Bizga maʼlumki, Oʻzbekistonda Konstitutsiyani oʻzgartirish boʻyicha xalq saylovi – referendum esa 30 aprelga belgilandi. Аsosiy qonunimizga kiritilayotgan oʻzgartirishlar haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni esa 275 tadan 434 taga koʻpaymoqda. Shuningdek, 128 ta moddadan 91 tasiga kontseptual oʻzgarish kiritilyapti va Konstitutsiya matni 65 foizga yangilanmoqda. Yangilanayotgan Konstitutsiya yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi rivojiga xizmat qiladi. Unda eng avvalo “Inson qadri uchun” gʻoyasi ustuvor yoʻnalish sifatida belgilangan. Inson huquq va erkinliklari ustuvorligi – huquqiy davlatning oliy maqsadi etib belgilanmoqda. Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning asosiy, printsipial yangiliklari, avvalo, Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyilayotganida aks etadi. Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarning toʻla huquqli subʼekti hamdir. Mamlakatimiz tashqi siyosati davlatlar suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralar buzilmasligi, hududiy yaxlitlik, nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, boshqa davlatlar ichki ishlariga aralashmaslik hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan boshqa printsip va normalariga asoslanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va koʻp tomonlama munosabatlarni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshiradi.

Oʻzbekiston Respublikasida ŭqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviĭ va madaniĭ salohiyatini saqlash hamda boĭitishning asosi sifatida eʼtirof etiladi. Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi.

Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlaydi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan ilk marotaba uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojini taʼminlash davlatning vazifalari qatoridan joy olayotganligi, davlat endilikda nafaqat umumiy oʻrta taʼlim, balki boshlangʻich professional taʼlim olishni ham bepul boʻlishini kafolatlaydi. Eng muhim yangiliklardan biri bu – alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim va tarbiyaning taʼminlanishi boʻldi.

Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy maʼlumot olinishi, nodavlat taʼlim tashkilotlari qoʻllab-quvvatlanishi toʻgʻrisidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda oʻz oʻrnini topishi va shaxsiy rivojlanishi uchun imkoniyat yaratadi. Oxirgi olti yilda oliygohlar soni 77 tadan 210 taga, ularga qabul esa, 5 baravarga ortib, talabalar soni 1 millionga, oliy taʼlim qamrovi – 9 foizdan 38 foizga oshdi. Davlat grantlari soni ham 2 baravar koʻpayib, 40 mingtaga yetdi, shundan, magistratura uchun – 5 baravar koʻpaydi.

Ushbu konstitutsiyaviy qoidalar zamirida mustaqilligimizni asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, kelajak avlodlarga ozod va erkin Vatan qoldirish, xalq manfaatlari koʻzlangan islohotlar yoʻlidan ortga qaytmaslik, qonun va adolat ustuvorligi, insonga eʼtibor va gʻamxoʻrlik kabi muhim qadriyatlar mujassam boʻlib, ular davlatchilikning tamal toshlari sifatida mustahkamlanmoqda.

Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga gʻamxoʻrlik – davlat siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qoladi Konstitutsiyada kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha davlat oʻziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshmoqda.

Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash – davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda. Inson va davlat organlari oʻrtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy taʼsir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib boʻlishi kerakligi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini taʼminlaydi, davlat idoralarining oʻz vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda masʼuliyatini oshiradi hamda insonga meʼyoridan ortiq huquqiy taʼsir choralari qoʻllanilishining oldini oladi.

Shuningdek, Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, ushbu muddat ushlab turish qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi (“Xabeas korpus” instituti) hamda shaxsni ushlab turish chogʻida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi (“Miranda qoidalari”), shuningdek, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik, yaʼni “sukut saqlash” huquqi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar shaxsiy erkinlik daxlsizligini va insonlarni noqonuniy hibsga olishga yoʻl qoʻymaslikni kafolatlaydi.

Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari sezilarli darajada kengaytirilmoqda. Xususan, konstitutsiyaviy huquqlar doirasi ekologik huquqlar, sogʻliqni saqlash, gender tenglik, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, mamlakatdan chiqish va moneliksiz qaytish, Internetdan foydalanish, shaxsiy maʼlumotlar himoyasi, oliy taʼlim, bepul yuridik yordam olish, davlat xizmatiga kirishda tenglik, uy-joyga ega boʻlish, undan mahrum etilganda kompensatsiya olish, bank operatsiyalari va hisobvaraqlarining sir saqlanishi, qonunchilikka oid taklif kiritish kabi huquqlar bilan toʻldirilmoqda.

Xulosa sifatida qayd etish joizki, yangilanayotgan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos va ishonchli kafolati boʻlib xizmat qiladi.

SamISI dotsenti, yuridik fanlar nomzodi, iqtidor.uz saytining
huquqiy-targʼibot guruhi rahbari Mamatov Xayrullo Teshaevich