O’zbekiston Respublikasi Prezidentining

qarori

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarni kreditlash tartibini takomillashtirishning qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida

2018-2019 yillar mobaynida aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, hunarmandchilik, kasanachilik va tadbirkorlik faoliyatining boshqa sohalarida bandligini ta’minlash orqali ularning qo’shimcha va barqaror daromad manbalari shakllanishiga shart-sharoitlar yaratish borasida dasturiy chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida aholining, ayniqsa chekka hududlardagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning ma’lum bir miqdorda iqtisodiy holati yaxshilanishiga ko’mak bo’ldi.

Shu bilan birga, kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yosh avlod tashabbuslari bo’yicha dasturlarni moliyaviy qo’llab-quvvatlash tizimi samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat ishtirokidagi tijorat banklarining ish uslublarini tubdan yaxshilash va bank xizmatlarining ommabopligini oshirish orqali aholining keng qatlamlari, kichik biznes va oilaviy tadbirkorlik subyektlari bilan to’laqonli sherikchilik munosabatlarini o’rnatish talab etiladi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash borasidagi ishlarni tashkil qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslar va ishlab chiqarish infratuzilmasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish to’g’risida»gi PF-5780-son Farmonida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish hamda kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yosh avlod tashabbuslarini qo’llab-quvvatlash borasidagi dasturlarda davlat resurslaridan oqilona foydalanish, ularning maqsadliligini ta’minlash va samaradorligini oshirish maqsadida:

1. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 noyabrdagi «Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash chora-tadbirlari to’g’risida»gi PF-5242-son, 2018 yil 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PF-5325-son va 2018 yil 27 iyundagi «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi to’g’risida

»gi PF-5466-son farmonlari, 2018 yil 26 apreldagi «Fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish bo’yicha qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi PQ-3680-son, 2018 yil 7 iyundagi «Har bir oila — tadbirkor» dasturini amalga oshirish to’g’risida»gi PQ-3777-son, 2018 yil 14 iyuldagi «Aholi bandligini ta’minlash borasidagi ishlarni takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PQ-3856-son va 2019 yil 7 martdagi «Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi PQ-4231-son qarorlari bilan respublikada kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, aholining o’zini o’zi band qilishni rivojlantirish, ayollar uchun imkoniyatlarni oshirish va yosh avlodni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan davlat dasturlari (keyingi o’rinlarda — Dasturlar) amalga oshirilayotganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Shunday tartib o’rnatilsinki, unga muvofiq 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

Dasturlar doirasidagi loyihalarni kreditlash O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi bo’yicha ustuvor ravishda AT Xalq banki, «Mikrokreditbank» ATB va «Agrobank» ATB (keyingi o’rinlarda — vakolatli banklar) orqali amalga oshiriladi;

O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasi, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida yangi ish o’rinlari tashkil etishni rag’batlantirish hududiy jamg’armalari, Xotin-qizlarni va oilani qo’llab-quvvatlash jamoat jamg’armasi, O’zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi «Yoshlar — kelajagimiz» jamg’armasi, O’zbekiston fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi Fermer, dehqon xo’jaliklari va tomorqa yer egalarini qo’llab-quvvatlash jamg’armasi (keyingi o’rinlarda — Jamg’armalar) va boshqa jamg’armalar hisobidan kichik biznes, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, xotin-qizlar va yosh avlod tashabbuslariga vakolatli banklar tomonidan ajratilgan kreditlar bo’yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensasiya va subsidiyalar berishga ruxsat etiladi;

Dasturlarni moliyalashtirish uchun resurslar ajratadigan O’zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi hamda Jamg’armalar resurslarining 2020 — 2022 yillarda so’ndiriladigan qismi har oyda vakolatli banklarga Dasturlar doirasidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun yo’naltiriladi, bunda resurslar bo’yicha foiz stavkasi O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasidan 4 foiz past qilib belgilanadi.

3. Quyidagilar:

Dasturlar doirasidagi loyihalarni 2020 yilda markazlashgan resurslar hisobidan moliyalashtirishning maqsadli parametrlari 1-ilovaga;

2020 yilda vakolatli banklar tomonidan Dasturlar doirasidagi loyihalarni kreditlashning maqsadli parametrlari 2, 2a, 2b, 2v-ilovalarga;

Davlat dasturlari doirasida ajratilgan kredit liniyalarni 2020 — 2022 yillarda qaytarish prognozi 3-ilovaga muvofiq ma’qullansin.

4. Vakolatli banklar kuzatuv kengashlari ikki oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin:

barcha hududlarda «bank xizmatlari ofislari»ning keng tarmog’ini yaratish, bunda zarur hollarda, mavjud filiallar tarmog’i tuzilmasini qayta ko’rib chiqish;

axborot texnologiyalarini qo’llash orqali yangi bank xizmatlari hamda «modulli» kreditlash asosida yangi kredit turlarini faol joriy qilish;

kichik biznes va aholining tadbirkorlik tashabbuslarini rivojlantirishga to’sqinlik qiluvchi dolzarb moliyaviy muammolarni hal qilish qismi bo’yicha hududlarda O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko’rib chiqish qabulxonalari bilan hamkorlik qilish;

banklar Kengashlari tarkibiga banklarning boshqaruvi tomonidan taqdim etilgan axborot va takliflarni amaliy bahs va munozara qilishga qodir mustaqil a’zolarni saylash orqali korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini joriy qilish va samaradorligini oshirish;

korrupsiyani bartaraf etishga qaratilgan manfaatlar to’qnashuvining oldini oluvchi va tartibga soluvchi siyosatni amalga oshirish, tijorat banklarining boshqaruv a’zolari va xodimlari tomonidan rioya etilishi majburiy bo’lgan axloqiy qoidalarni takomillashtirish;

bank ichki monitoring tizimini joriy qilish orqali banklarning «mijozga yo’naltirilganlik» ish uslubini yanada kuchaytirish, mijozlarga xizmat ko’rsatishda mavjud muammolarni aniqlash va bartaraf qilish.

5. O’zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi 2019 yil 1 noyabrga qadar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi to’g’risida»gi PF-5466-son Farmoni doirasida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun AT Xalq banki ustav kapitalini 250 milliard so’mga, «Mikrokreditbank» ATB ustav kapitalini 170 milliard so’mga va «Agrobank» ATB ustav kapitalini 290 milliard so’mga oshirish uchun mablag’lar ajratsin.

O’zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi Oilaviy tadbirkorlikni qo’llab-quvvatlash markazlari bilan birgalikda ajratilgan resurslar doirasida vakolatli banklar moliyalashtiradigan yoshlar tomonidan amalga oshiriladigan loyihalar ro’yxatini shakllantirsin.

6. O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda har bir tuman kesimida Dasturlar doirasida ajratilayotgan mablag’larning maqsadli ishlatilishi va kreditning qaytarilishi ustidan tizimli monitoring va nazoratni ta’minlasin.

7. Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va tumanlar kengashlariga har chorakda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi o’rinbosarining, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlar hokimlari birinchi o’rinbosarlarining Dasturlarni amalga oshirish samaradorligi borasidagi hisobotlarini eshitib borish tavsiya qilinsin.

8. O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o’zgartirish va qo’shimchalar to’g’risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish O’zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo’chqorov va O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B. Nurmuratov zimmasiga yuklansin.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYoYeV

Toshkent sh.,

2019 yil 24 oktyabr,

PQ-4498-son

 Manba lex.uz dan olingan