“IQTIDOR.UZ” keng ommani, shuningdek, yoshlarni  huquqiy, madaniy, ma’naviy yuksaltirish yo’lida

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo’shma majlisidagi “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqur­lashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”da Mamlakatimizni demokratik yangilashning bugungi bosqichdagi eng muhim yo’nalishlaridan biri bu – qonun ustuvorligi va qonuniylikni mustahkamlash, shaxs huquqi va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan sud-huquq tizimini izchil demokratlashtirish va liberal­lashti­rishdan iboratdir. Bir so’z bilan aytganda, yurtimizda huquqiy davlat asoslarini yanada takomillashtirish va aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish biz uchun hal qiluvchi vazifa bo’lib qolmoqda” -degan edilar.

Umuman olganda, qonunga itoat etish huquqiy madaniyatning o’zagi hisoblanadi. Davlat aholining huquqiy madaniyatini oshirar ekan, uning qonunlarga ko’r-ko’rona emas, balki ongli ravishda, o’z xohish-istagi bilan itoat qilish maqsadini ko’zlaydi. Aholini, xususan, yoshlarning Qonunlar, Prezident farmonlari va hukumat qarorlarining ma’no-mazmunini anglab yetishlari bu borada muhim ahamiyat kasb etadi.

Keng aholi ommasiga, xususan, yoshlarga amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini yetkazish, ularni qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy bilim darajasini oshirish, shuningdek, "2015 yil huquq bilimdonlari" tanlov g’oliblarini aniqlash va ularni munosib ravishda taqdirlash hamda iqtidorli yoshlarni yanada ko’paytirish, eng asosiysi, aholining mavjud qonunlarimiz bo’yicha xabardorlik darajasini oshirishdan iborat.

Negaki, barkamol avlod erkin fuqarolik jamiyatining hal qiluvchi kuchi, negizidir. Shu sababli mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama yetuk inson etib tarbiyalash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish va jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayapti. Buning tasdig’i sifatida O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining «Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi to’g’risida»gi Qarorini amalga oshirish bo’yicha tadbirlar rejasida amalga oshirilishi lozim bo’lgan vazifalar belgilab berilganligini aytishimiz mumkin.

Ushbu dasturda aholining huquqiy madaniyatini shakllantirishda ommaviy axborot vositalari­ning rolini kuchaytirish lozimligi qayd etib o’tilgan bo’lib, bundan asosiy maqsad  axborot texnalogiyalari, shuningdek, internet tizimi va uning ahamiyati haqida yoshlar ongida to’g’ri tushunchalar hosil bo’lishiga erishishdan iboratdir.

Yuqoridagi fikrlarni inobatga olgan holda aytish mumkinki,  bugungi globallashuv jarayonlarida yoshlarimiz internet bilan hamnafas tarzda ulg’ayib kelayotganligi va ularni internet tarmog’idagi salbiy ta’sirlardan himoya qilish, keng ommaga huquqiy bilimni singdirish, ularning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida, targ’ibot-tashviqot ishlarini olib borish bilan bir qatorda fuqarolarni qonunlarga itoatkorlik ruhida tarbiyalash  hamda har bir shaxsda qonunga hurmat tuyg’usini shakllantirish, aholining, shuningdek, yoshlarning ishdan va o’qishdan tashqari vaqtini sermazmun o’tkazishni ta’minlash maqsadida, internet tizimida “iqtidor.uz” huquqiy, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy sayti tashkil etilgan bo’lib, unda “Qomusimiz bilimdonlari”, “Qonun bilimdonlari” hamda “Yo’l harakati qoidalari bilimdonlari” yo’nalishlarida tanlovlar e’lon qilingan edi.

2016 yil 27 aprel kuni  Samarqand shahrida “Yoshlar markazi” binosida “iqtidor.uz” sayti orqali e’lon qilingan  “Qomusimiz bilimdonlari”, “Qonun bilimdonlari” hamda “Yo’l harakati qoidalari bilimdonlari” ko’rik-tanlovi  g’oliblarini  taqdirlash marosimi bo’lib o’tdi.

Mazkur taqdirlash marosimini o’tkazishdan asosiy maqsad, aholimizning, shuningdek, yoshlarimizning huquqiy bilimlari, ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularni O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va milliy qonunchiligimizga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash, yoshlarning erkin fikrlash qobiliyati va nutq madaniyatini o’stirish, ularning faol fuqarolik pozisiyasini yanada mustahkamlash, iqtidori yuksak bilimdonlarni aniqlash va ularni munosib ravishda rag’batlantirish bilan bir qatorda iqtidorli yoshlarning safini yanada  kengaytirishdan iborat.

G’oliblarni taqdirlash marosimi Muxtaram Yurtboshimiz Islom Karimovning yoshlarimizga qarata aytgan so’zlari aks etgan  videolavhalarni namoyish etish  bilan boshlandi. Yurtboshimizning so’zi nihoyasiga yetgach, yoshlarimiz qalbida vatanga nisbatan faxr va g’urur paydo bo’lib, yoshlarimiz Yurtboshimizning so’zlariga o’zlarining tuyg’ularini o’rnidan turgan holda olqishlash bilan javob qaytardilar.

Ushbu tadbirda tanlov g’oliblariga Samarqand davlat universiteti rektori tomonidan diplomlar, ushbu g’oliblarni taqdirlash marosimiga homiylik qilgan korxona tomonidan esa 30 (o’ttiz) dan ortiq g’oliblarga Prezidentimiz Islom Karimovning 19 jilddan iborat asarlar to’plami o’rin olgan kompak disklar, uyali telefon aloqa vositalari (sotovыye telefonlar), Mikroto’lqinli pech (Mikrovolnovaya pech), “Tefal” choy qaynatgichi, dazmol, huquqiy savodxonlikni oshirishga oid to’plamlar  va shu kabi boshqa bir qator qimmatbaho estalik sovg’alari berildi. Bundan tashqari g’oliblarning barchasiga kelgusi tanlovda bepul ishtirok etish uchun imtiyozlar ham berildi.

Mazkur g’oliblarni taqdirlash marosimi Samarqand viloyat teleradiokompaniyasi tomonidan video tasvirga olindi. Taqdirlash marosimida Samarqand viloyat adliya boshqarmasidan, Samarqand davlat universiteti rahbariyatidan, Samarqan shahridagi bir qator oliy ta’lim muassasalaridan, shuningdek, Samarqand viloyat “Kamolot” YoIH dan vakillar hamda  viloyatlar xalq ta’limi, kasb-hunar kollejlari va akademik liseylaridan  o’qituvchilar ishtirok etishdi.

Tanlov ishtirokchilari va tanlov g’oliblari estalik uchun suratlarga tushishdi hamda iqtidorli yoshlarimiz kelgusida bir-birlari bilan fikr almashish maqsadida  kelishib olishdi.

Bundan tashqari tanlov ishtirokchilari va g’oliblaridan so’zga chiqqanlar, ushbu tanlovni tashkil etgan tanlov tashkilotchilari va homiylariga o’z minnatdorchiliklarini bildirgan holda, haqiqatan ham ushbu tanlovlar aholining, xususan, yoshlarning ongiga qonunga nisbatan itoatkorlik ruhiyatini singdirish orqali har tomonlama ma’naviyatli barkamol avlodni tarbiyalash, jamiyatning barqaror rivojlanishiga ko’maklashuvchi huquqiy bilim va malakaga ega bo’lishlari uchun qonun manbalaridan yetarlicha xabardor bo’lishlarini ta’minlash barobarida ular ongiga ma’naviy, huquqiy va axloqiy qadriyatlarni singdirish, aholining, shuningdek, yoshlarning ishdan va o’qishdan tashqari vaqtini sermazmun o’tkazishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o’tish barobarida, kelgusida tanlov tashkilotchilaridan boshqa yo’nalishlarda ham tanlovlar kutib qolishlarini aytishdi. 

G’oliblarni taqdirlash marosimi juda ko’tarinki ruhda o’tdi.