O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar stavkalaridagi o’zgarishlar, shuningdek, soliq solishning ayrim masalalari to’g’risida ma’lum qildi.

O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 26 dekabrdagi «O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi O’RQ-416-sonli, O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 27 dekabrdagi «Soliq va byudjet siyosatining 2017 yilga mo’ljallangan asosiy yo’nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi O’RQ-417-sonli va O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 29 dekabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi O’RQ-418-sonli qonunlari hamda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi «O’zbekiston Respublikasining 2017 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to’g’risida»gi PQ-2699-sonli qarori bilan soliq qonunchiligiga va 2017 yil soliq va boshqa majburiy to’lovlar stavkalariga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi.

A. O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 26 dekabrdagi «O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi O’RQ-416-sonli Qonuni bilan O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga kiritilgan o’zgartirish va qo’shimchalar.

O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 26 dekabrdagi «O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi O’RQ-416-sonli Qonuni bilan Soliq kodeksining 7 ta moddasiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi.

Jumladan,

1. Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi Mehnat vazirligiga o’zgartirilganligidan kelib chiqib, Soliq kodeksining 147-moddasi 15-bandiga, 159-moddasi 1-bandiga, 329-moddasi 24-bandiga, 331-moddasi 12-bandiga va 355-moddasi ikkinchi qismi 1-bandiga tegishli o’zgartirishlar kiritildi.

2. Soliq kodeksining 208-moddasi 13-bandiga kiritilgan o’zgartirishga muvofiq, qo’shilgan qiymat solig’idan ozod qilinadigan tibbiy xizmatlar (kosmetologiya xizmatlari bundan mustasno) va veterinariya xizmatlari, dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo’ljallangan buyumlar, shu jumladan ularni ishlab chiqaruvchilar tomonidan realizatsiya qilinayotgan shunday vositalar va buyumlar aniqlashtirildi hamda O’zbekiston Respublikasining «Veterinariya to’g’risida»gi Qonuniga muvofiqlashtirildi.

3. Soliq kodeksining 211-moddasi 6-bandiga kiritilgan o’zgartirishga muvofiq, import qilishda qo’shilgan qiymat solig’idan ozod qilinadigan dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun mo’ljallangan buyumlar, shuningdek dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariyaga mo’ljallangan buyumlar ishlab chiqarish uchun qonun hujjatlarida belgilanadigan ro’yxat bo’yicha olib kiriladigan xom ashyolar aniqlashtirildi.

B. O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 27 dekabrdagi «Soliq va byudjet siyosatining 2017 yilga mo’ljallangan asosiy yo’nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi O’RQ-417-sonli Qonuniga muvofiq, O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga kiritilgan o’zgartirish va qo’shimchalar.

O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 27 dekabrdagi «Soliq va byudjet siyosatining 2017 yilga mo’ljallangan asosiy yo’nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi O’RQ-417-sonli Qonuni bilan Soliq kodeksining 38 ta moddasiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritildi.

Jumladan,

1. Soliq kodeksining 22-moddasiga kiritilgan o’zgartirish dividend tushunchasini aniqlashtirishni hamda «Aktsiyadorlik jamiyatlari va aktsiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasiga muvofiqlashtirishni nazarda tutadi.

2. Soliq kodeksining 30-moddasiga kiritilgan qo’shimcha soliq to’lovchiga maqsadli imtiyozlarni qo’llash hisobiga bo’shagan mablag’larni imtiyoz davri tugagandan keyingi bir yil davomida imtiyozlar berilayotgan chog’da belgilangan maqsadlar uchun foydalanish huquqini beradi, shuningdek foydalanilmagan mablag’lar qoldig’ini respublika byudjetiga o’tkazish muddatini belgilaydi.

3. Soliq kodeksining 59 va 61-moddalariga kiritilgan o’zgartirishlarga asosan, soliq qarzi to’lov muddati o’tgan paytdan bir yil mobaynida undirilmagan bo’lsa, soliq qarzini undiruvni mol-mulkga qaratish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam miqdordan oz bo’lgan hollarda ham majburiy undirish choralari qo’llanilishini nazarda tutadi.

4. Soliq kodeksining 63-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga muvofiq, soliq qarzi summasini o’tkazish to’g’risidagi inkasso topshiriqnomalarini taqdim etishning yagona muddatini belgilaydi, bunda yuridik shaxslar kabi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ham to’lov muddati tugaganidan keyin uch ish kuni qilib belgilandi.

5. Qonunchilikka kiritilgan o’zgartirishlarga muvofiq, faoliyat turlari bilan litsenziyasiz va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz shug’ullanganlik borasidagi huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanktsiya bekor qilinib, ma’muriy javobgarlikka o’tkazilganligi sababli O’zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to’g’risida»gi Qonunining 40-moddasi va O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 104-moddasiga tegishli o’zgartirishlar kiritildi.

6. Soliq kodeksining 126-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga asosan, notijorat tashkilotlari uchun foyda solig’ini to’lash bo’yicha majburiyatlari yuzaga keladigan daromadlar turlari aniqlashtirilmoqda. SHuningdek, notijorat tashkilotlari uchun tadbirkorlik faoliyati sifatida qaralmaydigan daromadlar tarkibi aniqlashtirilmoqda.

Xuddi shunday tegishli o’zgartirishlar Soliq kodeksining 197, 257, 265, 279 va 295-moddalariga ham kiritildi.

7. Soliq kodeksining 126-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga asosan, Soliq kodeksining 132-moddasining uchinchi qismi chiqarib tashlandi.

8. Soliq kodeksining 135-moddasiga kiritilgan o’zgartirish aniqlashtiruvchi tusga ega bo’lib, zayom beruvchiga foizli daromad to’lash majburiyatisiz zayom va moliyaviy yordam olinganda, shuningdek Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan past stavkada foizli daromad to’langanda daromadni aniqlash tartibini belgilaydi.

9. Soliq kodeksining 155-moddasiga kiritilgan o’zgartirishlar soliq agentiga O’zbekiston Respublikasi norezidentining barcha daromadlari bo’yicha to’lov manbaida yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’i ushlab qolinmagan yoki pasaytirilgan stavkasi qo’llanilgan holda xalqaro shartnomalar normalarini mustaqil ravishda qo’llash huquqini beradi.

10. Soliq kodeksining 178-moddasi 13-bandiga va 179-moddasi 7-bandiga kiritilgan o’zgartirishlarga asosan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida beriladigan sovg’alar ham jismoniy shaxsning boshqa daromadlar sifatida tan olinishi, shu bilan bir vaqtda ularni jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’idan ozod etilishi belgilandi.

11. Soliq kodeksi 179-moddasiga kiritilgan o’zgartirish aniqlashtiruvchi tusga ega bo’lib, soliq solish ob’ektiga realizatsiya qilishdan emas, balki mol-mulkni sotishdan olgan daromadlar kirishi belgilandi, chunki, realizatsiya qilish har doim ham pul ekvivalentini olinganligini anglatmaydi.

12. Soliq kodeksining 179-moddasi 11-bandiga kiritilgan o’zgartirishga asosan, Soliq kodeksining 181-moddasi birinchi qismi oltinchi xatboshisiga o’zgartirish kiritildi.

Shuningdek, Soliq kodeksining 181-moddasining ikkinchi qismi, ya’ni mehnat sharoiti o’ta zararli va o’ta og’ir ishlarda band bo’lgan ayollarning daromadlaridan olish darajasi 20 foizdan oshmasligini belgilovchi normani chiqarib tashlanishini nazarda tutadi. Buning asosiy sababi, hozirgi vaqtda soliqning eng yuqori stavkasi 23 foizni tashkil etadi, bunday sharoitda soliq to’lovchilarning barcha toifalari uchun olish darajasi 20 foizdan oshmaydi.

13. Soliq kodeksining 192-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga muvofiq, oldin taqdim etilgan deklaratsiyada davlat soliq xizmati organi tomonidan noto’g’ri ma’lumotlar aniqlanganda to’g’rilangan deklaratsiya taqdim etish tartibi belgilandi.

14. Soliq kodeksining 254-moddasiga kiritilgan o’zgartishlarga asosan:

jahon bozorida narxi mavjud bo’lmagan foydali qazilmalarni qazib olishni amalga oshiradigan yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun soliq solish bazasini aniqlash tartibi belgilandi. Bunda, yer qa’ridan foydalanuvchilarning ushbu toifasi uchun belgilangan tartibda kelishilgan tegishli konni sanoat yo’sinida o’zlashtirish bo’yicha texnik-iqtisodiy asoslarda nazarda tutilgan kavlab olishning ishlab chiqarish tannarxidan kelib chiqib, uni 20 foizga oshirish yo’li bilan soliq solish bazasi aniqlanadi;

tijoratbop topilma bonusi hisob-kitobi va uni to’lash muddatlari aniqlashtirildi, ya’ni ushbu muddatlar foydali qazilmalar zaxiralarini tasdiqlash muddati bilan emas, balki yer qa’ri uchastkasidan foydalanish huquqini beradigan litsenziya olingan sanasidan kelib chiqib aniqlanadi. Bunda, qazib olish huquqi litsenziyani olish paytidan boshlab paydo bo’ladi, tegishincha hisob-kitob va to’lash qazib olish uchun litsenziya olingan sanadan boshlab amalga oshiriladi.

15. Soliq kodeksining 263, 271, 285-moddalariga kiritilgan qo’shimchalarga asosan, yil mobaynida yagona soliq to’loviga o’tayotgan umumbelgilangan soliq to’lovchilar uchun suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, mol-mulk solig’i va yer solig’i bo’yicha hisob-kitobni taqdim etish muddatlarini nazarda tutadi. Ushbu holat shu bilan belgilanganki, hisobot yili davomida yagona soliq to’lovini to’lashga o’tayotgan soliq to’lovchilarda yagona soliq to’loviga o’tish munosabati bilan to’lash majburiyati tugaydigan soliqlar bo’yicha majburiyatlar qayta hisoblanishi lozim.

16. Soliq kodeksining 291-moddasiga asosan, tadbirkorlik faoliyatida foydalaniladigan yer uchastkalari uchun yoxud uylar, dala hovli imoratlari, yakka tartibdagi garajlar va boshqa imoratlar, inshootlar, joylar yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilganda, shuningdek jismoniy shaxslarning mulkida bo’lgan, yashash uchun mo’ljallanmagan joylar egallagan yer uchastkalari uchun jismoniy shaxslardan yer solig’i yuridik shaxslardan olinadigan yer solig’ini to’lash uchun belgilangan stavkalar bo’yicha undiriladi hamda Soliq kodeksining 290-moddasida ko’rsatilgan imtiyozlar ularga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Shuning sababli, Soliq kodeksining 290-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga asosan, Soliq kodeksining 282-moddasi ikkinchi qismida yuridik shaxslar uchun belgilangan imtiyozlarning jismoniy shaxslarga tatbiq etilishi bo’yicha norma chiqarib tashlandi.

17. Soliq kodeksining 296, 313, 317 va 3252-moddalariga kiritilgan qo’shimchalar O’zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning jamg’arib boriladigan pensiya ta’minoti to’g’risida»gi Qonuni 14-moddasiga muvofiqlashtirish maqsadida Xalq banki tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag’lardan foydalanishdan olingan daromadni (foydani) soliq solishdan ozod etish bo’yicha imtiyozni aniqlashtirish maqsadida kiritildi.

18. Soliq kodeksining 300-moddasiga kiritilgan qo’shimchaga asosan, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i bo’yicha joriy to’lovlar summasini kamaytirib ko’rsatuvchi soliq to’lovchilarga javobgarlik choralari belgilandi. Bunda joriy to’lovlar summasi bilan hisobot davri uchun byudjetga to’lanishi lozim bo’lgan soliq summasi o’rtasidagi farq 10 foizdan ko’proqni tashkil etgan hollarda davlat soliq xizmati organlari tomonidan penya hisoblanadi. Joriy to’lovlarni to’lashni nazarda tutuvchi barcha soliqlar bo’yicha xuddi shunday norma belgilangan.

19. Soliq kodeksining 329-moddasi 23-bandi va 330-moddasi 12-bandiga kiritilgan o’zgartirishlarga asosan, byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi tarkibiy tuzilmalari umumiy yurisdiktsiya sudlariga va xo’jalik sudlariga fuqarolardan pensiya va nafaqalardan ortiqcha (noqonuniy) to’langan summalarni undirish, shuningdek O’zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to’g’risida»gi Qonuniga muvofiq pensiyalarni to’lashga ketgan mablag’larni tashkilotlardan undirish bilan bog’liq da’vo arizalari bo’yicha davlat bojidan ozod qilindi.

20. Soliq kodeksining 347-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga asosan, eng kam ish haqi miqdori o’zgarganda tovarlarning ayrim turlari bilan chakana savdo qilish va ayrim turdagi xizmatlar ko’rsatish huquqi uchun yig’im bo’yicha aniqlashtirilgan hisob-kitobni taqdim etish normasi chiqarib tashlandi. Ushbu o’zgartirishga asosan yig’im miqdori yil boshiga belgilangan eng kam ish haqidan kelib chiqib aniqlanadi va eng kam ish haqi miqdori yil davomida o’zgarganda qayta ko’rib chiqilmaydi. Xuddi shunday norma jismoniy shaxslarni daromadiga soliq solish shkalasini va qat’iy belgilangan soliq summasini aniqlashda nazarda tutilgan.

21. Soliq kodeksining 349-moddasiga kiritilgan o’zgartishga muvofiq, soliq solishning soddalashtirilgan tartibidagi soliq to’lovchilarga moliyalashtirishning markazlashtirilgan manbalari jalb qilingan holda tanlov savdolari asosida ob’ektlar qurilishi bo’yicha qo’shilgan qiymat solig’ini to’lash yuzasidan majburiyat kiritildi.

22. Yuridik shaxslarni mikrofirma va kichik korxonalar jumlasiga kirishi uchun xodimlarning o’rtacha yillik sonini aniqlashdagi noaniqliklarni bartaraf etish maqsadida Soliq kodeksining 350-moddasi uchinchi qismi uchinchi xatboshisiga o’zgartirish kiritildi.

23. Soliq kodeksining 351-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga muvofiq, o’tgan yilning yakunlari bo’yicha yagona soliq to’lovini to’lash uchun belgilangan mezonlarga mos keladigan umumbelgilangan soliq to’lovchilari uchun yagona soliq to’loviga o’tish to’g’risida xabarnomani yagona soliq to’loviga o’tishni mo’ljallangan yilning joriy hisobot davri birinchi oyining 10-sanasigacha kechiktirmay taqdim etishi belgilandi.

24. Soliq kodeksining 352-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga asosanavvallari savdo yoki umumiy ovqatlanish sohasidagi faoliyatni amalga oshirgan mikrofirma va kichik korxonalarga yagona soliq to’lovini xabarnoma bermagan holda to’lashni davom ettirish imkonini beradi.

25. Barcha soliq turlari bo’yicha soliq solinadigan bazalarni birxillashtirish maqsadida Soliq kodeksining 355-moddasi ikkinchi qismi 1-bandi to’qqizinchi xatboshisiga o’zgartirish kiritildi.

26. Soliq kodeksining 375-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga asosan, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro’yxatidan o’tilgan paytdan boshlab o’n ikki oy ichida faoliyatni uch va undan ko’p oyga to’xtatgan taqdirda, qat’iy belgilangan soliqni faoliyat amalga oshirilgan butun davr uchun to’lashi belgilandi.

V. O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 29 dekabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi O’RQ-418-sonli Qonuni bilan O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga kiritilgan o’zgartirish va qo’shimchalar.

O’zbekiston Respublikasining 2016 yil 29 dekabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o’zgartish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida»gi O’RQ-418-sonli Qonuni bilan O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 6 ta moddasigao’zgartishlar va qo’shimchalar kiritildi.

Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 5 oktyabrdagi «Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta’minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida»gi PF-4848-sonli Farmonidan kelib chiqib, qonunchilikni muvofiqlashtirish maqsadida:

1. Soliq kodeksining 86-moddasidan muqobil tekshiruv turi chiqarib tashlandi hamda quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Soliq tekshiruvlari quyidagi turlarga bo’linadi:

rejali soliq tekshiruvi;

rejadan tashqari soliq tekshiruvi.

Soliq to’lovchi moliya-xo’jalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvi (taftishi) — tekshiruvlarni amalga oshirishning nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan muvofiqlashtirish rejasi asosida o’tkaziladigan tekshiruvdir.

Rejadan tashqari soliq tekshiruvi — yuridik shaxs tugatilishi munosabati bilan o’tkaziladigan soliq to’lovchi moliya-xo’jalik faoliyatining soliq tekshiruvi (taftishi), shuningdek jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlari buzilganligi faktlari to’g’risidagi murojaatlari asosida nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ qaroriga ko’ra o’tkaziladigan qisqa muddatli tekshiruvdir»;

2. Soliq kodeksining 88-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga asosan, bozorlarning, savdo komplekslarining hududlarida va ularga tutash bo’lgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylarida bir martalik yig’imlar, ijara haqi to’liq tushishiga va topshirilishi hisobga olinishiga, fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalaridan, to’lovlarni plastik kartochkalar asosida qabul qilish bo’yicha hisob-kitob terminallaridan foydalanilishiga, shuningdek savdo va xizmat ko’rsatish qoidalariga rioya etilishiga taalluqli qisqa muddatli tekshiruvlar o’tkazish uchun quyidagilar asos bo’ladi:

nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning tekshiruv o’tkazish to’g’risidagi tekshiriladigan ob’ektning nomi, soliq to’lovchining identifikatsiya raqami, tekshiruvning maqsadlari, tekshiruv o’tkazish muddatlari va uni asoslovchi sabablar ko’rsatilgan qarori;

davlat soliq xizmati organining qonun hujjatlarida vakolat berilgan bo’linmasi boshlig’ining nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning qarori asosida chiqarilgan, tekshiruv o’tkazish maqsadlari, muddatlari va tekshiruvchi mansabdor shaxslarning tarkibi ko’rsatilgan holdagi buyrug’i.

Shuningdek, muqobil tekshiruv o’tkazish uchun asoslarni belgilovchi Soliq kodeksining 88-moddasi to’rtinchi qismi Soliq kodeksining 86-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga asosan chiqarib tashlandi.

3. Soliq kodeksining 90-moddasi quyidagi mazmundagi beshinchi qism bilan to’ldirildi:

«Ushbu moddada ko’rsatilgan tadbirkorlik sub’ektlarining moliya-xo’jalik faoliyati soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar moliya yili mobaynida muntazam ravishda to’lanmagan taqdirda, rejali tekshiruvlardan o’tkazilishi mumkin».

4. Soliq kodeksining 91-moddasidan muqobil tekshirishlarni o’tkazish shartlarini belgilaydigan to’qqizinchi va o’ninchi qismlari chiqarib tashlandi, shuningdek Soliq kodeksining 86-moddasiga kiritilgan o’zgartirishga asosan, Soliq kodeksining 92-moddasiga tegishli o’zgartirishlar kiritildi.

5. Soliq kodeksining 109-moddasi quyidagi mazmundagi to’rtinchi qism bilan to’ldirildi:

«Moliya-xo’jalik faoliyatini amalga oshirish chog’ida birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik sub’ekti qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yo’l qo’yilgan qoidabuzarliklarni ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va yetkazilgan moddiy zararning o’rnini qoplagan, shu jumladan soliqlarni va boshqa majburiy to’lovlarni to’lagan taqdirda, unga nisbatan jarimalar hamda moliyaviy sanktsiyalar (penyadan tashqari) qo’llanilishi mumkin emas».

G. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi «O’zbekiston Respublikasining 2017 yilgi asosiy makroiqtisodiy ko’rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to’g’risida»gi PQ-2699-sonli qarori bilan Soliq qonunchiligiga kiritilgan o’zgartirishlar.

I. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’i bo’yicha

1. Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’i stavkalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 8-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

Yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig’ining bazaviy stavkasi 2016 darajasida – 7,5 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

Tijorat banklari uchun soliq stavkasi ham 2016 yil darajasida – 15 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

Mobil aloqa xizmatlarini ko’rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun rentabellik darajasidan kelib chiqib foyda solig’i stavkalari 2016 yil darajasida saqlanib qolindi:

rentabellik darajasi 20 foizgacha - 7,5 foiz miqdorida;

rentabellik darajasi 20 foizdan yuqori bo’lgan foyda summasiga - 50 foiz miqdorida.

Rentabellik foyda solig’ini to’lagunga qadar foyda summasining sotilgan mahsulot (tovarlar, ishlar va xizmatlar)ning ishlab chiqarish tannarxiga nisbati sifatida aniqlanadi. Mobil aloqa xizmatlarini ko’rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) uchun foyda solig’ining hisoblanishi va to’lanishi tartibi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qo’mitasi tomonidan belgilanadi.

Bunda, eksport ulushi bo’yicha pasaytiriladigan stavkalar rentabellik darajasi 20 foizdan yuqori bo’lgan foyda summasi bo’yicha qo’llaniladigan 50 foizlik stavkaga nisbatan qo’llanilmaydi.

2. Eksport qiluvchi korxonalar uchun foyda solig’i bo’yicha 2016 yilda amal qilgan, realizatsiyaning umumiy hajmida o’zi ishlab chiqargan tovarlar, ishlar, xizmatlarning, (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish joyidan qat’i nazar) erkin almashtiriladigan valyutadagi eksporti ulushiga bog’liq holda soliq solishning regressiv shkalasi saqlanib qolindi, bundan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 10 oktyabrdagi PF-1871-son Farmoni bilan tasdiqlangan ro’yxatda keltirilgan xom ashyo mahsulotlari mustasno.

Eksport ulushi:

– realizatsiyaning umumiy hajmida 15 foizdan 30 foizgacha bo’lganda, belgilangan stavka 30 foizga pasaytiriladi;

– realizatsiyaning umumiy hajmida 30 foiz va undan ko’p bo’lganda, belgilangan stavka 50 foizga pasaytiriladi.

3. Auktsionlar o’tkazishdan, kontsert-tomosha faoliyati bilan shug’ullanishga litsenziyasi bo’lgan yuridik va jismoniy shaxslarni (shu jumladan norezidentlarni) jalb etish yo’li bilan ommaviy tomosha tadbirlarini tashkil etishdan daromad oluvchi yuridik shaxslar uchun foyda solig’i stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 2016 yil darajasida 35 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

4. O’zbekiston Respublikasi rezidentlariga dividendlar va foizlar tarzida to’lanadigan daromadlarga soliq stavkasi 10 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

II. Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i bo’yicha

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i stavkalari 2016 yil darajasida saqlanib qolindi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i stavkalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 9-ilovasiga muvofiq quyidagi miqdorlarda tasdiqlandi:

Soliq solinadigan daromad

Soliq stavkasi

eng kam ish haqining bir baravarigacha miqdorda

daromad summasining 0 foizi

eng kam ish haqining bir baravaridan (+1 so’m) besh baravarigacha miqdorda

daromad summasining 7,5 foizi

eng kam ish haqining besh baravaridan (+ 1 so’m) o’n baravarigacha miqdorda

besh baravar miqdordan soliq + eng kam ish haqi miqdorining besh baravaridan oshadigan summaning 17 foizi

eng kam ish haqining o’n baravaridan (+ 1 so’m) va undan yuqori miqdorda

o’n baravar miqdordan soliq + eng kam ish haqi miqdorining o’n baravaridan oshadigan summaning 23 foizi

Bunda, soliq solinadigan daromadlar guruhlari bo’yicha soliq solish shkalasi yil boshiga – 2017 yil 1 yanvarga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (149 775 so’m) kelib chiqib aniqlanadi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori o’zgargan taqdirda ham qayta ko’rib chiqilmaydi.

Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i summasini hisoblab chiqarish maqsadida, eng kam ish haqi miqdori yil boshidan ortib boruvchi yakun bilan hisobga olinadi (yil boshidan boshlab tegishli davrning har bir oyi uchun eng kam ish haqining jami summasi).

Belgilangan stavkalardan kelib chiqib hisoblangan, byudjetga to’lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i summasi fuqarolarning shaxsiy jamg’arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga o’tkaziladigan, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i solinadigan daromadlaridan «0» stavka bo’yicha soliq solinadigan daromadni (eng kam ish haqini) chegirgan holda 1 foiz miqdorida hisoblab chiqariladigan har oylik majburiy badallar summasiga kamaytiriladi.

Qonun hujjatlariga muvofiq eng kam stavka bo’yicha soliq solinadigan jismoniy shaxslarning alohida daromad turlarini soliqqa tortish maqsadida eng kam stavka 7,5 foiz miqdorida qo’llaniladi.

III. Yagona soliq to’lovi bo’yicha

1. Yagona soliq to’lovining stavkalari mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun (savdo va umumiy ovqatlanish korxonalaridan tashqari) O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 10-1-ilovasiga muvofiq, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari, shu jumladan, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun 10-2-ilovasiga muvofiq hamda ayrim toifadagi korxonalar uchun 10-3-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

2017 yil uchun iqtisodiyotning barcha tarmoqlaridagi mikrofirma va kichik korxonalar uchun yagona soliq to’lovi stavkasi 5 foiz miqdorida belgilandi, bundan 10-1-ilovaning 2-7-bandlarida nazarda tutilganlar mustasno.

2. Bojxona rasmiylashtiruvi bo’yicha xizmatlar ko’rsatuvchi yuridik shaxslar (bojxona brokerlari) uchun yagona soliq to’lovi stavkasi 2016 yil darajasida 5 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

3. Eksport qiluvchi mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to’lovi bo’yicha 2016 yilda amal qilgan, realizatsiyaning umumiy hajmida o’zi ishlab chiqargan tovarlar, ishlar, xizmatlarning, (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish joyidan qat’i nazar) erkin almashtiriladigan valyutadagi eksporti ulushiga bog’liq holda soliq solishning regressiv shkalasi saqlanib qolindi, bundan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 10 oktyabrdagi PF-1871-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan ro’yxatdagi xom ashyo tovarlari mustasno. Eksport ulushi:

– realizatsiyaning umumiy hajmida 15 foizdan 30 foizgacha bo’lganda, belgilangan stavka 30 foizga pasaytiriladi;

– realizatsiyaning umumiy hajmida 30 foiz va undan ko’p bo’lganda, belgilangan stavka 50 foizga pasaytiriladi.

Ushbu norma asosiy faoliyat turidan qat’iy nazar, ushbu ilovaning 8-bandida belgilangan shartlarni bajargan barcha yagona soliq to’lovchilariga tatbiq etiladi.

4. Kontsert-tomosha faoliyati bilan shug’ullanishga litsenziyasi bo’lgan, yuridik va jismoniy shaxslarni (shu jumladan norezidentlarni) jalb etish yo’li bilan ommaviy tomosha tadbirlarini tashkil etishdan daromad oluvchi yuridik shaxslar, shuningdek lombardlar uchun yagona soliq to’lovi stavkasi 2016 yil darajasida soliq solinadigan bazaga nisbatan 30 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

5. Quyidagi mikrofirma va kichik korxonalar uchun:

tayyorlov tashkilotlari, brokerlik idoralari (qimmatli qog’ozlar bozorida brokerlik faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslar bundan mustasno) hisoblanadigan, shuningdek vositachilik, topshiriq shartnomasi va vositachilik xizmatlarini ko’rsatishga doir boshqa shartnomalar bo’yicha vositachilik xizmatlarini ko’rsatuvchi yuridik shaxslar uchun yagona soliq to’lovi stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 33 foiz miqdorida;

qimmatli qog’ozlar bozorida brokerlik faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslar uchun yagona soliq to’lovi stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 13 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

Bunda, ushbu bandda ko’rsatilgan mikrofirma va kichik korxonalar uchun soliq solinadigan baza haq summasi (yalpi daromad) ko’rinishida aniqlanadi.

6. Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarini realizatsiya qilish uchun turg’un savdo shoxobchalarini ijaraga berishga ixtisoslashgan (ijaraga berishdan olinadigan daromad 60 foizdan yuqori bo’lgan) yuridik shaxslar uchun yagona soliq to’lovi stavkasi 2016 yil darajasida soliq solinadigan bazaga nisbatan 30 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

7. Umumiy ovqatlanish korxonalari uchun yagona soliq to’lovi stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 10 foiz, umumta’lim maktablari, maktab-internatlar, o’rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalariga xizmat ko’rsatuvchi ixtisoslashgan umumiy ovqatlanish korxonalari uchun esa – soliq solinadigan bazaga nisbatan 8 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

8. Quyidagi joylarda joylashgan chakana savdo korxonalari uchun (bundan ulgurji, shuningdek ulgurji-chakana savdo bilan shug’ullanuvchi korxonalar hamda dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar, dorixonalar mustasno):

aholi soni 100 ming va undan ko’p kishidan iborat shaharlarda – yagona soliq to’lovi stavkasi 4 foiz miqdorida;

boshqa aholi punktlarida – yagona soliq to’lovi stavkasi 2 foiz miqdorida;

borish qiyin bo’lgan va tog’li tumanlarda – yagona soliq to’lovi stavkasi 1 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

9. Faoliyatni yuritish joyidan qat’i nazar benzin, dizelь yoqilg’isi va suyultirilgan gaz, shuningdek alkogolli va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi chakana savdo korxonalari uchun yagona soliq to’lovi stavkasi 2016 yil darajasida tovar oborotiga nisbatan 4 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

10. Ulgurji, shuningdek ulgurji-chakana savdo bilan shug’ullanuvchi korxonalar uchun (bundan dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar, dorixonalar mustasno) yagona soliq to’lovi stavkasi 2016 yil darajasida 5 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

11. Dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji realizatsiya qiluvchi tashkilotlar, dorixonalar uchun yagona soliq to’lovi stavkasi joylashgan joyiga qarab quyidagicha belgilandi:

aholisi soni 100 ming va undan ko’p kishidan iborat shaharlarda – 3 foiz miqdorida;

boshqa aholi punktlarida – 2 foiz miqdorida;

borish qiyin bo’lgan va tog’li tumanlarda – 1 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

12. Aholi punktlarini borish qiyin bo’lgan va tog’li tumanlari tarkibiga kiritish «Aholi punktlarini borish qiyin bo’lgan va tog’li hududlar tarkibiga kiritish tartibi to’g’risida»gi yo’riqnomaga (Adliya vazirligi tomonidan 2008 yil 11 noyabrda 1868-raqam bilan ro’yxatdan o’tkazilgan) muvofiq amalga oshiriladi.

13. Chakana savdo korxonalari mustaqil yuridik shaxs hisoblanmaydigan va turli aholi punktlarida joylashgan, ular bo’yicha yagona soliq to’lovining turli stavkalari belgilangan bir nechta savdo shoxobchalariga ega bo’lsa, ular tomonidan har bir savdo shoxobchasi bo’yicha tovar aylanmasining alohida-alohida hisobini yuritish hamda mazkur aholi punktlari uchun belgilangan stavkalar bo’yicha yagona soliq to’lovini to’lash tartibi saqlanib qolindi.

14. Yagona soliq to’lovi to’lovchilari uchun (chakana savdo korxonalari bundan mustasno) yagona soliq to’lovining eng kam miqdorini hisoblashda yagona baza etib, ular egallab turgan yer uchastkasi maydonidan kelib chiqib hisoblanadigan yer solig’ining uch karra miqdoridagi summani belgilash tartibi saqlanib qolindi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Shuningdek, chakana savdo korxonalari uchun aynan shu turdagi faoliyatni amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan to’lanadigan qat’iy belgilangan soliq summasidan kelib chiqib yagona soliq to’lovining eng kam miqdorini hisoblash tartibi saqlanib qolindi.

15. Lotereyalar tashkil etish bo’yicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar (mazkur faoliyat turi doirasida) uchun yagona soliq to’lovi stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 33 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

IV. Qat’iy belgilangan soliq bo’yicha

1. Yuridik shaxslardan va yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan tadbirkorlik faoliyatining ayrim turlari bo’yicha qat’iy belgilangan soliq stavkalari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qat’iy belgilangan soliq stavkalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 11 va 12-ilovalariga muvofiq tasdiqlandi.

2. Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash xizmatlarini ko’rsatuvchi yuridik shaxslar uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi (bozorlar balansidagilardan tashqari):

Toshkent shahrida – 1 kv.metr uchun oyiga EKIHning 0,1 baravari miqdorida;

Nukus shahri va viloyat bo’ysunuvidagi shaharlarda – 1 kv.metr uchun oyiga EKIHning 0,06 baravari miqdorida;

boshqa aholi punktlarida – 1 kv.metr uchun oyiga EKIHning 0,04 baravari miqdorida saqlanib qolindi.

2017 yil 1 yanvardan boshlab, bozorlar balansidagi avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash xizmatlarini ko’rsatish faoliyati uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi joriy etildi. Bunda:

Toshkent shahrida – 1 kv.metr uchun oyiga EKIHning 0,05 baravari miqdorida;

Nukus shahri va viloyat bo’ysunuvidagi shaharlarda – 1 kv.metr uchun oyiga EKIHning 0,03 baravari miqdorida;

boshqa aholi punktlarida – 1 kv.metr uchun oyiga EKIHning 0,02 baravari miqdorida belgilandi.

Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslardan bolalar o’yin avtomatlari uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi:

Toshkent shahrida – jihozlangan o’rinlar soni (birlikda)dan kelib chiqib, oyiga EKIHning 3,0 baravari miqdorida;

Nukus shahri va viloyat bo’ysunuvidagi shaharlarda – jihozlangan o’rinlar soni (birlikda)dan kelib chiqib, oyiga EKIHning 2,0 baravari miqdorida;

boshqa aholi punktlarida – jihozlangan o’rinlar soni (birlikda)dan kelib chiqib, oyiga EKIHning 1,0 baravari miqdorida saqlanib qolindi.

3. Yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qat’iy belgilangan soliq stavkalari 2016 yil darajasida saqlanib qolindi.

Bunda, 2017 yil 1 yanvardan boshlab, qonunchilikda belgilangan ro’yxat asosida hunarmandchilik faoliyatini amalga oshiruvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun EKIHning 0,5 baravari miqdorida qat’iy belgilangan soliq stavkasi joriy etildi.

4. Qat’iy belgilangan soliq to’lovchilarning barcha toifalari uchun qat’iy belgilangan soliq stavkasi yil boshiga – 2017 yil 1 yanvarь holatiga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (149 775 so’m) kelib chiqib aniqlanadi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori o’zgargan taqdirda ham qayta ko’rib chiqilmaslik tartibi saqlanib qolindi.

V. Qo’shilgan qiymat solig’i bo’yicha

Qo’shilgan qiymat solig’i stavkasi 20 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

VI. Aksiz solig’i bo’yicha

1. O’zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan hamda O’zbekiston Respublikasi hududiga olib kelinadigan aksiz solig’iga tortiladigan tovarlarga aksiz solig’i stavkalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 13-1 va 13-2-ilovalariga muvofiq tasdiqlandi.

VII. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq bo’yicha

1. Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 14-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

2. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlari yuridik shaxslari (O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 14-ilovasining 2 - 4-bandlarida ko’rsatilganlaridan tashqari), dehqon xo’jaliklari (yuridik va jismoniy shaxslar), shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida suv resurslaridan foydalanadigan jismoniy shaxslar uchun 1 kub. metr yer usti suv manbalari uchun 85,4 so’m va yer osti suv manbalari uchun 108,5 so’m miqdorida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to’lashlari belgilandi.

Alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqarishda foydalangan suv hajmlarining 1 kub. metri uchun 13 800 so’mmiqdorida hamda boshqa maqsadlar uchun 1 kub. metr yer usti suv manbalari uchun 85,4 so’m va yer osti suv manbalari uchun 108,5 so’m miqdorida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to’lashlari belgilandi. Bunda mazkur tashkilotlar suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni soliq solish tartibidan (umumbelgilangan yoki soddalashtirilgan soliq solish tartibi) qat’i nazar to’laydilar.

VIII. Yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun soliq va maxsus to’lovlar

a) yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq bo’yicha

Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 15-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 2016 yilda amal qilgan stavkalar darajasida saqlanib qolindi.

b) bonuslar bo’yicha

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 16-1-ilovasiga asosan imzoli bonus stavkalari, 16-2-ilovasiga muvofiq esa tijoratbop topilma bonusi stavkalari tasdiqlangan.

2017 yil uchun:

– foydali qazilmalarni razvedka qilish va qidirish faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun eng kam ish haqining 100 dan 10 000 baravarigacha miqdorda belgilangan imzoli bonusning eng kam stavkalari;

– tijoratbop topilma bonusi stavkasi soliq solinadigan bazaga nisbatan 0,1 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

v) qo’shimcha foyda solig’i bo’yicha

qo’shimcha foyda solig’i stavkasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 17-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

IX. Mol-mulk solig’i bo’yicha

1. Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 18-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan.

Mol-mulk solig’ining bazaviy stavkasi 2017 yilda 5 foiz miqdorida belgilandi.

Belgilangan (me’yoriy) muddatlarda o’rnatilmagan uskunalar uchun mol-mulk solig’i ikki baravar stavkada to’lanadi.

2. Eksport qiluvchi korxonalar uchun mol-mulk solig’i bo’yicha 2016 yilda amal qilgan, realizatsiyaning umumiy hajmida o’zi ishlab chiqargan tovarlar, ishlar, xizmatlarning (ishlarni bajarish, xizmatlar ko’rsatish joyidan qat’i nazar) erkin almashtiriladigan valyutadagi eksporti ulushiga bog’liq holda soliq solishning regressiv shkalasi saqlanib qolindi, bundan O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1997 yil 10 oktyabrdagi PF-1871-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan ro’yxatdagi xom ashyo tovarlari mustasno. Eksport ulushi:

– realizatsiyaning umumiy hajmida 15 foizdan 30 foizgacha bo’lganda, belgilangan stavka 30 foizga pasaytiriladi;

– realizatsiyaning umumiy hajmida 30 foiz va undan ko’p bo’lganda, belgilangan stavka 50 foizga pasaytiriladi.

Bunda belgilangan (me’yoriy) muddatlarda tugallanmagan qurilish va ishga tushirilmagan uskunalar qiymatiga nisbatan pasaytirilgan stavkalar qo’llanilmaydi.

3. Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 19-ilovasiga muvofiq, mol-mulklarning inventarizatsiya qiymatiga nisbatan 1,7 foiz (2016 yil 1,5 foiz) miqdorida belgilandi.

2017 yilda jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi shaharlarda joylashgan, umumiy maydoni 200 kv.metrdan 500 kv.metrgacha bo’lgan turar joy va kvartiralarga 1,8 foizdan 2,1 foizga, maydoni 500 kv.metrdan oshiq bo’lgan turar joy va kvartiralar uchun esa 2,5 dan 2,9 foizga oshirildi.

Boshqa aholi punktlarida joylashgan umumiy maydoni 200 kv.metrdan oshiq bo’lgan turar joy va kvartiralar uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari mol-mulklarning inventarizatsiya qiymatiga nisbatan 2,1 foiz (2016 yil 1,8 foiz) miqdorida belgilandi;

jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish maqsadida mol-mulkning inventarizatsiya qiymati kadastr hujjatlaridan kelib chiqib, biroq 3 000 000 so’mdan kam bo’lmagan miqdordan kelib chiqib hisoblanadi.

Jismoniy shaxslar mol-mulkini baholash bo’yicha organlar belgilagan inventarizatsiya qiymati bo’lmasa, soliq undirish uchun Toshkent shahri va viloyat markazlarida 20 328,0 ming so’m, boshqa shaharlar va qishloq joylarda 8 833,0 ming so’m miqdorida mol-mulkning shartli qiymati saqlanib qolindi.

Ko’chmas mulkka bo’lgan huquqni davlat ro’yxatidan o’tkazuvchi organlarda belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazilmagan yangi qurilgan turar joylar bo’yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mol-mulkning shartli qiymatining ikki baravaridan kelib chiqqan holda undiriladi.

Qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ayrim toifadagi jismoniy shaxslar uchun mol-mulk solig’i bo’yicha imtiyozlarni qo’llash maqsadida soliq solinmaydigan maydon umumiy maydonning 60 kv.m hajmida belgilanadi.

X. Yer solig’i bo’yicha

1. Yer solig’i stavkalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 20-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

Bunda 2017 yil 1 yanvardan boshlab O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 20-ilovasi 6-jadvaliga muvofiq shaharlar va shaharchalarda yer uchastkalari zonalari unifikatsiya qilindi.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 20-ilovasi 7 va 8-jadvallarida keltirilgan stavkalarga yer uchastkalari joylashgan joyidan kelib chiqib, quyidagi koeffitsientlar qo’llaniladi: Toshkent shahri atrofida 20 km radiusda – 1,30, Qoraqalpog’iston Respublikasi poytaxti va viloyat markazlari atrofida 15 km radiusda – 1,20, tuman markazlari atrofida 10 km radiusda – 1,15 va boshqa shaharlar atrofida 5 km radiusda – 1,10.

Er uchastkalarigacha bo’lgan masofa avtomobilь yo’llari bo’yicha shaharlar va tuman markazlarining ma’muriy chegaralaridan boshlab belgilanadi. Agar yer uchastkasi ikki shahar yaqinida joylashgan bo’lsa, shaharning yuqoriroq funktsional vazifasiga muvofiq keladigan koeffitsient qo’llaniladi.

Ushbu koeffitsient yer uchastkalariga bo’lgan huquqni davlat ro’yxatidan o’tkazuvchi organ tomonidan tegishli davlat soliq xizmati organlariga taqdim qilingan ma’lumotlar asosida qo’llaniladi.

Jismoniy shaxslarga tadbirkorlik faoliyati uchun berilgan yer uchastkalaridan soliq yuridik shaxslar uchun tasdiqlangan stavkalar bo’yicha undiriladi.

Ko’p kvartirali uylarda joylashgan yashash uchun mo’ljallanmagan joylar uchun yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yer solig’i yashash uchun mo’ljallanmagan joylarning yer maydonini qavatlar soniga bo’lgan holda hisoblab chiqariladi.

2. Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig’ini hisoblab chiqarishda 5 va 6-jadvallarda keltirilgan bazaviy stavkalar belgilangan normativlar doirasida yer uchastkalariga nisbatan qo’llanadi, belgilangan normativlardan yuqori yer uchastkalari uchun bazaviy stavkalarga esa oshiruvchi koeffitsient - 1,5 qo’llanadi.

Jismoniy shaxslardan undiriladigan yer solig’ini hisoblab chiqarish maqsadida yer uchastkalarining quyidagi normativlari qo’llanadi:

Toshkent sh., Nukus sh. va viloyat bo’ysunuvidagi shaharlar - 0,06 ga;

boshqa aholi punktlari (dehqon xo’jaliklari bundan mustasno) - 0,1 ga.

XI. Yagona yer solig’i bo’yicha

Qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari uchun yagona yer solig’i stavkasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 21-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

Qishloq xo’jaligi tovar ishlab chiqaruvchi yagona yer solig’i to’lovchilari uchun yagona yer solig’i stavkasi yerlarining normativ qiymatiga nisbatan 0,95 foizmiqdorida saqlanib qolindi.

Bunda har bir xo’jalik bo’yicha qishloq xo’jaligi yerlarining normativ qiymati O’zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo’mitasining «O’zdaverloyiha» O’zbekiston davlat ilmiy-loyiha instituti tomonidan belgilanadi.

XII. Mahalliy soliqlar va yig’imlar bo’yicha

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 22-ilovasiga muvofiq, 2017 yil uchun mahalliy soliqlar va yig’imlarning eng yuqori stavkalari quyidagicha belgilandi:

1. Obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig’i sof foydaning 8 foizi miqdorida saqlanib qolindi.

2. Transport vositalariga benzin, dizelь yoqilg’isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq stavkalari quyidagicha belgilandi:

- benzin yoqilg’isi – 1 litr uchun 465 so’m / 1 tonnaga 617 700 so’m;

- dizelь yoqilg’isi – 1 litr uchun 465 so’m / 1 tonnaga 565 000 so’m;

- suyultirilgan gaz – 1 litr uchun 230 so’m/ 1 tonnaga 436 300 so’m;

- siqilgan gaz – 1 kub metr uchun 275 so’m.

Bunda avtomobillarga yoqilg’i quyish shoxobchalari orqali benzin, dizelь yoqilg’isi va suyultirilgan gazni realizatsiya qilishda transport vositalariga benzin, dizelь yoqilg’isi va suyultirilgan gazni ishlatganlik uchun olinadigan soliq 1 litr hisobida, boshqa hollarda esa 1 tonna hisobida hisoblab chiqariladi.

3. Ko’rsatib o’tilgan stavkalar miqdorlari O’zbekiston Respublikasining butun hududida yagona hisoblanadi. Transport vositalari uchun benzin, dizelь yoqilg’isi va gaz iste’moliga soliq stavkalarining qayta ishlashga berilgan benzin va dizelь yoqilg’isi bo’yicha miqdorlari transport vositalari uchun benzin, dizelь yoqilg’isi va gaz iste’moliga soliqni hisobga olgan holda benzin va dizelь yoqilg’isiga chakana narxlar doirasida shakllantiriladi. Vositachilik shartnomalari bo’yicha import qilinadigan qayta ishlashga berilgan xom ashyo asosida ishlab chiqariladigan benzin va dizelь yoqilg’isi hajmi bo’yicha to’lovchilar, transport vositalari uchun benzin, dizelь yoqilg’isi va gaz iste’moliga soliqni hisoblab chiqarish va to’lash tartibi O’zbekiston Respublikasining Moliya vazirligi va Davlat soliq qo’mitasi tomonidan belgilanadi.

4. Ayrim turdagi tovarlar (alkogolli mahsulotlar hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan yasalgan buyumlar) bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig’im stavkalari saqlanib qolindi.

5. Avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash bo’yicha pulli xizmatlarni ko’rsatish huquqi uchun yig’im miqdori 2016 yil darajasida saqlanib qolindi.

6. Yig’im stavkasi yil boshiga – 2017 yil 1 yanvarь holatiga belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (149 775 so’m) kelib chiqib aniqlanadi va yil davomida eng kam ish haqi miqdori o’zgargan taqdirda ham qayta ko’rib chiqilmaydi.

XIII. Davlat maqsadli jamg’armalariga majburiy ajratmalar bo’yicha

1. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi, Respublika yo’l jamg’armasi hamda Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg’armasiga majburiy ajratmalar solish ob’ektlari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 23-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

2. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo’l jamg’armasiga yig’imlar va ajratmalar stavkalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 24-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

3. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga majburiy ajratmalar stavkasi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum hajmiga nisbatan 2016 yil darajasida 1,6 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

4. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo’l jamg’armasiga majburiy ajratmalar stavkasi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum hajmiga nisbatan 2016 yil darajasida 1,4 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

5. O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg’armasiga majburiy ajratmalar stavkasi tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan tushum hajmiga nisbatan 2016 yil darajasida 0,5 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Ta’lim va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg’armasiga majburiy ajratmalar bo’yicha xo’jalik yurituvchi sub’ektlarga qonun hujjatlari bilan oldin berilgan imtiyozlar O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Umumta’lim maktablari, kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar va tibbiyot muassasalarini rekonstruktsiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash jamg’armasiga majburiy ajratmalarga tatbiq etiladi.

XIV. Ijtimoiy jamg’armalarga majburiy to’lovlar

1. Yagona ijtimoiy to’lov stavkasi O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 25-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

2. Mikrofirmalar, kichik korxonalar hamda fermer xo’jaliklari uchun yagona ijtimoiy to’lov stavkasi soliq solish bazasiga nisbatan 2016 yil darajasida - 15 foiz miqdorida saqlanib qolindi.

Bunda mazkur toifa korxonalari uchun yagona ijtimoiy to’lov summasi quyidagi miqdorlarda taqsimlanadi:

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi

14,8 %

Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasi                                                                                

0,1 %

O’zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi

0,1 %

Boshqa to’lovchilar uchun ham yagona ijtimoiy to’lov stavkasi 2016 yil darajasida 25 foiz miqdorida saqlanib qolindi. Bunda yagona ijtimoiy to’lov summasi quyidagi miqdorlarda taqsimlanadi:

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasi                                                                                       

24,8 %

Bandlikka ko’maklashish davlat jamg’armasi

0,1 %

O’zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi

0,1 %

3. 2017 yil uchun fuqarolarning byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasiga sug’urta badallari stavkasi 2016 yilda amal qilgan 7,5 foiz o’rniga 8 foiz miqdorida belgilandi.

XV. Soliq solishning alohida masalalari bo’yicha.

1. Yuridik shaxslar uchun ko’chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlariga soliq solishning amaldagi tartibi saqlab qolinib, unga muvofiq mazkur daromadlar shartnoma bo’yicha o’rnatilgan ijara to’lovi summasidan kelib chiqqan holda, ammo davlat ko’chmas mulkidan foydalanganlik uchun ijara to’lovining eng kam stavkalari bo’yicha hisoblab chiqilgan miqdordan kam bo’lmasligi lozim.

2. Mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to’lovining eng kam stavkalari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 26-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi. Bunda, ijara to’lovining eng kam stavkalari:

turar joyni ijaraga berishda 1 kv.metr uchun Toshkent shahrida – 4 500 so’m (2016 yilda 3 000 so’m), Nukus shahri va viloyatga bo’ysunuvchi shaharlarda – 3 000 so’m (2016 yilda 2 000 so’m) va boshqa aholi punktlarida – 1 500 so’m (2016 yilda 1 000 so’m);

noturar joylarni ijaraga berishda 1 kv.metr uchun Toshkent shahrida – 9 000 so’m (2016 yilda 6 000 so’m), Nukus shahri va viloyatga bo’ysunuvchi shaharlarda – 6 000 so’m (2016 yilda 4 000 so’m) va boshqa aholi punktlarida – 3 000 so’m (2016 yilda 2 000 so’m);

engil avtomobillarga (yo’lovchilar, yuk tashish uchun mo’ljallangan va o’rindiqlari soni haydovchini hisobga olmagan holda 8 ta joydan ko’p bo’lmagan avtotransport vositasi) 1 avtotransport vositasi uchun – 330 000 so’m (2016 yilda 220 000 so’m);

mikroavtobuslar, avtobuslar va yuk avtomobillariga 1 avtotransport vositasi uchun – 645 000 so’m (2016 yilda 430 000 so’m) ijara to’lovining eng kam miqdorlaridan iborat.

3. Mobil aloqa xizmati ko’rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to’lanadigan to’lov 2016 yil amalda bo’lgan har oyga 1 500 so’m o’rniga 2017 yilda 2 000 so’m miqdorda belgilangan bo’lib, mablag’lar O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 27-ilovasiga muvofiq taqsimlanadi.

4. Undirishni soliq to’lovchilarning mol-mulkiga qaratish uchun soliq qarzining eng kam miqdorlari O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 28-ilovasiga muvofiq tasdiqlandi.

Undirishni soliq to’lovchilarning mol-mulkiga qaratishda soliq qarzining eng kam miqdorlari yil boshida – 2017 yilning 1 yanvarida belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan (149 775 so’m) kelib chiqib aniqlanadi va eng kam ish haqi miqdori yil davomida o’zgarganda ham qayta ko’rib chiqilmaydi.

5. Mintaqalarning o’zini-o’zi moliyaviy ta’minlash darajasini oshirish, mahalliy byudjetlarning O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidagi ulushini ko’paytirish maqsadida uchun quyidagi umumdavlat soliqlari va boshqa daromadlar bo’yicha tushumlar:

suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;

yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarning tadbirkorlik faoliyati ayrim turlari bo’yicha qat’iy belgilangan soliq (2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorning 11-ilovasida nazarda tutilgan);

yakka tartibdagi tadbirkorlardan olinadigan qat’iy belgilangan soliq (2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorning 12-ilovasida nazarda tutilgan);

O’zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan pivo va o’simlik yog’iga aktsiz solig’i;

chakana savdo tarmoqlarida sotiladigan oltindan yasalgan zargarlik buyumlariga aktsiz solig’i;

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 27 dekabrdagi PQ-2699-sonli qarorining 29-ilovasiga muvofiq davlat bojlari, yig’imlar va jarimalar to’liq hajmda Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti hamda viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy byudjetlari daromadlariga o’tkaziladi.

6. Mobil aloqa xizmatini ko’rsatuvchi yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to’lovning O’zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga yo’naltiriladigan qismi, abonentning ro’yxatga olingan joyiga qarab Qoraqalpog’iston R