Savol: Oliy o’quv yurtlarida to’lov-kontrakt asosida o’qish uchun ta’lim kreditlari kimlarga beriladi?

         Javob:  O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi «Oliy o’quv yurtlarida to’lov-kontrakt asosida o’qish uchun ta’lim kreditlari berish to’g’risida"gi qaroriga asosan ta’lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo’limlariga to’lov-kontrakt asosida qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi fuqarosi bo’lgan talabalarning o’qishi uchun talabalarning o’zlariga, ularning ota-onalariga yoki vasiylariga  berilishi mumkin.

         Savol: Ta’lim kredit lari qancha muddatga beriladi?

         Javob: Ta’lim kreditlari, oliy ta’lim muassasalarida o’qish davri hisobga olingan holda, bakalavriatga o’qishga qabul qilingan talabalarga 10 yilgacha, magistraturaga o’qishga qabul qilingan talabalarga 5 yilgacha bo’lgan muddatga beriladi.

         Muddatli harbiy xizmatni o’tash davri bu muddatga kirmaydi.

         Savol: Ta’lim kreditlarini berishda  kimlarga va qanday imtiyozlar belgilab qo’yilgan?

         Javob: Ta’lim kreditlarini berishda  chin yetimlarga, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlarga hamda bolalikdan I va II guruh nogironlariga — nol foiz stavkasi (foizsiz kredit) berilishi nazarda tutilgan. Talabalarning qolgan toifalariga — O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalash stavkasidan yuqori bo’lmagan o’zgaruvchi foiz stavkalari belgilanadi.

 Bundan tashqari kam ta’minlangan oilalardan bo’lgan talabalar uchun kredit bo’yicha qo’shilgan foizlarning 50 foizi tuman Bandlikka ko’maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari tomonidan Ish bilan ta’minlashga ko’maklashish davlat jamg’armasi mablag’laridan to’lanadi.

Savol: Talaba muddatli harbiy xizmatni o’tayotgan davrda ta’lim kreditlari uchun foiz stavkalari hisoblanadimi?

Javob: Talaba muddatli harbiy xizmatni o’tayotgan davrda ta’lim kreditlari uchun foiz stavkalari hisoblanmaydi.

8. Ta’lim kreditlari, qoidaga ko’ra, qarz oluvchi tijorat banklari muassasalari tomonidan beriladi.

Savol: Kreditni rasmiylashtirish tartibi qanday bo’ladi?

Javob:  Ta’lim kreditini olish uchun qarz oluvchi yashaydigan aholi punktida joylashgan tijorat bankiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) ta’lim krediti berish to’g’risidagi ariza;

b) talaba va oliy ta’lim muassasasi o’rtasidagi to’lov-kontrakt asosida o’qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt). Kontraktda o’qishning belgilangan muddati va bir yil uchun to’lov miqdori ko’rsatilgan bo’lishi lozim. O’qish uchun to’lov miqdori keyingi yillarda o’zgargan hollarda kontraktlarga tegishli o’zgartirishlar kiritiladi, bu haqda oliy ta’lim muassasasi o’n kun muddatda bankka yozma ravishda ma’lum qiladi, so’ngra qarz oluvchi, bank va oliy ta’lim muassasi o’rtasidagi kredit shartnomasiga zarur o’zgartirishlar kiritiladi;

v) fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan qarz oluvchining yashash joyi to’g’risida berilgan ma’lumotnoma:

g) kreditni qaytarishning ta’minlanishi to’g’risida hujjat;

d) imtiyozli ta’lim kreditlari olish huquqiga ega bo’lgan chin yetimlar, «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari, kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar tegishli tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadilar.

Qarz oluvchi yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan ayni bir vaqtda pasportini shaxsan ko’rsatadi. Bank pasportdan va taqdim etilgan boshqa hujjatlardan zarur ko’chirmalar va nusxalar olishga haqlidir.

Savol: Olingan kredit qaytarilmasligi xavfini oldini olish maqsadida qarz oluvchi ta’minlash shakllaridan qaysi birini bankka taqdim etish lozim?

Javob: Olingan kredit qaytarilmasligi xavfini oldini olish maqsadida qarz oluvchi quyidagi ta’minlash shakllaridan birini bankka taqdim etish lozim:

 mol-mulk yoki qimmatli qog’ozlarni garovga qo’yish;

bankning kafolati;

uchinchi shaxsning kafilligi;

sug’urta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmasligi xavfi sug’urta qilinganligi to’g’risidagi sug’urta polisi;

fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlarining kafilligi (faqat chin yetimlar va «Mehribonlik uylari»da tarbiyalanganlar, bolalikdan I va II guruh nogironlari va kam ta’minlangan oilalardan chiqqanlar uchun).

Savol: Tijorat banklari qarz oluvchi tomonidan ta’lim krediti berishni so’rab bankka taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan to’la hujjatlar to’plamini qancha muddatda ko’rib chiqadi?

Javob: Tijorat banklari qarz oluvchi tomonidan ta’lim krediti berishni so’rab bankka taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan to’la hujjatlar to’plamini 10 ish kuni mobaynida ko’rib chiqishi va kredit shartnomasini imzolashi yoki kredit berilmasligi to’g’risida qaror qabul qilingan taqdirda arizachiga kredit berishning rad etilishi sababi ko’rsatilgan yozma xulosa berishi lozim.

Savol: Ta’lim kreditlari bo’yicha mablag’lar qanday yo’l bilan o’tkaziladi?

Javob: Ta’lim kreditlari bo’yicha mablag’lar kredit shartnomasida qayd etilgan shartlarda har yarim yilda o’qish uchun yillik to’lovning to’liq miqdorini ikki teng qismga bo’lish yo’li bilan o’tkaziladi. Bunda yangidan qabul qilingan talabalar uchun birinchi yarim yillikda o’qiganlik uchun boshlang’ich to’lov joriy yilning 1 oktyabrigacha, ikkinchi yarim yillik uchun — navbatdagi kalendar yilning 15 martigacha to’lanadi.

O’qishning ikkinchi yilidan boshlab kredit hisobiga to’lovlar har yarim yillik birinchi oyi (sentyabr va mart)ning 5-kunidan kechiktirilmay to’lanadi.

Foizlar qarz oluvchi tomonidan kredit shartnomasida qayd etilgan shartlarda to’lanadi.

Kam ta’minlangan oilalardan chiqqan talabalarning o’qishiga ta’lim kreditlari uchun foizlar qarz oluvchi va Jamg’arma tomonidan har oyda, hisoblangan foizlar summasining 1/2 qismi bo’yicha teng ulushlarda to’lanadi.

Jamg’arma hisoblangan foizlar summasini to’lov topshiriqnomasi bilan bank bildirishnomasi olingandan keyin uch ish kuni mobaynida o’tkazadi.

         Savol: Kredit olgan talaba biror sabab tufayli talabalar safidan chiqarilgan hollarda ta’lim kreditini qaytarish tartiblari qanday bo’ladi?

Javob: Agar talaba o’qish davri tugamasdan talabalar safidan chiqarilgan taqdirda, ta’lim muassasasi rahbariyati rektor (direktor)ning buyrug’i chiqqan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida bu haqda bankka xabar berishi kerak, qarz oluvchi esa o’z navbatida uch oy muddatda ta’lim krediti va unga qo’shilgan foizlar bo’yicha qarzlarni to’liq qaytarishi lozim bo’ladi.

Talabaning talaba safidan chiqarilishi oliy ta’lim muassasasi tomonidan bankka o’z vaqtida ma’lum qilinmagan taqdirda, ta’lim muassasasi ushbu davr uchun hisoblangan foizlarni bankka to’lashga majbur.