1-iyun ya’ni, yozning 1- kuni xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyo bolalari uchun eng beg’ubor va quvonchli bayram hisoblanadi. Albatta, bola bu dunyo, bu hayot mazmunining ajralmas qismidir. Bolalar o’z tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga bo’lgan qiziqishni uyg’otadilar. Ko’zlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirg’och misoli.

Darhaqiqat dunyoda bolajonlar kulgusiyu, sho’x- shodon qiyqirig’idanda beg’ubor narsaning o’zi yo’q. Tiniq nigohini sizga qadagancha biyron tilida tinmay savol berayotgan murg’ak qalbi bilan olamdagi jamiki ajoyibotlarni o’rganishga, mushohada qilishga urinayotgan bolakayning nurli chehrasiga boqqan har qanday inson hayot tashvishlarini unutadi.

Shu bois ham bolajonlarning sho‘x-shodon o‘yin-kulgusi, quvonchu shodliklariga to‘liq diyorni eng baxtiyor mamlakat deb atashimiz mumkin. Zotan, bolalar kulgusi olamni nurga to‘ldiradi. Bolalar baxtiyor mamlakatda iqbol, saodat, quvonch va shodlik barhayotdir. Jonajon yurtimizda kelajagimiz egalarining kamoliga har jihatdan yuksak e’tibor qaratilib, ularga beqiyos g‘amxo‘rliklar ko‘rsatib kelinmoqda. 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni ana shunday e’tiborning yorqin ifodasi sifatida keng nishonlandi.

Zotan, farzandining saodatli va baxtiyor damlarini mudom ko’rib yashash har bir inson umrining asosiy mazmuni hisoblanadi.