1992-yil 10-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi ekani, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchi ekani qayd etilgan. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta’kidlangan.

Davlat madhiyasining muallifi O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov bo‘lib, musiqasini O‘zbekiston xalq artisti, atoqli kompozitor Mutal Burhonov yaratgan. Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.

O‘zbekistonda mustaqillik yillarida xalqimizning ma’naviyatini yuksaltirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Mutal Burhonov musiqasi 
Abdulla Oripov so'zi

Serquyosh hur o'lkam, elga baxt, najot, 
Sen o'zing do'stlarga yo'ldosh, mehribon! 
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod, 
Shuhrating porlasin toki bor jahon!

Naqarot:

Oltin bu vodiylar - jon O'zbekiston, 
Ajdodlar mardona ruhi senga yor! 
Ulug' xalq qudrati jo'sh urgan zamon, 
Olamni mahliyo aylagan diyor!

Bag'ri keng o'zbekning o'chmas iymoni, 
Erkin, yosh avlodlar senga zo'r qanot! 
Istiqlol mash'ali tinchlik posboni, 
Xaqsevar, ona yurt, mangu bo'l obod!

Naqarot:

Oltin bu vodiylar - jon O'zbekiston, 
Ajdodlar mardona ruhi senga yor! 
Ulug' xalq qudrati jo'sh urgan zamon, 
Olamni mahliyo aylagan diyor!

Aziz yurtdoshlar! “iqtidor.uz” sayti jamoasi Sizlarni O’zbekiston Respublikasi davlat madhiyasi qabul qilinganining 27 yilligi bilan qutlab, doimo yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo’lishini tilab qoladi.