O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o’tkazilgan matbuot anjumanida OTM bakalavriat yo’nalishiga qabul test sinovlarini o’tkazish bo’yicha amalga oshirilgan ishlar, kutilayotgan natijalar va kelgusidagi rejalar haqida ma’lum qilindi.

 

Bu yil OTM bakalavriat yo’nalishida o’qish istagida 1 million 66 ming 925 abituriyent ro’yxatdan o’tdi. Ularning 13 ming 821 nafari kechki ta’lim, 335 ming nafari sirtqi ta’lim shakliga hujjat topshirgan.

Test sinovlari 29 iyul kuni boshlanib, 16 kun davom etadi. Test sinovlari o’tkazilishi uchun 66 bino tayyorlandi, ularning eng kattasi bir vaqtning o’zida 1 ming 710 abituriyentni qabul qiladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi va Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda binolar uchun 1 ming 155 dan ortiq videokuzatuv kamerasi, 120 dona mobil aloqalarini to’suvchi qurilma, abituriyentlar sonidan kelib chiqqan holda metalloramalar, barmoq izi asosida tanish vositalari o’rnatildi.

 

Test sinovlari o’tkaziladigan binolarga zaxira elektr tarmoqlari ulandi. Ota-onalarning kutish joylari uchun soya-salqin joylar belgilandi va ularga maishiy sharoitlar tashkil etildi.

Abituriyentlar va guruh nazoratchilariga ichimlik suvi va ruchkalar xarid qilinib, binolarga tarqatildi. Test sinovi ishtirokchilarini tushlik paytida issiq ovqat bilan ta’minlash uchun shartnomalar tuzildi.

Bugungi kunga qadar 930 mingdan ortiq abituriyent DTMning rasmiy veb-saytidan ruxsatnomalarini olgan. Test jarayonida to’ldirilishi lozim bo’lgan hujjatlar tartibga solindi va abituriyent stoliga qo’yib chiqildi.

Davlat test markazi rahbari Majid Karimovning ta’kidlashicha, bu yil yangi joriy etilgan tizim sababli hujjat topshirish jarayonida abituriyentlardan 53 milliard so’m miqdorida mablag’ to’plangan. Test sinovlarida yaratilayotgan sharoitlar ana shu mablag’ hisobidan amalga oshirilmoqda. 

Manba http://uza.uz saytidan olindi.