Xabaringiz bor, Italiyaning Neapol shahrida Butunjahon talabalari o’rtasida yozgi Universiada o’yinlari o’tkazilmoqda. Unda ishtirok etayotgan sportchilarimiz musobaqaning uchinchi kuniga kelib to’rtta medalga sazovor bo’ldi,–deya xabar beradi uza.uz sayti.

Nufuzli musobaqaning dastlabki kunida dzyudochimiz Muhammadkarim Xurramov (+90 kg) shohsupaga ko’tarilgan holda terma jamoamizning birinchi medalini taqdim etgandi. Keyingi medal yana bir dzyudochimiz Hikmatulloh To’rayev (-73 kg) tomonidan qo’lga kiritildi. Kechagi bahslarda esa bir emas ikki vakilimiz ham kuchli uchlikdan joy olgan holda terma jamoamizning bronza medallari sonini to’rttaga yetkazdi. 

-52 kg vazn toifasida bahs olib borgan o’smirlar o’rtasida jahon chempioni, kattalar o’rtasida Osiyo chempioni Diyora Keldiyorova braziliyalik Yasmim Lima, portugaliyalik Yoana Diogo va mo’g’ulistonlik Buyanxishig Purevsurenni mag’lubiyatga uchratdi. Bronza medal uchun kurashda esa germaniyalik Annika Vurfelni mag’lubiyatga uchratdi.

Mutloq vazn toifasida gilamga chiqqan Davlat Bobonov bronza medali yo’lida avvaliga germaniyalik Benjamin Bouizgarn va polshalik Oleksi Lisenkolarni mag’lub etdi. Uchinchi o’rin uchun kechgan bellashuvda esa ozarbayjonlik mashhur dzyudochi Rustam Kosoyevni mag’lub etishning uddasidan chiqdi va O’zbekiston sport delegasiyasiga to’rtinchi medalni taqdim etdi.