Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti
Ijtimoiy fanlar kafedrasi dosenti,
yuridik fanlar nomzodi X.T.Mamatov
Oʻzbekiston Respublikasining demokratik va huquqiy davlat qurishdan maqsadi mamlakatda yashovchi har bir kishining huquq va erkinliklarini toʻla kafolatlashdir. Buning uchun avvalo, Oʻzbekistonda huquqiy asos yaratildi, ya’ni respublika Konstitusiyasi va qabul qilgan qonunlarda umum e’tirof qilingan xalqaro xujjatlar qoidalariga mos keluvchi inson huquq va erkinliklari va ularning kafolatlari belgilab qoʻyildi. Xususan, Asosiy Qonunimizda fikr yuritish va soʻz erkinligini inson va fuqaroning daxlsiz hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qoʻyishga hyech kim xaqli boʻlmagan shaxsiy huquq-erkinliklari sifatida qaror toptiruvchi xamda insonning fikrlash, soʻz va matbuot erkinligini toʻgʻridan-toʻgʻri ta’minlashga qaratilgan, ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi huquqiy maqomini belgilab beradigan konstitusiyaviy qoidalar oʻz aksini topgan.
Konstitusiyaning 29-moddasida qayd etilganidek: “Har kim fikrlash, soʻz va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim oʻzi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir. Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli boʻlgan takdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin”.
Mazkur qoidaning Asosiy konun darajasida mustahkamlanganligi, birinchidan, fuqarolarning oʻz fikrlarini erkin tarzda matbuotda, radio va televideniye orqali yozma va ogʻzaki chiqishlarda ifodalash huquqini kafolatlasa; ikkinchidan, ommaviy axborot vositalarining benazir axamiyatiga berilgan yuksak e’tibordir. Ushbu konstitusiyaviy normada asosan quyidagi 4 ta muhim prinsip oʻz ifodasini topgan: 1) ommaviy axborot vositalari erkinligi; 2) ularning qonunga muvofiq ishlashi; 3) ularni axborotni toʻgʻriligi uchun javobgarligi; 4) senzuraga yoʻl qoʻyilmasligi.
Mazkur konstitusiyaviy qoida xalqaro huquq normalariga aynan mos holatda ishlab chiqilgan.
Jumladan, fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro Paktning 18-moddasida har kimning erkin fikrlash huquqi mustahkamlangan boʻlib, uning 19-moddasida oʻzining fikrini erkin ifoda qilish huquqi xech kanday cheklashlarsiz amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Har kimning oʻz fikrini erkin ifoda kilish huquqi oʻz ichiga izlanish erkinligi, har kanday axborotni olish, tarqatish, yozma yoki nashr shaklida yohud badiiy shaklda ifodalash erkinligini amalga oshirish imkonini beradi..
Inson hukuklari umumjahon Deklarasiyasining 19-moddasida "Har bir inson e’tiqod erkinligi va ularni erkin ifodalash huquqiga ega: ushbu huquq hyech bir toʻsiqsiz oʻz etiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va gʻoyalarini har qanday vositalar bilan, davlat chegaralaridan qatiy nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini oʻz ichiga oladi", deyiladi. Bu moddadagi ushbu huquqlardan foydalanish bilan birga, shuni alohida ta’kidlash joizki, unda ma’lum burch va javobgarlik ham mavjud. U oʻz navbatida, quyidagi ayrim cheklashlarni ham talab qiladi:
a) boshqa shaxslar huquqi va obroʻsini hurmat qilish;
b) davlat havfsizligi, jamoat tartibi, aholi sogʻligi va qadriyatlarini himoya qilish.
Har kimning oʻz fikrini erkin ifoda qilish huquqi oʻz ichiga izlanish erkinligi, har qanday axborotni olish, tarqatish, yozma yoki nashr shaklida yohud badiiy shaklda ifodalash erkinligini amalga oshirish imkonini beradi.
Fikrlash va e’tiqod erkinligi soʻz erkinligi orqali amalga oshiriladi, bu oʻz fikrini ochiq soʻzlash va boshqa shaxslarning e’tiboriga yetkazish deb tushuniladi. Koʻp holatlarda soʻz erkinligi ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi va ular har bir fuqaroning soʻz erkinligini, ommaviy axborot vositalarida chiqish huquqini, oʻz fikr va e’tirozlarini ochiq soʻzlashni kafolatlaydigan "Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni asosida faoliyat koʻrsatadilar.
Axborotlarni yigʻish, toʻplash, qayta ishlash, uzatish va ruxsat etilmagan tanishuvdan himoya qilish bilan bogʻliq boʻlgan hamda axborot tizimlarining ma’lumotlar bazalari va banklarini tashkil qilish, axborotlarni qayta ishlash va uzatishning boshqa tizimlarini yaratish, joriy etish va ulardan foydalanish sohasidagi munosabatlar “Axborot olish kafolatlari va erkinligi toʻgʻrisida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi.
Har turdagi ma’lumotlarni yigʻish va tarqatishga boʻlgan huquq konstitusiyaviy tizimga qarshi yoʻnaltirilgan, insoniyatning tinchligi va himoyasiga zid ravishda, jamiyat manfaatlariga qarama-qarshi maqsadda yoki boshqa insonlarning huquq va erkiga zid holatlarda qonun tomonidan cheklanadi.
Fikrlash va soʻzlash erkinligi qonun tomonidan davlat yoki boshqa ijtimoiy manfaatlarni himoya qilish nuqtai nazari bilan cheklanishi mumkin. Bunday cheklanishlar quyidagilar bilan izohlanadi: davlat sirlarini ovoza qilish davlatning iqtisodiy va siyosiy mustaqilligiga, mudofaa qudratiga va davlat hamda jamiyatning boshqa manfaatlariga putur yetkazishi mumkin.
1993 yilning 7 mayida qabul qilingan "Davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida davlat tomonidan qoʻriqlanadigan va maxsus roʻyxat bilan chegaralab qoʻyiladigan alohida ahamiyatli mutlaqo maxfiy-harbiy, siyosiy, iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va oʻzga xil ma’lumotlar Respublikaning davlat sirlari deb koʻrsatilgan boʻlib, ular haqida ma’lumotlar toʻplash va tarqatish cheklanadi. Davlat, harbiy va xizmat sirlarini oʻz ichiga olgan ma’lumotlar davlat sirlari safiga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim. (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 30-moddasi).
Oʻzbekistonning barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquqlari va manfaatlariga daxldor boʻlgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozimligini qayd qilgan. Shaxsning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilishda davlat organlari tomonidan qabul qilingan, fuqarolarning huquqi va manfaatiga daxldor huquqiy qoidalar bilan ularni tanishtirish muhim ahamiyatga egadir. Bundan tashqari barcha ishlarni sudlarda koʻrib chiqayotganda fuqarolarni oʻzlariga tegishli hujjatlar bilan tanishish huquqlari, barcha sudlarda ishlarni koʻrib chiqishning ochiq tarzda oʻtkazilishi sud prosessi qatnashchilarining barchasiga oʻz huquq va manfaatlarini, uning hujjatlari orqali himoya qilishga imkon yaratadi.
Shunday qilib, axborot olish huquqiga oid qabul qilingan konstitusiyaviy normalarimiz inson huquqlari sohasidagi xalqaro huquqiy andozalarga toʻla mos keladi.
Yuqoridagilar bilan birga, Konstitusiyaning 2, 12, 14, 15, 16, 17, 18, 19, 20, 22, 23, 24, 25, 26, 27 va 133-moddalarida xam, garchi ularning matnida "soʻz erkinligi", "matbuot erkinligi", "fikr erkinligi" kabi tushunchalar ishlatilmagan boʻlsada, bu qoidalar inson va fuqaroning ana shu huquq xamda erkinliklari ta’minlanishi, himoya etilishiga xizmat qiladi.
Koʻrib oʻtilgan konstitusiyaviy qoidalar asosida fuqarolarning axborot olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirishda tegishli institutlarning faoliyatini isloh qilish, ularning samarali ishlashiga koʻmak beruvchi mexanizmlarni tartibga soluvchi qonunchilik bazasini yaratish borasida muayyan ishlar qilindi.
Mustaqillik yillarida axborot olish huquqini taminlashga oid yetarli konstitusiyaviy - huquqiy baza yaratish bilan bir qatorda, mazkur qonunchilik xujjatlarni xayotga tadbiq etish borasida ham keng koʻlamda amaliy ishlar qilinayotganligini koʻrishimiz mumkin.
Demak, mamlakatda demokratik jamiyat qurish maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar xususan, qonunchilik asoslaridan xabardor boʻlish fuqarolar oʻrtasida hukuqbuzarlik holatlarini, odob axloqimizga zid xatti-harakatlarning oldini olishda, ularning huquqiy ongi va madaniyatini oʻstirishda oʻzining ijobiy ta’sirini koʻrsatadi. Fuqarolarning axborot olishga boʻlgan huquqlarini ta’minlash oʻz navbatida ularning amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanishiga hamda shu orqali davlatimiz oldiga qoʻyilgan asosiy vazifalarni bajarishda ularning faolligini ta’minlashga xizmat qiladi.