Bizning quyoshli Vatanimiz bo’lmish O’zbekiston, dunyodagi eng mazali va tabiiy holda yetishtiriladigan mevalar, poliz ekinlari va sabzovotlar makonidir.


Hozir ayni mevalar pishgan vaqt. Bozor rastalarida istagan mevalaringiz, shaftoli, olma, anjir, uzum, nok, behi va boshqa turli xil yetilib pishgan mevalarni harid qilishingiz mumkin. Hozir ayni mevali sharbat va murabbolar tayyorlash vaqti. Har bir xonadon bekasi qish mavsumida ham yozning shukuhini totish maqsadida, albatta yuqorida sanab o’tilgan mevalardan sharbat va murabbolarni pishirib bonkalarga yopadilar va shu bilan qishning g’amini ko’rib qo’yadilar.


Keling, eng foydali va mazali bo’lgan shakar bilan tayyorlanadigan taomlar bo’lmish sharbat va murabbolarni tayyorlashda va bonkalarga yopish vaqtida hammaga ma’lum bo’lgan, ammo amal qilish kerak bo’lgan oddiy qoidalarni esga olsak.

Bular:

1. Mevalarni do’kon yoki bozorda harid qilgan bo’lsangiz, ko’proq va tozalab yuvishga harakat qiling;

2. Murabbo uchun har doim butun, ezilmagan yoki ozgina yetilmagan mevalarni tanlash maqsadga muvofiq bo’ladi. Bu qoidadan mustasno holda faqatgina olxo’ri va olcha yaxshi yetilib pishgan bo’lishi shartdir. Pishib ketgan, ezilgan mevalarni sharbat qilishga ishlatsak ma’qulroq bo’ladi.

3. Mevalarni qaynatish vaqtida ular yorilib ketmasligi va ezilmasligi uchun mevalarni tezgina qaynagan suvda chayib olish yoki parlab olish lozim bo’ladi. Mahsulotga bunday tarzda ishlov berish “blanshirovka” deb ataladi. Masalan: olxo’rini qaynab turgan suvda   “blanshirovka” qilish lozim. Olma, nok, behilarni “blanshirovka” qilgan vaqtda ular ozgina yumshab qoladi, ammo o’z rangini saqlab qoladi.

4. Bonkalarga mevalarni solish vaqtida zanglamaydigan qoshiqdan foydalanish maqsadga muvofiq bo’ladi. Mevalarni bonkalarga ehtiyotlik bilan zich joylashtiring. Agar ularni kuch bilan joylashtirsangiz, mevalar terisi yorilib ketishi mumkin. Agar mevalarni zich joylashtirishga erisha olmasangiz, bonkani qo’lingizga olib uni asta silkitib olsangiz mevalar to’g’ri joylashadi. Agar mevalarni joylashtirish vaqtida bonkaga suv yig’ilib qolsa, uni to’kib tashlab so’ng bonkaga qiyom yoki tuzlama (sabzavotlar uchun) solishingiz mumkin. Bonkalarni qiyom yoki tuzlama bilan to’ldirish vaqtida oxirigacha to’ldirmaslikka harakat qiling, bo’lmasa to’kilib ketish ehtimoli yuqori bo’ladi. Suyuqlikni bonka og’zigacha to’ldirib, 1,5-2 sm qoldirish to’g’ri bo’ladi. 

 

5. Mevalar o’zining tabiiy ko’rinishi va mazasini saqlab qolishi uchun, tozalab yuvilgan mevalarga 3-4 soat qiyom quyib qo’ying. Ana undan keyin pishirishga qo’yishingiz mumkin. 

 

6. Qalin teriga ega bo’lgan mevalarni sanchqi yordamida teshib olsangiz, (masalan: olxo’rini) qaynash vaqtida qiyom mevaga yaxshi singib oladi. 

 

7. Agar siz shaftoli yoki o’rikdan sharbat pishirishga qaror qilsangiz, sizga ularni po’stidan ajratib olishni maslahat berardik. Bu ishni amalga oshirish unchalik qiyinchilik tug’dirmaydi, buning uchun 3-4 daqiqaga ularni qaynagan suvga solib qo’yib, keyin esa osonlik bilan ajratib olish mumkin. Bu amalni barcha terisi bor mahsulotlarga qo’llashingiz mumkin (masalan: pamildoriga). Terisiz pishirilgan sharbatlar kamdan kam aynib qoladi. 

8. Agar siz pishirayotgan murabbo hyech ham quyulmasa, unga limon sokini ozgina miqdorda qo’shsangiz bo’ladi. 

9. Murabbo va sharbatlarni quruq, salqin joyda 10–15 °S darajada saqlash lozimdir. Murabboni sovuqda yoki muzlatgichda saqlash unchalik to’g’ri bo’lmaydi, chunki murabboning shakari chiqib ketishi mumkin.  

Agar siz bonkalarni yopib, ertasi kuni qopqoqlar ko’tarilib qolganini ko’rsangiz, uni qaytadan konservalasangiz maqsadga muvofiq bo’ladi.


          Biz yuqorida aytib o’tgan maslahatlarimiz sizga konservalash vaqtida qo’l kelishiga umid bog’lab qolamiz. 

 

Manba: myday.uz