Kimyo fani bo‘yicha betakror ilmiy maktabiga ega bo‘lgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti iqtidorli talabalari dunyoning turli mintaqalarida o‘tkazilayotgan ochiq xalqaro internet olimpiadalarida faol ishtirok etishib, g‘oliblik shohsupalaridan munosib o‘rin egallamoqdalar. O‘tgan yili Kimyo fakulteti talabalaridan ikki nafari ana shunday xalqaro internet olimpiadalarida kumush medallarni qo‘lga kiritgan bo‘lsalar, 2018 yil 16 mart kuni o‘tkazilgan navbatdagi ochiq xalqaro internet olimpiadasida 3 kurs talabalari Jaloliddin Xushvaqtov oltin, Davronjon Abduvohidov kumush medal sohibi bo‘ldilar.

Mazkur nufuzli olimpiadaning hal qiluvchi bosqichida O‘zbekiston, Rossiya, Belarusiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston kabi davlatlarning 165 ta oliy ta’lim muassasalaridan 1443 nafar talabalar ishtirok etdilar. 180 daqiqa davom etgan onlayn olimpiada naqadar hayajonli o‘tganini tasavvur etish qiyinmas.

Nihoyat, olimpiada natijalari e’lon qilindi. Unga ko‘ra Kimyo fani bo‘yicha 85 ta oliy ta’lim muassasasidan 372 nafar talabalar kuch sinashgan mazkur turda Milliy universitetimiz iqtidorli talabalari eng yuqori pag‘onalardan o‘rin egallaganlari quvonchli holdir.

Bir paytlar «Dunyoning taniqli kimyogarlari» kitobini o‘qib, undan munosib o‘rin olgan kimyogar akademiklar – Obid Sodiqov, Shukur Tolipov, Sobir Yunusov, Malik Nabiyev, Karim Ahmedov, Hamdam Usmonovlarga havas qilganman,– deydi mazkur ochiq xalqaro internet olimpiadasida oltin medal sohibi Jaloliddin Xushvaqtov.– Bu ulug‘ ustozlar ham biz kabi talabalik yillari qancha olimpiadalarning g‘oliblari bo‘lganlari shubhasiz. Ana shu ulug‘ ustozlar izidan borib, kelgusida mamlakatimiz kimyo fani rivojiga o‘z innovatsiyalarim bilan munosib hissa qo‘shishga harakat qilaman