Aholi va yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirish, takomilashtirish va targ’ib etish azal-azaldan tadbiq etib kelinadi.  Ona tabiatni asrab avaylash, tabiiy resurlardan oqilona foydalanish, obodlikni, saranjom sarishtalikni kanda qilmaslik, hashar ishlarida birdamlikni saqlagan holda ishtirok etish Alisher Navoiyning hayoti va ijodida ham o’z aksini topgan. Alisher Navoiy ser ijod, g’azal mulkining sultoni bo’libgina qolmay, butun hayoti davomida adabiy asarlarini siyosat bilan birlashtirgan. Yuqori mansab egasi bo’lishiga qaramay, u mamlakat hayotining ijtmoiy iqtisodiy tomonlama takomillashishiga ulkan hissasini qo’shib borgan, qolaversa, ilm-fan, san’at rivojiga homiylik qilgan, yurtda tinchlik va totuvlik xukm surishi uchun doim harakatda bo’lgan.

U tomonidan yaratilgan “Xamsa” dostonlaridagi muqaddimalar dostonlar voqyeligiga shunchaki an’anaviy kirish qismi bo’lmay, dostonlar mundarijasi uchun kirish debochasi vazifasini ham bajargan. Muqaddimalarda keltirilgan fikrlarga alohida e’tibor berish dostonlar ma’nosi va mazmunida yashirin ramziy ma’nolarni yoritib berishga imkon yaratadi. Aynan muqaddimada buyuk mutafakkirning olam va odam, tabiat, kishilik jamiyati, umr va uning mazmuni haqidagi falsafiy axloqiy qarashlari, ijodkor sifatidagi buyuk salohiyati, va qo’llagan badiiy timsollari tariqasida aks ettirilgan. A. Navoiyning san’at asarlaridagi olamni sevmoq, uni asrab avaylamoq his tuyg’ulari insonlarni atrof-muhitga ziyon yetkazmaslikka, butun insoniyat uchun yaratilgan sharoitga shukur qilib yashashga undaydi. Uning bunday qarashlari xalqni oiladan boshlab, jamiyat farovonligi yo’lidagi hayerli yumushlarni kanda qilmaslikni belgilab beradi.

 “Tarbiyaning maqsadi-yosh avlodni xalqparvar, bilimli, eng yaxshi fazilatlarga ega inson qilib voyaga yetkazishdir.....” A. Navoiyning bu fikri bolalarning kamol topishida oiladagi muhitning yaxshiligi, atrof-muhitga ziyon yetkazmaslik, vatanini, ona tabiatni sevmoq tuyg’ularini shakllantirishni to’g’ri tashkil etishga qaratilgan. A. Navoiy masnaviyda Hirotdan ketishdan oldin o’zi yashayotgan muhit va sharoitning haqqoniy manzarasini beradi.

Yana bir bukim-zohir o’lmish mango,

Ki chiqmish Huroson elidin vafo,

 

Vafo azm aylama bo’lmish magar,

Saxoyu muruvvat anga hamsafar.

 

Bu uch fe’l chiqqan arodin tamom,

Yana bo’lmish uch fe’l qoyim maqom.

A. Navoiyning ushbu g’azalida ona vatanida bo’lgan sadoqat, eldan vafo, saxo, muruvvat ketganligini, amaldorlar orasida nizo chiqganligi-yu, vatanning parokanda bo’layotganligi, atrof-muhitning ne chog’liq beetiborda qolib ketganligini ifodalaydi. Bundan tashqari, yurt, xalq dardi bilan yashamoq kerakligini izohlaydi.  Allomaning yozishicha, xudoning osmonni ham, yerni ham jaxondagi hamma narsalarni yaratishdan maqsadi insonni yaratish, insonni yaratishdan maqsadi irfon edi. Dunyodagi bor mavjudot inson uchun yaratilgan ekan, demak inson o’z navbatida, g’aflatga berilmasdan, atrofini qurshagan borliqning va bu borliqni yaratganning sirlarini bilishga, yashirin xazinalarni ochishga harakat qilishi kerak. Navoiy dehqonlar ishini yengillashtirish maqsadida suvsiz yerlarga suv chiqarib, eski ariqlarni tozalatadi, yangi ariqlar qazdiradi. Natijada ekin maydonlari kengayadi, shaharni suv bilan ta’minlash ham yaxshilanadi.

Xondamirning yozishicha, A. Navoiy 20 ga yaqin xovuz qazdirgan, 16 ta ko’prik va 2 ta to’g’on qurdirgan. Eng qizig’i, u qazdirgan tashlama suvlar tashlanadigan o’ralarni alohida ya’ni yuvinish sulari alohida, oziq ovqat qoldiqlari va suvlarini alohida o’ralarga tashlanishini, ot aravalari qatnovi bo’lgan ko’chalarda daraxtlarni ko’proq o’tqazishni yo’lga qo’yganligida. Bu esa o’z navbatida, insonlarda iymonning yo’qolmasligi, halol va orasta yashamoqni bilishga undagan. Bu sa’y xarakatlar ekologik madaniyatning shakllanishi, oilada va jamiyatda kishilarning atrof-muhitni toza saqlash, unga ziyon yetkazmaslik, yurtning obodligiga befarq bo’lmaslikka o’rgatadi.

1480 yilda Hirot shahri va boshqa viloyatlarda o’z hisobidan bir nechta madrasalar, 40 ta yo’lovchilar uchun bekat, 17 masjidlar, 10 ta so’fiy turar joylari (honaqoh) 9 ta hammom, 9 ta ko’priklarni qurdirgan. Biroq, bu kabi hayrli ishlaridan norozi saroy amaldorlari Navoiyning xarakatlariga qarshi chiqadi. Butun umri davomida asarlar yozish va ijod mahsulini yaratish bilan cheklanmagan Navoiy insonlarning yashash sharoitini yaxshilash, farovon va sog’lom turmush tarzini shakllantirishda astoydil harakat qilib bordi. Husayn Boyqaro Navoiyni vazir lavozimiga tayinladi va unga “Amiri Kabir” (Ulug’ Amir) unvonini beradi. Ushbu lavozimda faoliyat olib borar ekan A. Navoiy el yurt manfaati, ravnaqi, adolat tantanasi uchun astoydil kurashgan, harakatlari natijasi o’laroq, davlatning barqarorligi va nufuzi ta’minlanib borilgan.

Hirot bu davrda nihoyatda ko’rkamlashadi, xalq turmushi yaxshilanadi, she’riyat, nafis san’at olami yanada rivoj topadi. Navoiy bundan tashqari, uning tashabbusi bilan bunyod bo’lgan shifoxonalarni kerakli darajada jixozlaydi. Tashkilotchilik va mukammal boshqaruviga ega bo’lgan Navoiy muassasalar, tashkilotlar, xizmat ko’rsatish sohalarini doim nazoratda ushlagan, habardor bo’lib borgan. Navoiyga bag’ishlangan tarixiy va ilmiy asarlarda batafsil tavsif qilinishicha, 1469 1481 yillar Navoiyning ijtimoiy hayot va obodonchilik borasidagi eng faol xizmat ko’rsatgan yillari bo’lgan. Shoir “Vaqfiya” asarida binokorlik va hayriya ishlarini tashkil etishga alohida to’xtalib o’tilgan. Navoiy dehqonchilik ishlarini ham keng yo’lga qo’ygan va aholining bandligini ta’minlashda, dehqonchilik ishlarini to’g’ri tashkil etishda yaxshi natijalarga erishgan. Bejizga Navoiyning hayoti va ijodiga to’xtalib o’tmadik, uning hayoti va izlanuvchanligi mahsuli va asosiy qarashlari hisoblangan obodonchilik, birdamlikdagi hashar va dehqonchilik ishlari o’sha davrda ham davlatning asosiy e’tiborida va yechimini topishi kerak bo’lgan targ’ibot tashviqot ishlari hisoblangan.

Darhaqiqat, bugungi kunda yurt farovonligi, A.Navoiy davridagi umumxashar ishlari, Ona tabiatni asrab avaylash tuyg’ularining insonlarda shakllanishini yurtimizda olib borilayotgan islohatlarda yaqqol ko’rishimiz mumkin. Bir  paytlar uyg’ongan, davom etib kelinayotgan ota bobolarimizdan meros hisoblangan qadriyatlarimiz va urf odatlarimiz, an’analarimiz haliham saqlanib kelinmoqda. Talaba yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirish, mavzuga oid o’quv mashg’ulotlarini zamonaviy didaktik vositalar va loyihalardan foydalangan holda tashkillashtirish keng yo’lga qo’yilgan. Qolaversa, buyuk bobokalonimiz A.Navoiy izidan borgan holda, o’sib kelayotgan yosh avlodning vatanni sevmoq, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, unga zarar yetkazmaslikka o’rgatish, birdamlik va atrof muhitni yanada obod etishda o’z hissasini qo’shishga o’rgatish bugungi kunning asosiy masalalaridan biri hisoblanadi.

Kelldiyarova Gulmira

Samarqand davlat universiteti, Geografiya va ekologiya fakulteti

Madjidova Tanzila.

Samarqand davlat universiteti, Geografiya va ekologiya fakulteti dosenti