Savol: Iste’molchilarning huquqlari qaysi qonunchilik hujjatlari asosida tartibga solinadi?
Javob: Iste’molchilarning huquqlari O’zbekiston Respublikasining «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida"gi, «Fuqarolarning murojaatlari to’g’risida"gi, «Fuqarolarning sog’lig’ini himoyalash to’g’risida"gi, «Oziq-ovqat mahsulotlari havfsizligi to’g’risida"gi, «Tovar belgilari, xizmat belgilari va tovarni kelib chiqish joyi nomi to’g’risida"gi, «Mahsulotlar va xizmatlar sertifikasiyasi to’g’risida"gi qonunlar hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan, tovarlar sotish va xizmatlar ko’rsatish bilan bog’liq bo’lgan bir qator qoidalar asosida tartibga solinadi va himoya qilinadi. O’z navbatida ushbu qonunlar hamda qoidalar iste’molchining ishlab chiqaruvchi, sotuvchi, xizmat ko’rsatuvchi bilan o’zaro munosabatlarini o’z ichiga qamrab olgan.
Savol: Iste’molchilar qanday huquqlarga ega?
Javob: O’zbekiston Respublikasining 1996 yil 26 aprelda qabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 4-moddasiga asosan iste’molchilar quyidagi huquqlarga ega:
– tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to’g’ri va to’liq ma’lumot olish;
– tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash va uning tegishli darajada sifatli bo’lishi;
– tovar (ish, xizmat)ning xavfsiz bo’lishi;
– hayoti, sog’lig’i va mol-mulki uchun xavfli nuqsoni bo’lgan tovar (ish, xizmat), shuningdek ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi)ning g’ayriqonuniy harakati (harakatsizligi) tufayli yetkazilgan moddiy ziyon, ma’naviy zararning to’liq hajmda qoplanishi;
– buzilgan huquqlari yoki qonun bilan muhofaza etiladigan manfaatlari himoya qilinishini so’rab sudga, boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat etish;
– iste’molchilarning jamoat birlashmalarini tuzish.
Iste’molchilarning ijtimoiy himoyaga muhtojlar toifasiga kiritilgan ayrim guruhlari uchun qonun hujjatlari bilan savdo, maishiy xizmat va xizmat ko’rsatishning boshqa turlari bo’yicha imtiyozlar va afzalliklar belgilanishi mumkin.
Savol: Iste’molchi ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi), savdo va xizmat ko’rsatish qoidalari to’g’risidagi ma’lumotlarni olish huquqiga egami?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 5-moddasiga asosan ishlab chiqaruvchi o’z korxonasining nomi va joylashgan (yuridik) manzili haqida iste’molchini xabardor qilishi shart. Bunday ma’lumot ishlab chiqarish markasi yoki tovar belgisida ko’rsatilgan bo’lishi yoxud boshqa usulda taqdim etilishi lozim.
Savol:Tovar (ish, xizmat) haqida noto’g’ri ma’lumot berilgan taqdirda iste’molchi qanday huquqlarga ega?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 7-moddasiga asosan agar tovar (ish, xizmat) haqida noto’g’ri yoki yetarli darajada to’liq bo’lmagan ma’lumot berilganda, zarur iste’mol xossalariga ega bo’lmagan tovar (ish, xizmat) sotib olinishiga hamda sotib olingan tovar (ish, xizmat)dan ko’zlangan maqsadda foydalana olmaslikka sabab bo’lsa, iste’molchi tegishli ma’lumot oqilona qisqa (ko’pi bilan uch kunlik) muddatda berilishini talab qilishga haqlidir. Agar ma’lumot aytilgan muddatda berilmasa, iste’molchi shartnomani bekor qilib, zararning qoplanishini talab qilishga haqlidir.
Savol: Iste’molchi sotib olinayotgan tovar (ish, xizmat) sifatini tekshirishda qanday huquqlarga ega?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 8-moddasiga asosan iste’molchi sotib olingan tovar (ish, xizmat) sifatini, butligini, vazni va narxini tekshirish huquqiga ega, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) esa, nazorat-o’lchov asboblarini, narxga doir hujjatlarni taqdim etishi, tovarni ishlatib ko’rsatishi, undan xavfsiz va to’g’ri foydalanishni o’rgatishi, zarurat bo’lsa, tovarni ekspertizaga yuborishi shart.
Savol: Oldi-sotdi amalga oshirilganda iste’molchiga sotuvchi tomonidan nima beriladi?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 10-moddasiga asosan oldi-sotdi amalga oshirilganda iste’molchiga kassa yoki tovar cheki beriladi. Tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi.
Savol: Iste’molchi o’zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) xavfsiz bo’lishiga talab qo’yishga haqlimi?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 12-moddasiga asosan iste’molchi o’zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiyena, shu jumladan radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo’lishiga va uning hayoti, sog’lig’i, atrof muhit uchun xavfsiz bo’lishiga, shuningdek uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.
Savol: Sotuvchi tomonidan nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi qanday huquqlardan foydalanadi?
Javob: O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 13-moddasiga asosan nuqsonli tovar sotilganda iste’molchi quyidagi huquqlardan foydalanish mumkin:
– tovarni ayni shunday markali (modelli, artikulli) maqbul sifatli tovarga almashtirib berishni;
– tovarni boshqa markali (modelli, artikulli) shunday tovarga almashtirib, uning xarid narxini tegishincha qayta hisob-kitob qilishni;
– xarid narxini nuqsonga mutanosib ravishda kamaytirishni talab qilishga haqlidir.
Savol: Iste’molchilarning huquqlari buzilgan taqdirda ular o’z huquqlarini himoya qilish maqsadida kimga murojaat qilishi mumkin?
Javob: Iste’molchining huquqlari buzilgan taqdirda, u sudga murojaat qilishga haqlidir. Da’volar, agar qonunlarda boshqacha qoida belgilanmagan bo’lsa, javobgar, iste’molchi joylashgan yerdagi yoki zarar yetkazilgan joydagi sudga taqdim etiladi.
O’zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi Qonunining 29-moddasiga binoan iste’molchilar o’z huquqlarining buzilishi bilan bog’liq da’volar bo’yicha, shuningdek tovar (ish, xizmat)lar xavfsiz bo’lishi va ularning sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, iste’molchilarning jamoat birlashmalari iste’molchining (iste’molchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini ko’zlab qo’zg’atiladigan da’volar bo’yicha davlat boji to’lashdan ozod qilinadilar.