O’zbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag’ishlangan tantanali marosimda Mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitusiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O’zbekistonning xalqaro maydonda munosib o’rin egallashida mustahkam poydevor bo’lib xizmat qilmoqda”- deya qayd etib o’tdilar. 

Shu o’rinda alohida ta’kidlashimiz lozimki, Yurtboshimiz  tomonidan 2017 yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishi o’z navbatida, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik jarayonlarning sifati va natijadorligini tubdan oshirish hamda insonning huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini, shu jumladan odamlar hayotining munosib darajasini ta’minlash, ular amalga oshirilishi uchun davlat organlarining roli va mas’uliyatini kuchaytirish, aholi bilan ochiq muloqotni yo’lga qo’yish va ularning murojaatlari bilan ishlashning yangi samarali mexanizmlari va usullarini joriy etish, fuqarolarni bezovta qilayotgan hayotiy muammolarni o’z vaqtida hal etish, “Inson manfaatlari har narsadan ulug’” degan ezgu g’oyani hayotga izchil joriy etish yo’lida muhim qadam bo’ldi.

Darhaqiqat, inson manfaatlari, xalq farovonligini ta’minlashda xalq bilan muloqot qilish, ularning orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini bilish muhim hisoblanadi. Odatda, yaxshi taklif va muammoli masalalar samimiy muloqot va suhbatlar natijasida o’z yechimini topadi.

Demak, xalq bilan muloqot qilish, o’z navbatida, inson manfaatlarining yuksalishiga olib keladi. Ya’ni, muloqot va manfaat tushunchasi mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning fikrlaridan kelib chiqib aytadigan bo’lsak, “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”,– degan tamoyilga asoslanadi.

Xalq bilan bo’ladigan muloqot  O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi  va amaldagi qonunchilik aktlarida qay darajada huquqiy tartibga solinganligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonunchilik va demokratiya doirasida olib borilishi kuzatilayotgan muloqotning huquqiy-tashkiliy mexanizmlari kengroq  shakllanish darajasiga kirmoqda. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 2, 9, 13, 29, 30, 35-moddalarida davlat organlari va xalq o’rtasidagi muloqotning dastlabki huquqiy asoslari mustahkamlab qo’yilgan.

Bosh Qonunimizning 2-moddasida “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”, – deb yozib qo’yilgan. Ularning xalq oldidagi ma’sulligi egallab turgan lavozimlarining xalq vakillari – Prezident va xalq deputatlari tomonidan ma’qullanganligidadir.

Bunda davlat organlari va jamiyatning barcha qatlamlari ishtirok etishlari hamda sidqidildan hamkorlik qilishlari talab etiladi.

Bu jarayon aholiga yetarli darajadagi huquqiy axborotlarni  o’z vaqtida taqdim qilish, ularning huquqiy bilim va huquqiy madaniyati  uzluksiz oshirib borilishini taqozo etadi.

Qomusimizning 9-moddasidagi “Jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo’yiladi. Referendum o’tkazish tartibi qonun bilan belgilanadi”, – degan qoida xalq bilan muloqotning eng oliy shakllaridan biri sifatida davlat va xalq o’rtasidagi muloqotning asl mohiyatini ochib berishga qaratilganligini ko’rish mumkin. Chunki, Konstitusiyaning  13-moddasida qayd qilinganidek, O’zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko’ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi.

Demokratik huquq va erkinliklar Konstitusiya va qonunlar bilan himoya qilinadi.

O’zbekiston – inson qadri qaror topgan mamlakat. Konstitusiyamizning alohida bir bo’limi inson va fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va burchlariga bag’ishlangan bo’lib, unda  Konstitusion kafolatlar ham mustahkamlanib qo’yilgan. Bundan tashqari, insonlarning huquq va erkinliklari amaldagi qonunchilik hujjatlarining predmeti doirasida ham keng tartibga solinganligini ko’rishimiz mumkin.

Bosh Qonunimizning 29-moddasida “Har kim fikrlash, so’z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o’zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega, amaldagi konstitusiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborot va qonun bilan belgilangan boshqa cheklashlar bundan mustasnodir.

Fikr yuritish va uni ifodalash erkinligi faqat davlat siri va boshqa sirlarga taalluqli bo’lgan taqdirdagina qonun bilan cheklanishi mumkin”, – deb qayd etib qo’yilgan.

Bundan tashqari, O’zbekiston Respublikasining “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to’g’risida”gi va  “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to’g’risida”gi  qonunlari ushbu Konstitusion huquqning har tomonlama keng  jihatlarini tartibga soladi. Qonun bilan cheklangan axborotlar deganda davlat, harbiy, insonning shaxsiy hayoti va boshqa  sirlar bilan bog’liq ma’lumotlar tushunilib, bunday axborotlar alohida qonunlar, xususan “Davlat sirlari to’g’risida”gi Qonun bilan himoya qilinadi. Qolgan barcha axborotlarni izlash, olish va ulardan qonunlarda belgilangan maqsadlarda va shartlarda foydalanish barcha fuqarolar uchun kafolatlanadi.

Konstitusiyamizning 30-moddasida,O’zbekiston Respublikasining barcha davlat organlari, jamoat birlashmalari va mansabdor shaxslari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo’lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozim”, – degan juda muhim qoida o’z aksini topgan.

Bu yerda gap davlat va jamoat organlari hamda ularning mansabdor shaxslari fuqarolarning huquq va manfaatlariga daxldor bo’lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan har bir fuqaroga tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berish borasida mas’ul ekanligi qayd etib o’tilgan.

Bu huquq, o’z navbatida, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to’g’risida”gi va boshqa qonun hujjatlari bilan aniqlashtirilgan holda tartibga solingan.

Konstitusiyamizning 35-moddasida “Har bir shaxs bevosita o’zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.

Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonundabelgilangan tartibda va muddatlarda ko’rib chiqilishi shart”, – deb qayd etib o’tilgan. Bu bilan biz davlat organlari va xalq o’rtasidagi muloqotni tashkil kilishning eng prinsipial qoidalari ushbu moddada o’z aksini topganligini ko’rishimiz mumkin.

Chunki, bu yerda masala ariza, taklif va shikoyatlar berish huquqi va ularning ko’rib chiqilishi to’g’risida bo’lib, davlatimiz yangi rahbarining tashabbuslari bilan bu huquq jarayoni yanada takomillashtirildi.

Shu o’rinda Mamlakatimizning yangi rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyev xalq manfaatlarini oliy qadriyat ekanligini qayd etib, kirib kelayotgan  2017 yilni “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilishi hamda bu boradagi eng dolzarb va ustuvor vazifalarning  belgilab berilishi, avvalambor, davlat organlarining fuqarolar bilan o’zaro munosabatlarining tubdan takomillashishiga zamin yaratib, xalq bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni o’z vaqtida hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini topish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochib berganligini alohida ta’kidlab o’tish lozim bo’ladi. Bu yaratilayotgan imkoniyatlar hamda belgilab berilgan vazifalar zamirida xalqimiz faravonligi va osoyishtaligini ta’minlashdek ulug’ maqsadlar yotibdi, desak also mubolag’a bo’lmaydi.

     “iqtidor.uz”  sayti muharriri

X.T.Mamatov