Hukumat qarori (558-son, 04.07.2019-y.) bilan Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish boʻyicha bir qator nizomlar tasdiqlandi.

 Bular:

  Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati toʻgʻrisidagi;

 Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari toʻgʻrisidagi;

 Tumanlar va shaharlardagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari toʻgʻrisidagi.

Bosh vazir qabulxonasi tomonidan murojaatlarni qabul qilishning belgilangan tartibiga koʻra, qabul jadvali asosida Ishchi guruh tomonidan Bosh vazir qabulxonalarida tadbirkorlar hamda chet ellik investorlarni qabul qilish har kuni soat 9.00 dan 13.00 gacha amalga oshiriladi.

Soat 14.00 dan 18.00 gacha kunning birinchi qismida kelib tushgan murojaatlarni umumlashtirish, roʻyxatga olish, yagona portalga kiritish va boshqa funksional vazifalar amalga oshiriladi.

Bosh vazir qabulxonasida murojaatlar ogʻzaki, yozma va elektron shaklda shaxsan yoki pochta aloqa vositasi orqali qabul qilinadi.

Tadbirkorlar va chet ellik investorlar shaxsan murojaat qilgan taqdirda Bosh vazir qabulxonasida navbat boʻyicha tartib raqamini oladi va kutish uchun ajratilgan joyda xodimning chaqirishini kutadi.

 

Ish beruvchi mehnat shartnomasi tuzish chog‘ida dastlabki tarzda va keyinchalik (ish davomida) vaqti-vaqti bilan quyidagi xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qilishi shart: (http://lex.uz/docs/142859#144920):

 o‘n sakkiz yoshga to‘lmaganlar;

 oltmish yoshga to‘lgan erkaklar, ellik besh yoshga to‘lgan ayollar;

 nogironlar;

 mehnat sharoiti noqulay ishlarda, tungi ishlarda, shuningdek transport harakati bilan bog‘liq ishlarda band bo‘lganlar;

 oziq-ovqat sanoatida, savdo va bevosita aholiga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tarmoqlardagi ishlarda band bo‘lganlar;

 umumta’lim maktablari, maktabgacha tarbiya va boshqa muassasalarning bevosita bolalarga ta’lim yoki tarbiya berish bilan mashg‘ul bo‘lgan pedagog va boshqa xodimlari.

Xodimlar tibbiy ko‘riklardan o‘tishdan bo‘yin tovlashga haqli emaslar.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan yoki tibbiy komissiyalarning tekshiruvlar natijasida bergan tavsiyalarini bajarishdan bo‘yin tovlagan xodimlarni ish beruvchi ishga qo‘ymaslikka haqlidir.

Xodimlarning mehnatidan ularning sog‘lig‘i holatiga to‘g‘ri kelmaydigan ishlarda foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Agar xodim o‘z sog‘lig‘ining holati mehnat sharoiti bilan bog‘liq holda yomonlashgan deb hisoblasa, u navbatdan tashqari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni talab qilishga haqlidir.

Tibbiy ko‘riklardan o‘tilishi munosabati bilan xodimlar chiqimdor bo‘lmaydilar.

 

Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shikoyat bergan shaxs davlat boji toʻlashdan ozod etiladi (http://lex.uz/docs/-97664#201596).

 

Tovarni sotishda xaridorga mustaqil ravishda yoki sotuvchi xodimning yordamida zarur tovarlar bilan tanishish, tosh-tarozining toʻgʻriligini, unga berilgan tovarning oʻlchamini tekshirish imkoni berilishi kerak (http://lex.uz/docs/-243235#466758).

Xaridor tavsiya etilayotgan tovarni koʻzdan kechirishga, agar tovarning xususiyati buni istisno etmasa va mazkur Qoidalar talablariga zid boʻlmasa, oʻzining hozirligida uning xossalarini tekshirishni yoki uning harakatlari namoyish qilinishini talab qilishga haqlidir.

Sotuvchi agar tekshirish texnik reglamentlar va standartlarining majburiy talablarida yoki shartnoma shartlarida nazarda tutilgan boʻlsa sotish uchun tavsiya qilinayotgan tovarning sifatini va xavfsizligini (koʻrib chiqish, sinov, analiz, ekspertiza) tekshirishga majburdir.

 

Avtobusda quyidagilar taqiqlanadi (http://lex.uz/docs/-246740):

 yoʻlovchilarning mast holda yurishi;

 alkogol va tamaki mahsulotlarini isteʼmol qilish;

 haydovchi (konduktor)ning ruxsatisiz oynalarni ochish;

 oynadan tashqariga osilish;

 tez yonuvchan, portlovchi, zaharlovchi, zaharli, qoʻlansa, radioaktiv moddalar va ashyolarni, gʻilofsiz oʻq otar qurol, tigʻli va keskir ashyolarni olib yurish;

 oʻlchami 100 sm x 50 sm x 30 santimetrdan katta yoki bitta oʻrin uchun ogʻirligi 60 kilogrammdan ortiq buyumlarni, shuningdek uzunligi 200 santimetrdan ortiq boʻlgan buyumlarni olib yurish;

 salonni yoki yoʻlovchilarning kiyimlarini iflos qiluvchi buyumlar va ashyolarni olib yurish.

 

Ish vaqtining uchdan bir qismi yuklarni ko’tarish va tashish bilan bog’liq ishlardan iborat bo’lganda, o’n olti yoshdan o’n sakkiz yoshgacha bo’lgan shaxslarning yuk ko’tarish va tashish normalarining chegarasi quyidagicha etib belgilanadi (http://www.lex.uz/acts/1479061):

 

 qo’lda o’g’il bolalar 13 kg gacha, qiz bolalar 7 kg gacha;

 bir g’ildirakli aravachada o’g’il bolalar 39 kg gacha, qizlarga ruxsat etilmaydi;

 ikki g’ildirakli aravachada o’g’il bolalar 47 kg gacha, qizlarga ruxsat etilmaydi;

 uch va to’rt g’ildirakli aravachada o’g’il bolalar 67 kg gacha, qiz bolalar 52 kg gacha;

 vagonetkalarda o’g’il bolalar 405 kg gacha, qiz bolalar 224 kg gacha.

 

Hukumat qarori (563-son, 05.07.2019 y.) bilan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filiali tashkil etildi

Qarorga muvofiq, psixologiya, pedagogika, matematika va tabiiy fanlar, mexanika va boshqa ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlash Filialning asosiy vazifalaridan etib belgilandi.

Shuningdek, Filial psixologiya sohasida Rossiya Federatsiyasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma dasturlar asosida malakali kadrlar tayyorlaydi.

2019/2020 o‘quv yilida Filialga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining qarori bilan tasdiqlanadi.

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

 

Qonunchilikka (http://lex.uz/docs/-3803253) muvofiq quyidagilar jamoat joylari hisoblanadi:

 statsionar savdo ob’ektlari, umumiy ovqatlanish korxonalari;

 kinoteatrlar, teatrlar, sirklar, konsert, ko‘rik va ko‘rgazma zallari hamda ommaviy dam olish uchun yopiq inshootlar;

 klublar, diskotekalar, kompyuter zallari, Internet xizmatlari ko‘rsatish uchun jihozlangan xonalar yoxud boshqa ko‘ngilochar joylar;

 muzeylar, axborot-kutubxona muassasalari va ma’ruzaxonalar;

 mahalliy va uzoqqa qatnaydigan poyezdlar, shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlari, daryo kemalari, shahar, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro qatnaydigan avtobuslar, taksilar, yo‘nalishli taksilar hamda shahar elektr transporti, havo kemalari;

 yer osti o‘tish joylari, transport bekatlari va avtotransport vositalarini vaqtinchalik saqlash joylari;

 aeroportlarning, temir yo‘l, avtomobil vokzallarining va suv transporti bekatlarining binolari;

 davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, xo‘jalik boshqaruvi organlarining, shuningdek korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning binolari;

 sog‘liqni saqlash tizimi muassasalari va tashkilotlari, ta’lim muassasalari, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlari;

 ish joylari bo‘lgan xonalar;

 ko‘p kvartirali uylarning yo‘laklari, shuningdek uylar oldi hududida joylashgan bolalar va sport maydonchalari;

 xiyobonlar, bog‘lar, ko‘chalar va boshqa joylar.

 Jamoat joylarida, shu jumladan quyidagilar taqiqlanadi:

 tamaki mahsulotlarini iste’mol qilish, shuningdek chilim va elektron sigaretalar chekish;

 uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarni sodir etish;

 alkogol mahsulotini iste’mol qilish;

 tilanchilik qilish;

 ro‘yxatdan o‘tkazilmagan bayroqlar va vimpellardan foydalanish;

 it va mushuklarni tumshuqbog‘siz va yetovsiz olib yurish.

Jamoat joylarida mazkur xatti-harakatlarni sodir etish ma’muriy (http://lex.uz/docs/-97664) yoki jinoiy (http://lex.uz/docs/-111453) javobgarlikka sabab bo‘ladi.

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi

Qaror bilan davlat mustaqilligining 28 yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha respublika komissiyasi tasdiqlandi.

Komissiya “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot ishlari dasturini ishlab chiqadi.

Istiqlolni tarannum etadigan eng yaxshi qoʻshiq va musiqa asarlari uchun “Yagonasan, muqaddas Vatan!” respublika tanlovining yakuniy bosqichi oʻtkaziladi.

Tanlov gʻoliblari va sovrindorlari Mustaqillik bayrami arafasida eʼlon qilinadi va taqdirlanadi.

Shuningdek, “Eng ulugʻ, eng aziz”, “Ranglar jilosida – ona diyor”, “Vatan uchun yashaylik!” kabi anʼanaviy koʻrik-tanlovlar oʻtkaziladi.

 

 

Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Qonun Prezident tomonidan imzolandi (O‘RQ–548, 08.07.2019 y.)

 Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, shaxsga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda yig‘ish, tizimlashtirish, saqlash, o‘zgartirish, to‘ldirish, foydalanish, berish, tarqatish, uzatish, egasizlantirish va yo‘q qilish:

 fuqarolarga eng kam oylik ish haqining 3 baravaridan (608 ming 190 so‘mdan) 5 baravarigacha (1 mln 13 ming 650 so‘mgacha);

 mansabdor shaxslarga 5 baravaridan (1 mln 13 ming 650 so‘mdan) 10 baravarigacha (2 mln 27 ming 300 so‘mgacha) jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng sodir etilsa, eng kam oylik ish haqining 50 baravarigacha (10 mln 136 ming 500 so‘mgacha) jarima yoki 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Mazkur javobgarlik choralari 2019 yil 1 oktyabrdan kuchga kiradi.

Qonun bilan Milliy gvardiya organlari ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘ruvchi hamda surishtiruv organlari qatoriga kiritildi.