Mamlakatimizda  har bir kun hayotimizga yangilanishlar, xushxabarlar olib kelmoqda, desak, mubolag’a bo’lmaydi. Chunki, mamlakatimizning barcha hududlarida bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari olib borilishi natijasida shaharu qishloqlarimiz qiyofasi tubdan o’zgarib, aholi turmush darajasini yanada yuksalib borayotganligini ko’rishimiz mumkin. Natijada mamlakatimiz o’tgan tarixan juda qisqa davr ichida barcha sohalarda misli ko’rinmagan yutuqlarga erishdiki, bu muvaffaqiyat haqli ravishda jahon ahlining havasu hayratiga sabab bo’lib kelmoqda.

Bu borada birinchi Prezidentimiz Islom Abdug’aniyevich Karimov rahnamoligida boshlab bergan ulkan bunyodkorlik ishlari Mamlakatimiz yangi rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan yuqori saviyada davom ettirish barobarida yurtimiz qiyofasi o’zining tarixiy jozibasini saqlagan holda yangilanib, uzoqni o’ylab tuzilgan reja asosida izchil rivojlanib bormoqda. 

Buni biz  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil                     21 oktyabrdagi «2017-2021 yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo’yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to’g’risida»gi qarori bu yo’nalishda yangi rivojlanish bosqichiga asos solinganligi bilan yaqqol ko’rishimiz mumkin. Aholiga yanada qulay imkoniyat va sharoit yaratish maqsadida arzon, zamonaviy, shinam uy-joylar qurilishi yo’lga qo’yildi. 2017 yilda mamlakatimiz qishloq massivlarida 15 mingta ana shunday turar joy barpo etilishi va bunda qishloq aholisiga uch tipdagi uy-joylar qurilishi taklif qilinmoqda.

Shu bilan bir qatorda Prezidentimiz qarorida 2017 yilning                1 yanvarigacha har bir hududda namuna sifatida uy-joylar qurib foydalanishga topshirilishi belgilab qo’yilgan.

O’z navbatida Prezidentimizning mazkur Qaroridan ruhlanib bir qator yurtdoshlarimiz internet sahifalarida o’zlarining samimiy fikrlarini bildirib o’tganlar, jumladan:

Abduqayum YO’LDOShEV. O’zbekiston Respublikasida xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi:

— Ushbu qarorni gazetada o’qib, to’g’risi, juda suyunib ketdim. Sababi, qishloqda tug’ilib-o’sganman, u yerda uy-joy, kommunikasiya masalalari qanday ahvolda ekanidan xabarim bor. Tan olishimiz kerak, qishloq odamining daromadi u kreditga olayotgan uy-joyning to’lovini qoplashga har doim ham yetavermaydi. Qarorda keltirilganidek, imtiyozlar shunday «qo’li qisqaroq» kishilar yoki yangi ro’zg’orlar uchun ayni muddao.

Dasturda shunday tartib belgilanibdiki, uylar juda ko’plab qurilish ashyolari va xarajatlariga ketadigan tannarxni pasaytirish hisobiga arzonlashtirilgan. Demak, arzon — bu sifatsiz degani emas!

Bugun odamlar tafakkuri o’zgardi. Avvalgiday pastqam, bir xona, bir dahlizli emas, alohida yotoqxonali, bolalar xonasi, oshxona, mehmonxonani ko’zda tutib uy-joy qurilayotgani qishloqqa ham madaniyatning yuksak namunalari kirib kelayotganidan dalolatdir.

Norxol aya XOLMURODOVA. Pensioner, Urgut tumani

— Qizim qo’lida gazeta bilan shoshib keldi. «Onajon, tabriklang, men ham endi uy olaman!» deya ushbu qarorni ko’rsatib, tushuntira ketdi. Avvaliga, arzon narxda, qulay sharoit va imkoniyatlarga ega, kredit foizlari kam bo’lishini eshitib ishonmadim. To’liq tanishgach, to’g’risi, ko’zimdan yosh chiqib ketdi.

Xo’jalik imoratlari va obod hovlilari bo’lgan ikki va uch qavatli ko’p kvartirali arzon uylar bizning joylar uchun juda mos. Hovlida bolalar maydonchalari, dam olish uchun ayvonlar ayni muddao.

To’rt yildan buyon qizim tushgan ro’zg’orda uch kelin bir hovlida yashardi. Uy-joy olish uchun imkoniyatlari kamroq edi. Mana bu qaror shunday oilalar uchun juda katta imkoniyat demakdir.

Shohidaxon XUDOYBERDIYeVA. Qorasuv shahri Bo’rixon Ahmedov nomidagi mahalla fuqarolar yig’ini diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo’yicha maslahatchisi:

— Quriladigan uy-joylarning qiyofasi o’ziga xos va ularning narxi, imtiyozlari ham turlicha ekani ko’pchilik uchun juda maqbul, deb o’ylayman. Chunki hamma o’zining imkoniyati va ehtiyojidan kelib chiqib tanlaydi.

Yana bir jihati, aka-ukalar yoki boshqa qarindoshlar bir hovlida joylashgan uyni xarid qilishi mumkin. Hamma o’zining alohida uyida yashaydi, ammo yonma-yon, bir hovlida.

Qishloqlarda uy-joy qurish borasida ushbu yangicha yondashuv aholining keng qatlami uchun katta imkoniyatlar yaratishi, shubhasiz. Ayni vaqtda bu yer resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga, qishloq joylarda uy-joy qurilishini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Malik PARDAYeV. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan o’qituvchi, G’allaorol tumani:

— Ilgari qishloq odamlari katta-katta to’y-tomosha qilar, uloq-ko’pkari, kurash berar edi-yu, uy-joy qurishga, uni zamonaviy jihozlash yoki boshqa qulayliklar yaratishga e’tiborsiz edi: paxsa devorli uylarda yashayverardi. Eng ko’rkam hovlilar ham nari borsa ohaklanardi, xolos.

Keyingi yillarda qishloqlarimizga taraqqiyot nafasi kirib kela boshlagach, mana shunday «Bizga bo’laveradi», degan qarash butunlay yo’qoldi. Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan har yili namunaviy loyihalar asosida minglab uy-joy qurilib, imtiyozli kredit bilan xalqimizga berildi.

Qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo’yicha arzon uy-joylar qurish dasturining qabul qilinishi bizni yanada xursand qilib yubordi. Axir, bu alohida uy-joyli, boshqacha aytganda, «vatanli» bo’lish orzusida yurgan qancha oilalar uchun katta imkoniyat. Chamalab ko’rsam, qarorda ko’rsatilgan bitta uyning narxi hozirgi bozor narxining yarmicha ham kelmas ekan. Bunday narx o’qituvchi, shifokor kabi kasb egalari uchun ayni muddao.

Xulosa o’rnida shuni alohida qayd etish mumkinki, bugungi kunda mazkur Qarorning amalga oshirilishi qishloqni obodonlashtirishning va qishloq aholisi hayot darajasini tubdan oshirishning asosiy omillaridan biri sifatida qishloq joylarda yakka tartibda uy-joy qurish ko’lamlarini yanada kengaytirish bo’yicha uzviylik va izchillik yo’lini ta’minlashga ko’maklashadi. 

 

iqtidor.uz veb-sayti tahririyati