O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali uchun eksklyuziv intervyu berdi. «Xabar.uz» muxbiri Adliya vaziriga quyidagi savol bilan murojaat qildi:

Huquqiy targ‘ibot masalasida vazirlik faoliyati yaxshi tomonga o‘zgardi. «Telegram»dagi «Huquqiy axborot» kanali ko‘pchilikka manzur bo‘lmoqda. Ammo bu kanalni internet foydalanuvchilarigina kuzatib borishlari mumkin. Huquqiy targ‘ibotni internetdan foydalanmaydigan odamlar, umuman, aholining barcha qatlamlarigacha yetkazish bo‘yicha nimalar qilinyapti? Qanday inteaktiv usullardan foydalanish ko‘zda tutilgan? Galdagi rejalar qanday?

 

O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov savolga quyidagicha javob berdi:

Huquqiy targ‘ibot masalasi bo‘yicha biz tinmay o‘ylayapmiz: xalqimizning ongiga yetib boraylik, xalqimizning kundalik hayotida o‘z o‘rnimizga ega bo‘laylik, huquqiy madaniyatini oshiraylik degan nuqtai nazardan juda katta loyihalarni qilyapmiz. Mana, hamma mahallalarda adliya burchaklari qildik — 9 000 ta mahallada. Sayyor qabullarni yo‘lga qo‘yyapmiz. Notarial xizmat, FHDYo xizmati ham sayyor tartibda xizmat ko‘rsatishni boshladi. Borgan joyida huquqiy targ‘ibot bilan shug‘ullanyapti.

Bundan tashqari, Adliya vazirligi qoshida Davlat xizmatlari agentligi ishlayapti. Agentlikning 200 ta tumanda 200 ta tashkiloti bor, ularga 200 ta mashina olib berdik. Bular ham sayyor xizmatlarni tashkil qilishni boshladi. Ular ham bevosta huquqiy ong, huquqiy madaniyat masalalari bilan shug‘ullanishyapti, bugungi xalq manfaati uchun qilinayotgan ishlar, prezidentimizning yangi-yangi qarorlari, hukumat qarorlari to‘g‘risida tushunchalar berib yurishibdi.

Shuningdek, televideniyeda faollashyapmiz. Adliya vazirligining alohida axborot-tahlil multimedia markazini tuzildi. Ya’ni xalqqa yaqinroq bo‘lish uchun, huquqiy targ‘ibot materiallarimizni sifatli tayyorlab, tezroq ommaga yetkazish uchun shu muassasamizni ishga tushirdik. Bu loyihaga juda katta resurs yo‘naltirilgan. Hozir mazmunan boy va omma uchun foydali kontent shakllantiryapmiz. Mediamarkaz allaqachon o‘z mahsulotlarini bera boshlagan, uni televideniye va internet tarmog‘i orqali tarqatish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi.

Mana, prezidentimizning yangi qarorlari bilan tuman adliya bo‘limlari ochildi. Bugungi kunda mavjud 200 ta tuman adliya bo‘limlarining 195 tasiga rahbarlar tayinladik. Respublika bo‘yicha 75 foiz tumanlar uchun mutaxassislar jamoasini shakllantirdik. Bu tizim tumanlardagi qo‘l va oyoqlarimiz bo‘ladi, odamlarga yanada yaqinlashamiz.

Telegramdagi «Huquqiy axborot» kanalini rivojlantirib, televideniyeda ham kanalda berilayotgan axborot ma’lumotlariga tayangan holda qisqa-qisqa roliklar qilyapmiz. Qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini mutaxassis bo‘lmaganlarga, oddiy xalqimizga sodda shakllarda yetkazish yo‘llarini o‘ylayapmiz. Buning uchun sotsiologlar, psixologlar bilan ishlayapmiz.

Aholining huquqiy madaniyati, huquqiy ongi o‘sishi kerak. Huquqiy bilimlarini hayotiy vaziyatlarda va o‘zaro munosabatlarda ishlata olishi lozim. Huquqini talab qila bilishi kerak. Pirovard maqsad shu. Biz huquqiy axborotni ommaga yetkazish bilangina natijaga erishdik deyolmaymiz. Fuqaroning o‘zi bu axborotni tushunishi, qabul qilishi va hayotida foydalanishi kerak.

 

Manba: Xabar.uz