Ko’p berilayotgan savollar:

(aslida bu savollarning deyarli barchasiga javob berganmiz, yana qaytarishga majburmiz)

- Testga oq ko’ylakda kelish shartmi?

JAVOB: yo’q, shart emas. Kiyimga cheklov qo’yilmagan. Yalang’och kelmasangiz bo’ldi. O’zingizga qulay bo’lgan rangdagi kiyimda kelavering. Va yana salgina madaniyat doirasida shortikda, shippakda, maykada kelmaslikka ham farosatingiz yetadi, degan umiddamiz.

-Testga kirish soat nechida to’xtatiladi?

JAVOB: abituriyentlar test sinovlari o’tkaziladigan kuni binoga tegishli hududga soat 07:00 (ikkinchi smena soat 14:00) gacha, binoga soat 07:30 (ikkinchi smena soat 14:30) gacha shaxsni identifikasiyalash vositalari orqali tartibli ravishda kirishi kerakligi belgilab qo’yilgan.

Iltimos, yilning eng muhim kunida, bir martagina vaqtli uyg’onib, test o’tadigan joyga vaqtli borishga harakat qiling. Transportdagi tirbandliklarni ham hisobga oling. Shu kunda ham kechikib keladiganlarni sira tushuna olmayman.

-Testga kirish uchun qanday hujjat olib borish kerak?

JAVOB: Test sinovlariga kirish uchun faqat «Abituriyent ruxsatnomasi» va pasporti bo’lsa kifoya.

-Test javoblari qachon chiqadi?

JAVOB: abituriyentlar o’zi to’plagan balini DTM saytidagi shaxsiy kabineti orqali ertasi kuniyoq bilishi mumkin, talaba bo’lgan-bo’lmaganini test sinovlari to’liq yakunlangach bilib oladi.

-O’qishga kira olmaganlarga to’lagan pulini qaytarib beriladimi?

JAVOB: yo’q, qaytarib berilmaydi. Avvalgi yili bitirganlardan olingan 101 ming so’m bu – hujjat topshirish uchun edi. O’qishga kirolmaganlarga bu pul qaytarilmaydi.

-Bugun tushgan savollar ertaga yana tushadimi?

JAVOB: yo’q, tushmaydi. Bir kunda tushgan savollar boshqa kunda takrorlanmaydi, savollar bazasi unikal tuzilgan. Bitta yoki ikkita tushib qolishi mumkindir balki, lekin bu hyech narsani anglatmaydi va hyech qanaqa xavotirga o’rin yo’q.

-Testda necha varaq qoralama qog’oz berishadi?

JAVOB: joriy yildan boshlab test sinovlaridagi masalalarni ishlash uchun 2 varaqdan qoralama berilishi e’lon qilingandi.

-Savollar kitobiga taxmin qilgan javoblarimizni belgilab tursak bo’ladimi? O’zi savollar kitobiga nimadir yozish mumkinmi?

JAVOB: ha, savollar kitobiga bemalol taxmin qilingan to’g’ri javoblarni belgilash, turli qaydlar yozish, chizish mumkin. Lekin savollar kitobini yirtish, o’zi bilan olib chiqib ketish, birovga berib turishga ruxsat yo’q.

Manba @xushnudbek.