Xorijiy investorlar bilan ishlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Hukumat qarori qabul qilindi (547-son, 02.07.2019-y.) – deya "Huquqiy axborot” kanali xabar beradi.

Qaror bilan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida eksperiment tariqasida Xorijiy investorlarga koʻmaklashish guruhi tashkil etildi.

Guruhning asosiy vazifasi xorijiy investorlarni biznesni yuritish shartlari toʻgʻrisida xabardor qilish va faol axborot-tushuntirish ishlarini olib borish hisoblanadi.

Guruh tomonidan xorijiy investorlarning yagona maʼlumotlar bazasi shakllantiriladi.

Investorlarning murojaatlari Guruh tomonidan “business.gov.uz” axborot tizimiga kechiktirilmasdan kiritib boriladi.

Bosh vazir qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati esa ularni oʻrganib, tegishli choralar koʻrish uchun respublika darajasidagi vakolatli organlarga yoki hududiy qabulxonalarga yuboradi.