2 sentabr kuni Osiyo o'yinlarida ishtirok etgan o'zbekistonlik sportchilar Jakartadan yurtimizga qaytib kelishdi. O'zbekiston sport delegatsiyasi a`zolari maxsus jo'natilgan charter reysda uchib kelishdi.

Toshkent xalqaro aeroportida O'zbekiston delegatsiyasini kutib olish marosimi bo'lib o'tdi.

Sportchilarni kutib olishga muxlislar, sportchilarning yaqinlari, jamoatchilik vakillari, san`atkorlar va yuzlab yoshlar chiqishdi.

G'oliblarni kutib olish marosimida O'zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, bosh vazir o'rinbosari Aziz Abduhakimov, prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov, Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo'jayev va boshqa hokimiyat vakillari ham ishtirok etishdi.

Tadbirni ochib bergan bosh vazir ushbu Osiyo o'yinlari o'zbekistonlik sportchilar uchun muvaffaqiyatli kechgani, ular qit`aning bir qator yirik mamlakatlarini ortda qoldirib ketgani, demak sportchi va murabbiylar ayni paytda to'g'ri yo'ldan ketayotganliklarini alohida ta`kidlab o'tdi va ularga bundan keyingi turnirlarda yanada yuksakroq zafarlar tiladi.

Shundan so'ng yig'ilganlar bosh vazir bilan birgalikda O'zbekiston davlat madhiyasini kuylashdi.

Marosimda sportchilar turnirdan olgan taassurotlari bilan o'rtoqlashishdi.

Madaniyat xodimlari ham sportchilarni muvaffaqiyatli ishtirok bilan qutlashdi.

Aeroportdagi tadbir yakunlanganidan so'ng sportchilar maxsus ajratilgan ikki qavatli avtobuslarda Milliy olimpiya qo'mitasiga yo'l olishdi. Sportchilar u yerda ommaviy axborot vositalari xodimlari bilan muloqot qilishdi, esdalik uchun suratga tushishdi.

Manba kun.uz saytidan olingan