“iqtidor.uz” huquqiy, madaniy, ma’naviy -  ma’rifiy  internet veb-sayti

targ'ibot guruhi rahbari, Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti, 

Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar nomzodi  X.T.Mamatov

Demokratik huquqiy davlat qurish va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish, mamlakat hududida adolat, erkinlik, tenglikni vujudga keltirish, birinchi navbatda fuqarolarni zarur axborotlar bilan ta’minlashni taqozo qiladi.

Industrial jamiyatdan axborot jamiyatiga oʻtish qator telekommunikasion, transchegara axborot tizimi, turli koʻrinish va modellardagi axborot manbalariga yoʻl ochilishi dunyo taraqqiyotida shaxsning garmonik rivojlanishi uchun yangi, yorqin imkoniyatlarni yaratdi.

Keyingi yillarda Respublikamizda bu masalaning huquqiy tartibga solinishi borasida paydo boʻlgan oʻnlab  qonun  hujjatlar masalaning dolzarblik doirasini yanada kengaytirmoqda. Tahlil qilinayotgan normativ materialning yetarli ekanligi va bu sohada qonunchilik jarayonining faol davom etayotgani esa muhim ahamiyat kasb etadi.

Binobarin, davlatimizning rivojlanishi va islohotlarning muvaffaqiyati koʻp jihatdan aholining huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyati darajasiga bogʻliqdir. Zero, fuqarolarning yuqori huquqiy madaniyatga ega boʻlishlari demokratik jamiyat poydevori va huquqiy tizim yuksakligining ifodasidir.

Mamlakatda amalda boʻlgan huquq tizimi boʻyicha xabardorlik, qonun normalarini hurmat qilish va unga qat’iy rioya qilish huquqiy demokratik davlat qurishning, siyosiy va huquqiy institutlar samarali faoliyat koʻrsatishining asosiy omillaridan biri hisoblanadi. Bu borada Prezidentimiz I.A.Karimov takidlaganlaridek: “Birinchidan, xalqimiz Prezident, Oliy Majlis, hukumat qanday farmon, qonun, qaror qabul qilyapti, bundan toʻla xabardor boʻlishi kerak. Ikkinchidan, ayniqsa inson huquqiga daxldor hujjatlarni har bir odam yuragidan oʻtkazishi, bu qonunlar uning hayotiga qanday ta’sir qilishini anglab yetmogʻi lozim. Uchinchidan, tayyorlanayotgan qonunlardan aholi ham xabardor boʻlishi, ya’ni ularning qanday ishlanayotgani jamiyat nazoratida turishi zarur”.

Demak, fuqarolarning huquqiy bilimi va ongini yuksaltirish, ularning jamiyatdagi siyosiy faolligini oshirish koʻp jihatdan ularning mamlakatda mavjud qonunchilikni bilishiga, ya’ni axborot bilan ta’minlanganlik darajasiga bogʻliq.

Ta’kidlash joizki, fuqarolarning axborotga ega boʻlish huquqlarini kafolatlashning tamoyillari Konstitusiyamizning 29-moddasida quyidagicha belgilab qoʻyilgan: “Har kim fikrlash, soʻz va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir”.

Yuqoridagi konstitusiyaviy tamoyil asosida jamiyatning zarur axborotlardan xabardorligini taminlash va axborotlashtirishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari va dasturlar qabul qilindi.

Oʻzbekiston  Respublikasining “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi, “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi qonunlar, “2002-2010 yillarda kompyuterlashtirish va axborot-kommunikasiya texnologiyalarini rivojlantirish Dasturi”, “Qonun hujjatlarini turkumlashni takomillashtirish va huquqiy axborotlarni tarqatishni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasining Qarori, “Me’yoriy-huquqiy hujjatlarni tarqatish tartibi toʻgʻrisida“gi, “Oʻzbekiston  Respublikasi axborot resurslarini tayyorlash va ularni ma’lumotlarni uzatish tarmoqlarida, shu jumladan, Internetda tarqatish tartibi toʻgʻrisida“gi Nizomlar shular jumlasidandir.

Binobarin, bugungi kunda fuqarolarni axborot bilan taminlashga qaratilgan yuqoridagi normativ huquqiy hujjatlar mamlakatimizda izchillik bilan hayotga tatbiq etilmoqda.

Shu bilan birga, bugungi “axborot asri” deb qaralayotgan davrda tegishli ma’lumotlar va axborotlarsiz jamiyat hayotining biror bir sohasida samarali faoliyat yuritish yoki ijobiy natijalarga erishish mumkin emasligi yaqqol koʻzga tashlanmoqda.

Shu jihatdan olganda, fuqarolarning Konstitusiyada belgilab qoʻyilgan axborotga ega boʻlish huquqlarini samarali ta’minlash borasida zamon talablariga mos keladigan konstitusiyaviy-huquqiy mexanizmni shakllantirish va bu borada davlat faoliyatining samaradorligini oshirish hamda tegishli qonunchilikni takomillashtirish masalalari ilmiy jihatdan oʻrganilishi zarur boʻlgan dolzarb masalalardan biridir.

Axborot har doim ham qat’iy ma’noda qabul qilinmaydigan eng tortishuvli obyekt hisoblanadi. Axborotni tadqiq qilishga qiziqish oʻtgan asrning 90 yillarida paydo boʻldi. Axborot tizimi va axborot huquqiy munosabatlari nazariyasi toʻgʻrisidagi ilmiy tahlilning yetarli emasligi ham shu bilan izohlanadi.

Bundan tashqari, axborot toʻgʻrisidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish jarayonini muvofiqlashtirish zarurati ushbu mavzuning dolzarbligini anglatadi.

Binobarin, konstitusiyaviy huquq fani nuqtai nazaridan inson va fuqarolarning axborotga boʻlgan konstitusiyaviy huquqi tushunchasi va uning yuridik tabiati, mamlakatimizda fuqarolarning axborotga boʻlgan huquqlarini ta’minlashga oid qonunchilikni takomillashtirish muammolari, jamiyatni isloh qilish va demokratlashtirish sharoitida inson va fuqarolarning axborotga boʻlgan huquqlarini ma’muriy-huquqiy tartibda, sud va jamoat tashkilotlarining samarali faoliyati orqali himoya qilish masalalari kabi muammolarni ilmiy-amaliy tahlil etish talab etilmoqda.

Shu jihatdan olganda, Oʻzbekiston  Respublikasida fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonida inson va fuqarolarning axborotga boʻlgan huquqlarini konstitusiyaviy-huquqiy kafolatlashning asosiy yoʻnalishlarini tizimli oʻrganish barobarida yuridik fan va amaliyot nuqtai nazaridan asoslantirilgan xulosa, taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish dolzarb ilmiy-nazariy va ijtimoiy-amaliy ahamiyatga egaligidankelib chiqib:

  1. Axborotga boʻlgan huquq fuqarolarning davlat ishlarini boshqarish, saylov huquqini amalga oshirish, vakolatli davlat organlariga murojaat etish huquqlari bilan chambarchas bogʻliq hisoblanadi. Binobarin, axborotga boʻlgan huquqning ta’minlanishi, oʻz navbatida yuqorida sanab koʻrsatilgan huquqlarning barchasini amalga oshirishning garovi sifatida maydonga chiqadi. Axborotga boʻlgan huquq zamonaviy jamiyatda inson hayotining deyarli barcha sohalariga tegishli ekanligini hisobga oladigan boʻlsak, ushbu huquqni fuqaroning shaxsiy huquqlari doirasiga kiritish mumkin.
  2. Hozirgi zamon yuridik fanida fuqarolarning axborotga boʻlgan huquqlarining yuridik tabiatiga nisbatan mavjud boʻlgan turli xil qarashlarni tahlil qilish asosida axborotga boʻlgan huquqning alohida huquqiy institut ekanligini ta’kidlash joiz. Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 29-moddasida mazkur huquq fikr va soʻz erkinligi kafolatlangan band bilan birga emas, balki alohida huquq sifatida qayd etilgan. Shu bilan birga, Oʻzbekiston  Respublikasining “Axborot olish kafolati va erkinligi toʻgʻrisida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolati toʻgʻrisida”gi Qonunlari va boshqa bir qator normativ hujjatlarda fuqaroning axborotga boʻlgan huquqi uning asosiy va fundamental huquqlaridan biri ekanligi mustahkamlab qoʻyilgan. Fuqarolarning axborotga boʻlgan huquqlarini ijtimoiy va huquqiy tabiatini yanada aniqroq tushunishda ushbu huquqning tarkibini “axborot olishga boʻlgan huquq” hamda “axborot sohasidagi faoliyatga boʻlgan huquq”larga ajratgan holda tahlil etish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Axborot olishga boʻlgan huquq doirasiga axborotni izlash va olish bilan bogʻliq boʻlgan vakolatlar kiradi.

Axborot sohasidagi faoliyatga boʻlgan huquqning mazmuni oʻzida axborotni ishlab chiqarish, saqlash va tarqatishga oid vakolatlarni ifodalaydi.

Axborotga boʻlgan huquqning “axborot huquqi” va “axborot sohasidagi faoliyatga boʻlgan huquq”ga boʻlinishi, oʻz navbatida, mazkur konstitusiyaviy huquqning mohiyatini tushunishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizning rivojlanishi va islohotlarning muvaffaqiyati hamda fuqarolik jamiyaini shakllantirish bilan bogʻliq strategik maqsad va vazifalarning samarali amalga oshishi koʻp jihatdan fuqarolarni huquqiy axborotlashtirish va shu asosda aholining huquqiy ongi hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish darajasiga bogʻliqdir. Binobarin, qabul qilinayotgan qonunlar, farmonlar, hukumat qarorlarini fuqarolarga yetkazish, halqimizning iqtisodiyot, siyosat va davlat qurilishi sohalarida olib borilayotgan islohotlarning mohiyatini teran tushunib yetishlariga hamda jamiyatda qonun normalarini hurmat qilish va unga qat’iy rioya qilishni ta’minlashga erishish siyosiy va huquqiy tizimlar samarali faoliyat koʻrsatishining asosiy omillari boʻlib hisoblanadi.