Mustaqillik tufayli asriy orzularimiz ushalib, o’zligimiz qayta tiklandi, hayotimizning ma’no-mazmuni, ongu shuurimiz tubdan o’zgarib, milliy manfaatlarimiz, uzoq va davomli maqsadlarimizni ko’zlab yashash va mehnat qilishga undab kelmoqda.

Buni biz birgina misol sifatida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmoni uzoqni ko’zlab erkin va farovon davlat qurish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, Vatanimiz iqtisodiy qudratini yanada yuksaltirishga qaratilganligi bilan yaqqol ko’rishimiz mumkin. 

Bu borada O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak va bu haqiqatni avvalo barcha bo’g’indagi rahbarlar yaxshi tushunib olishi zarur.

Shu munosabat bilan tadbirkorlik faoliyati va xususiy mulkni himoya qilish yuzasidan yaqinda qabul qilingan Farmon talablariga so’zsiz amal qilishni ta’minlash shart. Nega deganda, xalq boy bo’lsa, davlat ham albatta boy va qudratli bo’ladi.

“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” dasturidan yoshlarimizni sog’lom va barkamol etib tarbiyalash masalasi alohida o’rin egallashi tabiiydir.

Bu borada farzandlarimiz uchun zarur sharoitlar yaratish, yangi-yangi ta’lim-tarbiya, madaniyat, san’at va sport maskanlarini barpo etish, yosh oilalar uchun uy-joylar qurish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlik sohasiga keng jalb etish bo’yicha boshlagan ishlarimizni yangi, yuksak bosqichga ko’taramiz.” – deya ta’kidladilar.

Bundan tashqari shuni ham alohida qayd etish lozimki, mamlakatimizda  qabul qilinayotgan har bir qonun va qonunosti hujjatlarning mazmun mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, aholimizning qonunlarimizdan xabardorligini ta’minlash  o’z navbatida har bir inson ongida unga bo’lgan hurmat va itoatkorlik hissini uyg’otishga sabab bo’ladi.

Bundan biz Mamlakatimiz rahbari O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida Asosiy masala – qonunlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga va mas’ul ijrochilarga o’z vaqtida yetkazish, ularning ijrosini to’g’ri tashkil etish hamda qonun talablariga qat’iy amal qilishni ta’minlashdan iboratdir.

Afsuski, mazkur yo’nalishdagi ishlar talab darajasida emas. Buning oqibatida oxirgi uch yilda davlat organlarining 157 ta qarori o’z kuchini yo’qotgan qonunlar asosida chiqarilgan.

Endi o’ylab ko’raylik, qonunchilikka kiritilayotgan yangiliklar o’z vaqtida joylarga, ayniqsa, ijrochilarga yetkazilmaydigan bo’lsa, ularning bajarilishi haqida nima deyish mumkin?

Bu muammoni samarali hal qilishning birdan-bir yo’li – qonunlar ijrosini tashkil etish bo’yicha soatdek aniq ishlaydigan mexanizm yaratishdir.

Qonunlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazishda O’zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O’zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalarida bitta-ikkita maqola yoki ko’rsatuv bilan cheklanish mumkin emas. Qabul qilingan qonunlarni atroflicha muhokama qilish, yurtdoshlarimizning ularga munosabatini ifoda etadigan tahliliy materiallar, ko’rsatuv va eshittirishlar, afsuski, juda kam.
Yangi qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlarning asosiy ma’nosini aholiga yetkazish bo’yicha samarali mexanizm yaratish kerak.”
– deb ta’kidlaganlari bejiz emasligini anglashimiz mumkin.

Bundan xulosa qilgan holda aytishimiz mumkinki, joylarda qolaversa, ommaviy axborot vositalari orqali tadbirkorlik faoliyatini qo'llab-quvvatlash maqsadida  qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonining mazmun va mohiyatini keng ommaga yetkazilishi o’z navbatida xalqimiz tomonidan  katta mamnuniyat hamda minnatdorlik bilan kutib olish bilan bir qatorda, bugun mamlakatimizda tadbirkorlik bilan shug’ullanaman, shu soha vakili bo’lib, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligiga o’z hissamni qo’shaman, degan har bir inson qalbida g’urur va iftixor paydo bo’ldi, desak mubolag’a bo’lmaydi.

Chunki Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan mazkur Farmon asosan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishini ta’minlash, xususiy mulkni himoya qilish hamda uning daxlsizligi kafolatining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash, samarali faoliyat yuritishlari uchun barcha zarur shart-sharoitni yaratish, umuman olganda, mamlakatimizda investisiya va ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash maqsadida qabul qilingan bo’lib,  mazkur hujjat soha taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

O’z navbatida Farmon ijrosini ta’minlash natijasida yurtimizda kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasida olib borilayotgan sa’y-harakatlar, ro’yobga chiqarilayotgan kompleks chora-tadbirlar natijasida kun sayin tadbirkorlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi tobora ortib borish barobarida aholi farovonligi izchil ta’minlanayotganligini yaqqol ko’rishimiz mumkin.

Xulosa o’rnida shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur  Farmon ayni paytda mamlakatimiz tadbirkorlarining yanada ravnaq topishida hamda yurtimiz taraqqiyotining rivojlanishida  dasturilamal bo’lib xizmat qiladi.

 

iqtidor.uz veb-sayti tahririyati tomonidan tayyorlandi