazish vazifasi yuklatilmoqda. Bundan buyon barcha normativ-huquqiy hujjatlar imzolangan kuni axborot-tahliliy materiallari bilan birga qog'oz va elektron shaklda Adliya vazirligiga yuboriladi, Adliya vazirligi esa bir kunlik muddatda normativ-huquqiy hujjatlarni va tegishli axborot-tahliliy materiallarni elektron shaklda Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilab beriladigan ro'yxat bo'yicha barcha davlat organlari va tashkilotlariga yetkazilishini ta`minlaydi. 

Shu bilan birgalikda, Adliya vazirligi yangi qabul qilingan hujjatlarni Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasiga bir kunlik muddatda joylashtiradi va har hafta O'zbekiston Respublikasining Qonun hujjatlari to'plamida e`lon qilib boradi. 

Qonunlarning mazmun-mohiyatini aholiga sifatli va samarali tushuntirish maqsadida targ'ibot tadbirlari va tushuntirish ishlari mas`ul davlat organlari tomonidan media-rejalar ishlab chiqish, huquqiy targ'ibot bo'yicha guruhlar tuzish, turkum tele, radioko'rsatuvlar tashkil qilish, OAVda maqolalar, axborot materiallari e`lon qilish va boshqalar orqali amalga oshiriladi. 

Bundan tashqari, qaror bilan Huquqiy targ'ibot va ma`rifat bo'yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo'yicha idoralararo kengashning yangi tarkibi hamda uning tarkibida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sudlar davlat boshqaruvi organlari, ta`lim muassasalari va boshqa tashkilotlarning vakillari kiritiladigan hududiy komissiyalari tashkil etilmoqda. 

Shu bilan birga, mazkur sohada vakillik organlarining rolini kuchaytirish maqsadida har yili O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va xalq deputatlari Kengashlarida O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va adliya boshqarmalarining normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish sohasidagi hisobotlarni eshitish amaliyoti yo'lga qo'yiladi. 

Qaror normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatishning amaliy mexanizmlarini, shu jumladan, huquqiy axborotni ta`lim, axborot-kutubxona muassasalarida, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlarida majburiy tarqatishni, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtirokida normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini tushuntirish choralarini amalga oshirish tartibini, mazkur sohada O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi va boshqa davlat organlarining vakolat va javobgarliklarini nazarda tutuvchi “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta`minlash to'g'risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishni nazarda tutadi. 

Shuningdek, Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasini takomillashtirish, xususan eng ko'p talab qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining ingliz tilidagi ma`lumotlar bankini yaratish bo'yicha choralar belgilanmoqda. 

Mazkur qaror ijrosini ta`minlash huquqiy axborotni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida tarqatish tizimini tubdan takomillashtirishga, ijrochilar va aholini qonunchilikning mazmun va mohiyati to'g'risida huquqiy xabardor qilishning sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Manba: kun.uz saytidan olindi