Livan poytaxti Beyrut shahrida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Osiyo chempionati o‘tmoqda. 

Unda III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun muhim reyting ochkolari o‘ynalmoqda. Mazkur musobaqada qit’amizning 20 mamlakatidan 400 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashayotir. 

Chempionatning yoshlar o‘rtasidagi bahslarida G.Murodboyeva, X.Kamolidinova, N.Yuldasheva, B.Omandavlatov, Sh.Po‘latov oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, D.Yo‘ldoshev, A.Yusupov kumush medal sohibiga aylandi. Shuningdek, D.Keldiyorova, I.Agajonova, O.Nomonov, Yu.Normamatov hamda Yu.To‘raqulov o‘z vazn toifalarida shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. 

O‘smirlar o‘rtasida o‘tgan bellashuvlarda S.Qadamboyeva, N.Yermagambetova, B.Sharifjonov barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratib, Osiyo chempioniga aylandi. 

Musobaqada finalga qadar muvaffaqiyatli ishtirok etgan M.Ochilov, J.Nazarov, A.Abdulazizov, F.Xolmurodova, Sh.Qurbonova terma jamoamizga kumush medal keltirgan bo‘lsa, O.O‘rinboyev, F.Tursunboyeva, T.Erkinov hamda Sh.Umirzoqov bronza medal sohibi bo‘ldi.