Tarvuzning tarkibida glyukoza, fruktoza va saxaroza ko’rinishida to’planadigan 12 foizgacha yengil o’zlashtiriladigan qandlar mavjud. Shuningdek, unda C, B1, B2, A, foliy kislotasi, pektin moddalari, karotinoidlar, kaliy tuzlari, temir, magniy va kalsiy moddalari, aminokislotalar ham bor.

Sharq tibbiyotida

Tarvuz qadimdan dori vositasi sifatida qo’llanilgan.Olim va tabib Mahammad A’zamxonning “Buyuk ummon” asarida tarvuzni yilning issiq davrida paydo bo’ladigan kuydiruvchi bezgakda foydalanish haqidagi ma’lumotlar keltiriladi. Tarvuzni jigar kasalliklarida, qon quyulib qolishida va organizmdan shlaklarni chiqarishda qo’llashgan. O’rta asrlarda arablar “agar tarvuz muntazam ravishda ovqatdan oldin tanovul qilinsa, badanni tozalash va undagi kasalliklarni olib chiqish” xususiyatiga ega bo’lishi haqida gapirishgan. Qadimgi hind tabiblari sanskrit yozma manbalarida tarvuz butun organizmni yumshatishi va peshob haydovchi vosita sifatida yaxshi ekanini ta’kidlashadi.

Tarvuzning sutkalik me’yori qancha?

Turli ilmiy manbalarga qaraganda, organizmda suyuqliklarni ushlab turmasdan kechadigan buyrak toshi, sistit, nefrit va piyelonefrit kasalliklarida sutkasiga 2,5 kg gacha tarvuz tanovul qilish tavsiya etiladi. Tarvuz buyraklar va peshob yo’llarini achishtirmaydi.

Diabetda tarvuz iste’moli

Shifobaxsh ozuqa sifatida kamqonlikda qo’llaniladi, tarkibidagi fruktoza esa qonda qand moddasi ko’p bo’lganida ham organizm tomonidan yaxshi o’zlashtiriladi, shu bois uni qandli diabetda ham tanovul qilish mumkin.

Tarvuz xarid qilayotganda e’tiborli bo’ling!

Aytish joizki, poliz ekinlarini yetishtirishda unga beriladigan ortiqcha azotli o’g’itlar tarvuzlarning ozuqaviylik va shifobaxsh xususiyatlariga salbiy ta’sir ko’rsatishi mumkin. Savdoga chiqariladigan tarvuzlar sanitariya-epidemiologiya xizmatlari tomonidan kimyoviy tahlildan o’tkaziladi. Shuning uchun poliz mahsulotlarini xarid qilayotganda sotuvchilardan tegishli sertifikat bor-yo’qligini so’rash maqsadga muvofiq.

Uni xarid qilishda nimalarga e’tibor berishni hamma ham bilmasligi mumkin.

Demak, bozorda tarvuz tanlayotganda quyidagilarga diqqat qarating:

 

  • tarvuz katta bo’lsin, biroq og’ir bo’lmasin;
  • siqib ko’rganda qarsillashi kerak;
  • chertib ko’rganda bo’g’iq va jarangsiz ovoz chiqarishi kerak;
  • tilingan va yorilgan joylari bo’lmasin;
  • tarvuzning bandi quruq bo’lsin;
  • yonboshida o’rtacha kattalikdagi sariq dog’ bo’lishi kerak, ushbu dog’ oq bo’lmasligi zarur;
  • tarvuzning ustki qavati yaltiroq bo’lishi, jilosiz va xira bo’lmasligi lozim;
  • ustidagi yo’l-yo’l chiziq aniq-tiniq ko’rinib turishi kerak;
  • yetilgan tarvuzning po’sti osongina tirnaladi — tirnog’ingiz yordamida po’stloqning ustki qavatini shilib olish mumkin;
  • tarvuz suv to’ldirilgan idishga solinganida, yuzaga qalqib chiqsa — pishgan, cho’kib ketsa — xom bo’ladi.

Bundan tashqari, tarvuz qanday joyda sotilayotganini ham e’tiborga olish zarur. Chunonchi, savdo nuqtasi ayvonli bo’lishi, tarvuzlar soyabon bilan quyoshdan to’silgan bo’lishi lozim. Tarvuzlar yerdan kamida 20 santimetr balandlikdagi maxsus taglik ustiga joylangan bo’lishi kerak.

Manba: Darakchi.uz