Hurmatli abituriyentlar!

Xabaringiz bor, O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining yuridik kollejlariga abituriyentlarning o’qishga qabul qilish haqidagi arizalari yuridik kollejlar qabul komissiyalari tomonidan 2019 yilning 1 iyunidan 20 iyunigacha (shu kuni ham) qabul qilindi.

Hujjat topshira olmagan ko’plab abituriyentlar hamda ularning ota-onalarini murojaatlari bo’yicha Hukumat tomonidan yuridik kollejlarga abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish muddatini joriy yilning 17 avgustigacha davom ettirishga rozilik berildi.

Shunga ko’ra, yuridik kollejlarda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish jarayoni yana boshlanganligini ma’lum qilamiz.

Mamlakatimizning eng nufuzli kollejlaridan biri hisoblangan yuridik kollej o’quvchisiga aylanish imkoniyatingizni qo’ldan boy bermang.

Yuridik kollejlarga hujjat topshirishga marhamat!

 

O’zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchi va xodimlarini ijtimoiy qo’llab-quvvatlashga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risidagi Hukumat qarori qabul qilindi (596-son, 17.07.2019 y.)

Qarorga muvofiq, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va maxsus unvonga ega xodimlariga mamlakatda ishlab chiqarilgan yengil avtotransportlarni sotib olishga imtiyozli kreditlar beriladi.

 Unga ko’ra, yiliga 300 tagacha avtotransport sotib olish uchun quyidagi shartlarda imtiyozli kredit beriladi:

kredit muddati – 5 yilgacha;

dastlabki badal – avtotransport qiymatining 20 foizi miqdorida;

kredit foiz stavkasi – Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasining plyus 2 foiz miqdorida;

kredit bo’yicha ta’minot – sotib olinadigan avtotransport garovga qo’yiladi.

 

Oliy ta’lim muassasalari talabalarining o’qishini qayta tiklash bo’yicha arizalarni topshirish va ko’rib chiqish bir yilda ikki marta amalga oshiriladi (http://lex.uz/docs/3244181#3245844):

o’qishini kuzgi semestrga qayta tiklash bo’yicha ariza topshirish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar;

 o’qishini bahorgi semestrga qayta tiklash bo’yicha ariza topshirish — har yili 15 yanvardan 25 yanvarga qadar davom etadi.

 

Qayta tiklash bo’yicha qaror qabul qilish:

kuzgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 5 avgustdan 30 avgustga qadar;

bahorgi semestrga qayta tiklash uchun — har yili 25 yanvardan 15 fevralga qadar amalga oshiriladi.

 

O’zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 138-moddasiga asosan “Piyodalar va yo’l harakati boshqa ishtirokchilarining yo’l harakati qoidalarini buzishi”

Piyodalarning yo’l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo’ysunmasligi, ularning yo’lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o’tishi, piyodalar yo’lning qatnov qismida, shu jumladan piyodalar o’tish joyida harakatlanayotganda telefondan foydalanishi, kitoblarni yoki davriy nashrlarni o’qishi, videomateriallarni tomosha qilishi hamda audiomateriallarni eshitishi, shuningdek e’tiborni chalg’itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanishi, shuningdek moped va velosiped haydovchilarining, ulovli aravani boshqarib boruvchi va yo’ldan foydalanuvchi boshqa shaxslarning yo’l harakatini tartibga soluvchi signallarga bo’ysunmasligi, ustunlik beruvchi, taqiqlovchi yoki ko’rsatma beruvchi yo’l belgilari talablariga rioya etmasligi —

eng kam ish haqining uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo’ladi.

Haydovchilarga har xil xizmat ko’rsatish maqsadida yo’lning qatnov qismida fuqarolarning turishi, yo’llarga ajratilgan mintaqa tegrasida mol boqish —

eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo’ladi.

Ushbu moddaning birinchi yoki ikkinchi qismida ko’rsatilgan shaxslarning yo’l harakati qoidalarini buzishi avariya holatini vujudga keltirsa, —

eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo’ladi.

Transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda yo’lovchi tomonidan tana qismlarini (qo’ldan tashqari) salondan chiqarish, —

eng kam ish haqining bir baravari miqdorida jarima solishga sabab bo’ladi.

Moped, velosiped haydovchining, ulovli aravani boshqarib boruvchi shaxsning alkogolli ichimlikdan, giyohvand modda ta’siridan yoki o’zgacha tarzda mast bo’lgan holda yo’l harakati qoidalarini buzishi, —

eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo’ladi.