Shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda yoshlarni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalashda o‘zaro muloqot jarayoni g‘oyatda katta rol o‘ynaydi. Chunki muloqot jarayonida borliqdagi xilma-xil narsa, xodisalar  bilan munosabatda bo‘lishi asosida ularning mohiyatini anglay boshlaydi. Muloqot dialektik jarayon bo‘lib, kishilarning o‘zaro aloqa munosabatlarida  namoyon bo‘ladi.

Darhaqiqat, jamiyatda hal qilinmagan muammolar muloqot jarayonida  o‘z yechimini topib jamiyatda muvozanat yuzaga kelib, jamiyat taraqqiyoti yuksalaveradi. Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlisga murojaatida ta’kidlaganidek; “Biz mamlakat hayotiga doir har bir qarorni halqimiz bilan maslahatlashib, bevosita muloqot asosida qabul qilmoqdamiz”. “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilish kerak” degan g‘oya bu borada faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda”-deb uqtiradi. Qisqa muddatda bir yarim milliondan ziyod fuqarolar murojaat qilishi natijasida muloqot jarayonida ularning muammolari o‘z yechimini topdi.

Darhaqiqat, muloqot insonlar o‘rtasida  xilma-xil ijtimoiy munosabatlarida amalga oshadi. Ijtimoiy munosabatlar, aslida, odamning siyosiy munosabatlaridan tortib, uning shaxslararo munosabatlari xususiyatlarini ham, o‘z ichiga olgan murakkab jarayondir. Bu jarayonni turli nazariy oqim vakillari o‘zlaricha o‘rganishlari ma’lum. Masalan, interksionizm vakillari uni shaxslararo o‘zaro ta’sirning turlicha namoyon bo‘lish shaklida  tushunchalar, ijtimoiy almashinuv nazariyasi tarafdorlari odamlarning bir – birlariga nisbatan talablari, kutishlari va manfaatdorliklarining o‘zaro almashinuvi jarayoni sifatida tasavvur qiladilar. Shunga o‘xshash hozirda turli-tuman yondashuvlar mavjud, lekin ularning barchasini birlashtiradigan yagona-g‘oya-bu odamlar o‘rtasida sodir  bo‘ladigan o‘zaro ta’sir va o‘zaro aloqa jarayonlarining mexanizmlarini aniqlash va ushbu jarayonni boshqarish usullarining taktika va strategiyasini ishlab chiqishdir.

Falsafa ilmidan shu narsa ma’lumki, har qanday ijtimoiy munosabatlar ko‘p qirrali bo‘lib, har birining o‘ziga xos kechish xususiyatlari va shart –sharoitlari, qonuniyatlari bo‘ladi. Agar rahbar o‘z jamoasidagi shaxslararo munosabatlar nimaga asosan kechishini bilsa, uni boshqarish oson. Shunga ko‘ra ta’kidlash mumkinki, agar jamoada haqiqiy samarali, ijodiy mehnatga safarbar e’tuvchi “iqlim” tashkil qilinmagan bo‘lsa, odamlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar va muoamala ham asosan hissiyotlarga, odamlarning bir-birlarini hurmat qilishlari, yoqtirishi – yoqtirmasliklariga asoslanib qoladi. Odamlar ishga otlanar ekanlar, avvalo kimlarni ko‘rish, kimlar bilan tushlikka chiqish yoki bir stol atrofida o‘tirish, vaqtni o‘tkazish uchun qaysi ishlar bilan shug‘ullanishi kerakligini o‘ylab keladi. Demak, bunday jamoada ish qoniqarsiz tashkil etilgan, odamlar o‘rtasidagi munosabatlar sof emotsional-hissiy muomalaga tayanadi. Ana shunday yerlarda guruhbozlik, jamoaning kichik-kichik guruhlarga bo‘linib ketishi, buning oqibatida bir nechta norasmiy liderlarning paydo bo‘lib, har biri o‘z “ixlosmandlarini” o‘ziga xos manfaatlar bilan atrofida birlashtirayotganligini ko‘rish mumkin.

Boshqa jamoada esa ish butunlay boshqacha tashkil etilgan bo‘lishi mumkin. Oqil va tashabbuskor rahbar qo‘l ostida ishlayotganlar jamoasini bir yaxlit deb tasavvur qilib, ishga ketayotganda, eng avvalo, kecha oxiriga yetkaza olmagan ishlari bor-yo‘qligini, bugun qanday ishni va kim bilan, kim orqali bitkazishini, ishni yanada yaxshilash uchun bugun yana qanday choralar ko‘ra olishi haqida o‘ylaydi. Jamoaning har bir a’zosi eng avvalo ishni o‘ylab uyidan chiqadi. Demak, bunday jamoadagi o‘zaro shaxslararo munosabatlar ham ishchanlikka asoslanadi va jamoaning eng tashabbuskor, fidoyi, aqlli a’zosi kim bo‘lishidan, yoshi yoki jinsidan qat’iy nazar, norasmiy obro‘ga ega bo‘lishi va liderlikka da’vogar bo‘lishi mumkin.

Rahbar esa ana shunday tashabbuskor, mehnatkash, jonkuyar odamlar bilan doimo hisoblashadi va ular fikriga quloq soladi. Bunday rahbarning mahorati uning jamoadagi norasmiy va rasmiy liderlar bilan hamkorlikda, muloqotda ishlay olish san’ati bilan baholanadi. Bundan tashqari har bir konkret vaziyatda va jamoada odamlar o‘rtasidagi munosabatlarning turli shakllari namoyon bo‘lishi mumkin. Masalan, ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabat faqat rasmiy aloqalar bilan cheklanmay balki bir vaqtning o‘zida norasmiy shaxsiy munosabatlar bilan uyg‘unlashadi. Agar umuman jamiyat miqyosida oladigan bo‘lsak, ijtimoiy munosabatlarning siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, mafkuraviy, diniy,ma’naviy sohalarda ro‘y beradigan shakllarini ham farqlash mumkin. Ular yuqoridagilardan kelib chiqib, konkret vaziyat va ijtimoiy faoliyat turiga mos tarzda o‘ziga xos qonuniyatlarga asoslanib ro‘y beradi.

Xo‘sh, shunday ekan muloqot  nima degan savol tug‘iladi. Bu savolga javob topish bilan ko‘pincha    psixolog olimlar shug‘ullanganlar. Masalan, psixologiyaga oid kitoblarda: “Muloqot – hamkorlikda faoliyat ehtiyoji bilan taqozolangan aloqa o‘rnatish va uni rivojlantirish jarayoni; muloqat belgilar tizimi orqali sub’ektlarning o‘zaro ta’sirlashuvi. Muloqat-kamida ikki kishining o‘zaro ta’sir jarayoni bo‘lib, bu ta’sir davomida axborot almashinadi, munosabat o‘rnatiladi va rivojlantiriladi, tugatiladi yoki korreksiyalanadi” – degan ta’riflar berilgan.

Ma’lumki muloqot sub’ektlarini barcha tirik mavjudotlar, odamlar tashkil etadi. Muloqot barcha tirik mavjudotlar o‘rtasida yuz berishi mumkin, biroq, odamlar o‘rtasidagi muloqot til va tafakkurga bog‘liq ekanligi bilan ajralib turadi. Jonli ijodiy muloqot faqat insonlar o‘rtasida amalga oshirilishi mumkin. Muloqotda ijtimoiy va shaxsiy munosabatlar ro‘yobga chiqariladi. Muloqotsiz kishilik jamiyati bo‘lishi mumkin emas. Chunki muloqot jarayonida insonlar bir-birining dunyoqarashini boyitadi. Aynan muloqot hamkorlikda faoliyat rejasini tuzish, uni ro‘yobga chiqarish uchun individlar o‘rtasida muloqot amalga oshirilishi shart. Muloqot vositasida hamkorlikdagi faoliyat tashkil etiladi va amalga oshiriladi. Ayni vaqtda faoliyat davomida kishilar o‘rtasida yangi-yangi munosabatlar va aloqalar shakllanadi.

            Muloqat o‘zbek tili izohli lug‘atida bayon etilishicha arabcha so‘zdan kelib chiqqan bo‘lib, o‘zbek tilida “uchrashish”, “ko‘rishish”, “qabul qilish”, degan ma’nolarni anglatgan. Faylasuf olimlar J.Ya.Yaxshilikov, N.E.Muhammadiyevlar muloqat tushunchasining mohiyatini ifodalashga harakat qilganlar.

“Muloqat bilan faoliyat o‘zaro chambarchas bog‘liqdir. Shundan kelib chiqqan holda muloqat tushunchasini shunday ta’riflashga uringanlar.

Muloqat bu, kishilarning o‘zaro bevosita yoki bilvosita uchrashishi, ko‘rishishi, qabul qilishi orqali o‘rnatiladigan munosabatlari natijasida axborotlar almashiladigan, olingan ma’lumotlar bo‘yicha tegishli xulosalar chiqarishga asos bo‘ladigan ko‘p qirrali jarayondir”.

Yuqoridagi fikrlarga tayanib, muloqat jarayonini nisbiy tarzda quyidagi yo‘nalishlarda namoyon bo‘lishini ifodalash mumkin.

1. Individlarning o‘zaro ta’sir jarayoni;

2. Individlar o‘rtasidagi axborot almashinuvi jarayoni;

3. Bir shaxsning boshqa shaxsga munosabati jarayoni;

4. Bir kishining boshqalarga ta’sir ko‘ratish jarayoni;

5. Bir-birlariga hamdardlik bildirish imkoniyati;

6. Shaxslarning bir-birlarini tushinishi jarayonini o‘z ichiga qamrab oladi.

Shu bilan birgalikda aholi bilan bo‘ladigan muloqatni quyidagi turlarga ajratish mumkin:

1)      Bevosita; 2) Bilvosita; 3) Rolli; 4) Mazmunli; 5) Rasmiy; 6) Norasmiy

kabi turlarga ajratish mumkin.

Bunda:

1. Bevosita muloqat  “yuzma-yuz” suhbat bo‘lib, uning har bir ishtirokchisi idrok qiladi va hamma mavjud vositalarni keng qo‘llaydi.

2. Bilvosita muloqat ham aloqa vositasi bo‘lib, unda shaxslar, aloqa vositalari va mexanizmlar ishtirok etadi. ( Masalan: telegraf, telefon orqali gaplashish).

3. Rolli muloqat bu odamlar tamonidan ijtimoiy rollar orqali amalga oshiriladi. Masalan, tergovchi va jabrlanuvchi o‘rtasidagi muloqat rollidir.

4. Mazmunli muloqat bu individning boshqa shaxsga o‘z holati, kayfiyati, hohishini mimika, harakat, imo-ishora orqali bildirishidir.

5. Rasmiy muloqat yuridik kuchga ega bo‘lib, davlat va jamiyat manfaatlarini ko‘zlagan hamda qayd etiladigan muloqat turidir. Masalan, tergov jarayonidagi so‘roq qilish.

6. Norasmiy muloqat bu shaxslararo o‘zaro muloqat jarayonida o‘zini qiziqtirgan u yoki bu ma’lumotga ega bo‘lish hisoblanadi.

Shu bilan birgalikda muloqat quyidagi vazifalarni ham bajaradi:

1.  Aloqa o‘rnatish-suhbatdoshni aloqaga kirish uchun tayyorlash;

2. Informatsion – suhbatdosh bilan muayyan ma’lumotlar, fikrlar va rejalarni almashish;

3. Faoliyatga undosh – suhbatdoshni biror harakatni bajarishga rag‘batlantirish:

4. Koordinatsion – suhbatdosh bilan hamkorlikdagi faoliyatni tashkil etish va uni amalga oshirishda harakatlarni muvofiqlashtirish;

5) Tushunishni ta’minlash- suhbatdoshning fikrlari va hissiyotlarni tushunish;

6) Motivlashtirish-subatdoshda muayyan hissiyotlarni uyg‘otish hamda ularni o‘zgartirish;

7) Munosabat o‘rnatish – munosabatlar tizimidagi shaxsiy o‘rnini, mavqeni aniqlash;

8) Ta’sir ko‘rsatish – suhbatdoshning hulq-atvori, shaxsiy xususiyatlari, maqsadlari va yo‘l-yo‘riq, ko‘rsatma, dasturlarini o‘zgartirish va shu kabilarni bajaradi.

            Umuman olganda yuqoridagi g‘oyalar tahlilidan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, muloqat jarayoni yoshlarning dunyoqarashi, taffakuri rivojlanishida g‘oyatda muhim tarbiyaviy vosita omillaridan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Samarqand davlat universiteti professori

J.Ya.Yaxshilikov